Hukumat 28 yilga cho‘zilgan lotin alifbosiga o‘tishni "tezlashtirish" bo‘yicha topshiriq berdi

Bosh vazir farmoyishiga binoan 1 - avgustgacha barcha peshlavhalar yangi alifboda yozilishi lozim.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti mulozimining Ozodlikka ma’lum qilishicha, Bosh vazir Abdulla Aripov lotin yozuvidagi o‘zbek alifbosiga o‘tish bo‘yicha 2010 - yilgacha qilinmagan ishlarni Mustaqillik bayrami munosabati bilan 1 - avgustgacha bitirish to‘g‘risida farmoyish bergan.

Oldinroq mahalliy nashrlar hukumat rahbari barcha vazirlik, idora va tashkilotlar hamda mahalliy hokimliklarga lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tishni tezlashtirish bo‘yicha topshiriq bergani to‘g‘risida xabar qilgan edi.

Hukumat rahbarining o‘zi tasdiqlagan “Yo‘l xaritasi”dagi muddatlarni buzadigan bu topshirig‘i, yangi o‘zbek alifbosi islohoti hali yakuniga yetmagan bir paytda berildi.

Vazirlar Mahkamasining 2021 - yil 10 - fevraldagi qarori bilan lotin alifbosiga to‘liq bosqichma-bosqich o‘tish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangan.

Rejaga muvofiq, hozirda kirill alifbosida yuritiladigan barcha joy va ko‘cha nomlari, atamalar, tashkilotlarning nomlari, peshlavhalar, ommaviy targ‘ibot vositalari, reklama va e’lonlar, ish qog‘ozlari va turli blanklar 2022 - yil dekabriga qadar lotin yozuviga o‘tkazilishi lozim edi.

Bu yo‘nalishda qachon va qanday ishlar amalga oshirilishi “Yo‘l xaritasi”ning “Yangi alifbodagi yozuvda ish yuritishga to‘liq o‘tish” deb nomlangan IV bobida belgilab qo‘yilgan.

Bosh vazir o‘zi imzolagan “Yo‘l xaritasi”ga o‘zi rioya qilmayotganini gazeta.uz izohlar ekan, bunday yozdi: “Bosh vazir qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan ushbu vazifani shu yilning 1 - avgustiga qadar bajarish topshirildi”.

Bosh vazir Abdulla Aripovning farmoyishi. Lotin yozuvi asosidagi alifboga o‘tishni jadallashtirishga qaratilgan farmoyish kirill yozuvida bitilgan.

Bosh vazirning qo‘lini bog‘lagan o‘z qarori

Rejada belgilab qo‘yilgan muddatlarni ertaroqqa ko‘chirish yillardan buyon davom etib kelayotgan qo‘shyozuvlilik muammosiga tezroq barham berish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib tuyulishi mumkin.

Biroq muddatlarni ko‘chirishga “Yo‘l xaritasi”ning o‘zi rasman izn bermaydi. Rejaning I bob, 2-bandida “lotin yozuvidagi o‘zbek alifbosining yangi tahriri asosida “O‘zbek tilining imlo qoidalari”ni tasdiqlash bo‘yicha hukumat qarori loyihasini ishlab chiqish” vazifasi qo‘yilgan va qaror loyihasi 2021 - yilning oktabrida tayyor bo‘lishi lozim.

Demak, hozircha, o‘zbek tilining yangi imlo qoidalari yo‘q. Mana shunday sharoitda hukumat Mustaqillik bayramigacha barcha yozuvlarni total “lotinlashtirmoqchi”. Shu kungacha “lotinlashtirilgan”va bayramgacha “lotinlashtiriladigan” yozuvlar esa, mutaxassislarning fikricha, yangi imlo qoidalari qabul qilingach, ularga mos kelmaydi, ya’ni “kutilgan” xatolar paydo bo‘ladi.

Muhokamasi cho‘zilib ketgan alifbo islohoti

Yangi imlo qoidalariga zarurat lotin yozuvi asosidagi o‘zbek alifbosining tahriri bilan bog‘liq. Bu masala esa, hanuz hal bo‘lmagan.

“Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi shu yilning 16 - martida muhokama uchun e’lon qilingan edi.

