Huquq faollari O‘zbekiston MTRKning konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilganini iddao qilmoqda

Namanganda hokimiyat binosini bosib olgan "Islom lashkarlari" rahbari Tohir Yo‘ldosh va uning yonida cho‘kkalab o‘tirgan prezident Islom Karimov (1991-yil dekabrida olingan videodan skrinshot)

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining appelyatsiya sudlov hay’ati 21-avgust kuni quyi instansiya sudi tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 159-moddasi (Konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish) bilan ayblanib, shartli ravishda 2,5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan Sevara Shaydullayevaga nisbatan hukmni o‘z kuchida qoldirdi. Bu haqda O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati ijtimoiy tarmoqlardagi o‘z sahifasi orqali ma’lum qildi.

Jinoyat ishi materiallariga ko‘ra, Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida yashovchi fuqaro Sevara Shaydullayeva 2023-yilning sentyabr oyida otasining telefon apparatiga 1991-yilda Namanganda prezident Islom Karimovning mahalliy hokimiyat binosini bosib olgan islomchilar rahbari Tohir Yo‘ldosh bilan tarixiy muloqoti aks etmish video havolasini yuborgan.

Bundan o‘n yil muqaddam tarmoqqa joylashtirilgan va hozirgacha 7 million martadan ko‘proq ko‘rilgan “Legendarnaya s’emka. Taxir Yuldash i Islam Karimov v Namangane v 1991 godu” deb ataluvchi mazkur video Shaydullayevaning konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darishga qaratilgan jinoyati o‘laroq e’tirof etilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining apellyatsiya hay’ati majlislarida ishtirok etgan “Ezgulik” faoliga ko‘ra, sud hay’atiga jamiyat tomonidan mazkur ko‘rsatuvning O‘zbekiston teleradiokompaniyasi telekanallari orqali efirga uzatilgani, efir soatlari haqidagi ma’lumotlarni taqdim qilgan.

“Agar bu materialda konstitutsion tuzumni ag‘darishga qaratilgan chaqiriqlar bo‘lib, videokontent ekstremistik deb topilgan bo‘lsa, huquqni muhofaza qilish organlari kanallar ustidan xuddi shu tartibda jinoyat ishi qo‘zg‘ashi kerak bo‘ladi”, dedi jamiyat faoli Abdurahmon Tashanov.

Sud materiallarida mazkur videokontentning ekstremistik xarakterga ega ekani haqidagi tegishli sud ekspertizalari mavjud.

Tashanovga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining protsessual qonunchiligi ekstremistik materiallarni tarqatgan har qanday shaxs yoki muassasaga nisbatan jinoiy ta’qibni taqazo qiladi. Qonunchilikda jinoiy ta’qib har bir shaxs yoki boshqalarga nisbatan teng amalga oshirilishi belgilangan.

Mazkur qonun normalaridan kelib chiqib, ekstremistik materialni millionlab tomoshabinlarga ulashgan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi javobgarlikka tortilishini talab qilamiz”, dedi Tashanov.

Jinoyat ishida mavjud Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumani prokurori A. G‘aniyev tomonidan tasdiqlangan ayblov xulosasida (nusxasi Ozodlikda mavjud – tahr.) aytilishicha, mazkur video sudga oid dinshunoslik ekspertizasi xulosasiga ko‘ra ekstremistik, ta’qiqlangan va konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilishni ifodalaydi.

Ekspertlar fikricha, O‘zbekiston Oliy sudining 2016-yil 26-sentyabridagi qaroriga asosan ekstremist deb tan olinganlar ro‘yxatida AQSHning Afg‘onistondagi aksilterror kuchlari tomonidan yo‘q qilingan "O‘zbekiston islomiy harakati" yetakchisi Tohir Yo‘ldosh ham bor va uning har qanday chiqishi yoki tasvirlari tuzumga nisbatan tajovuzdir.

Ijtimoiy tarmoqdagi mazkur ochiq videoda O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning norozilik namoyishi o‘tkazayotgan olomon va ularning yo‘lboshchisi Tohir Yo‘ldosh bilan muloqoti aks etgan.

Miting davomida Tohir Yo‘ldosh va uning tarafdorlari musulmonlarning siyosiy hayotda ishtirok etishiga ruxsat berish, juma kunini dam olish kuni etib belgilash va O‘zbekistonni islomiy davlat deb e’lon qilish masalasini parlament muhokamasiga qo‘yish singari talablarni ilgari surishgan.

Prezidentlikka nomzod Islom Karimov oldinroq hokimiyat binosiga yig‘ilgan saylovchilar bilan uchrashmagani uchun ulardan kechirim so‘ragan va musulmonlarning talablarini tegishli ravishda ko‘rib chiqish, jumladan, O‘zbekistonni islomiy davlat deb e’lon qilish masalasini deputatlar bilan muhokama qilishga va’da bergan.

Videolavhalarda o‘sha paytdagi hukumat a’zolari, jumladan, Islom Karimovning maslahatchisi Ismoil Jo‘rabekov ham aks etgan.

Huquq faoliga ko‘ra, qonuniy ta’qiblar amaliyotidagi bunday yondashuv "jamiyatning totalitarlashuviga va huquqiy nigilizmga olib keladi".