Huquq-tartibotchilarni tasvirga olishni ta’qiqlashga oid qonun qaytarildi

Senat tomonidan rad etilgan qonun loyihasida huquq-tartibotchilarni xizmat paytida surat yoki videoga olganlarni 15 sutkagacha qamoq bilan jazolash ko‘zda tutilgan edi

Oliy Majlis Senati 16-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini qaytarib yubordi. Bu haqda Senat matbuot xizmati ma’lum qildi.

Parlament yuqori palatasining muhokamasiga qo‘yilgan mazkur qonun loyihasida yo‘l harakati xavfsizligi xizmati va boshqa huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarini xizmat paytida “obro‘sizlantirish” maqsadida foto va videoga olishni ta’qiqlash va bunday huquqbuzarlikni sodir etgan shaxsga nisbatan qonuniy ta’qib aks etgandi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan mazkur qonun loyihasi tashabbuskori O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bo‘lib, qonun kuchga kirsa, IIO yoki boshqa huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarini xizmat paytida surat yoki videoga olgan kishilarni 15 sutkagacha qamoq bilan jazolash uchun huquqiy asos paydo bo‘lar edi.

Ismini ochiqlamaslik sharti bilan Ozodlikka gapirgan Senat a’zosiga ko‘ra, endilikda Qonunchilik palatasi bilan kelishuv komissiyasi tuziladi va qonun qabul qilinadi.

“Mazkur qonun konstitutsiya normalariga zid degan muhokamalar bo‘ldi hamkasblarimiz orasida. Ammo, shunga qaramay, bu qonun qabul qilinsa kerak”, dedi senator.

Huquq-tartibotchilarni xizmat paytida foto va videoga olishni ta’qiqlashga oid qonun loyihasi avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan edi.