Lotin yozuvi asosidagi o‘zbek alifbosining shu kunda muhokama jarayonida bo‘lgan yangi varianti.

28 harf va 1 ta harflar birikmasidan iborat bo‘ladigan yangi tahrirdagi o‘zbek alifbosida o‘, g‘ harflari, shuningdek, sh, ch qo‘shharflarini yangicha ko‘rinishda yozish taklif qilingan.

10 - may kuni lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta’minlash bo‘yicha respublika ishchi guruhi qonun loyihasi muhokamasini shu yilning 1 - noyabrigacha davom ettirishga qaror qildi.

Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mutaxassisi Sahobiddin Musayevning Ozodlikka aytishicha, to‘liq lotinlashtirish uchun belgilangan yangi muddat 2023 - yilning 1 - yanvari:

“Qonun loyihasi mart oyida e’lon qilinganidan so‘ng keng muhokama qilindi. Muhokamaga qatnashganlarning 56 foizi o‘zgartirilayotgan harflarni asosan qo‘llagan, 32 foizi qarshi chiqqan. Shundan so‘ng soha olimlari taklifi bilan qonun loyihasi muhokamasi 1 - noyabrgacha cho‘zildi. Muhokama shu kunda davom etyapti. Shundan so‘ng loyiha Oliy Majlisga ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladi. 2023 - yil 1 - yanvardan boshlab lotin yozuvi asosidagi o‘zbek alifbosida to‘liq ish yuritishga butun mamlakat bo‘ylab o‘tish nazarda tutilgan”.

Bosh vazirning farmoyishi xatolarni urchitib yubormaydimi?

Alifboning yangi tahriri, demakki yangi imlo qoidalari tasdiqlanmagan ekan, bosh vazirning barcha joy va ko‘cha nomlari, atamalar, tashkilotlar nomlari, peshlavhalar, ommaviy targ‘ibot vositalari, reklama va e’lonlar, ish qog‘ozlari va turli blanklarni lotin yozuviga o‘tkazishni tezlashtirish talabi to‘g‘rimi? Bir necha oydan keyin yangi imlo qoidalari tasdiqlangach, joy nomlari va hokazolarda imlo xatolari “bolalab” ketadiku?!

Ozodlikning bu savoliga Davlat tili departamenti mutaxassisi Sahobiddin Musayev bunday javob berdi:

“Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tish to‘g‘risidagi qonun 1993 - yilda qabul qilinganidan xabaringiz bor. Keyin o‘tish muddati deb 2000 - yilning 1 - sentabri belgilandi. Undan keyin 2005 - yil, 1 - sentabr yangi muddat qilib ko‘rsatildi. Keyin yana 5 yilga jildi. Shu muddatlar orasida rejalar tasdiqlandi. 2010 - yil 1 - sentabrga qadar barcha ko‘cha nomlariyu peshlavhalardan tortib, ish qog‘ozlarigacha yangi alifboga ko‘chishi kerak edi. Tahlillar shuni ko‘rsatyaptiki, bu sohada kamchiliklar bor. Bosh vazirning ko‘rsatmasi shu kamchiliklarni bartaraf qilishga taalluqli”.

Yangi tahrirdagi alifbo qabul qilingach, shu kunda yoziladigan joy nomlariyu peshlavhalarni, ularda xato paydo bo‘lib qolgani uchun almashtirish zarurati paydo bo‘ladi, shuning uchun shoshilmay tursa bo‘lmaydimi, degan savolga javoban Davlat tili departamenti mutaxassisi “Bosh vazir ko‘rsatmasi shu kungacha yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan”, degan gapni takrorladi.

O‘zbek yozuvini kirilldan lotinga o‘tkazishga doir ilk hujjat imzolanganiga 28 yil bo‘ldi. 1993 - yili qabul qilingan qonunga binoan o‘zbeklar lotin yozuviga asoslangan yangi alifboga bundan 11 yil muqaddam to‘la o‘tib bo‘lgan bo‘lishi kerak edi.

1929 - yilda Sovet Ittifoqida musulmon ozchiliklar tomonidan foydalanib kelingan an’anaviy arab alifbosi lotin alifbosi bilan almashtirilgan.

1940 - yilga kelib esa, lotin alifbosi rus tilida qo‘llaniladigan kirill alifbosiga almashtirilgandi.