Xalqaro qiynoq qurbonlarini dastaklash kuni bo‘lgan 26-iyunda bir necha huquqbonlik tashkiloti Markaziy Osiyo mamlakatlari hukumatlarini qiynoq va ayovsiz muomalaga barham berish uchun konkret chora-tadbirlar qabul qilishga chaqirdi.
Qozog‘iston va Tojikistondagi qiynoqlarga qarshi koalitsiya, Markaziy Osiyoda inson huquqlari assotsiatsiyasi (AHRCA, qarorgohi Fransiyada), Turkmaniston inson huquqlari tashabbusi (qarorgohi Avstriyada), Inson huquqlari bo‘yicha Xelsinki jamg‘armasi va Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro hamkorlik kabi tashkilotlar o‘z qo‘shma bayonotida Markaziy Osiyoning besh mamlakatida qiynoqlar keng yoyilgani va jazosiz qolayotganini ta’kidlashgan.
“Siyosiy sabablarga ko‘ra qo‘lga olingan mahbuslarni qiynoqqa solish muammosi ayniqsa dolzarb bo‘lib turibdi. Mamlakatlar qonunchiligida qog‘ozda ijobiy o‘zgarishlar bo‘layotganiga qaramay, amalda Markaziy Osiyo davlatlari mazkur muammo bilan kurashish uchun yetarli chora ko‘rmayaptilar”, deb hisoblashadi huquqbonlar.
Ular Qozog‘istonda 2022-yildagi Yanvar voqealaridan so‘ng qiynoqlar bo‘yicha yuzlab shikoyat kelib tushgani, biroq bu shikoyatlar bo‘yicha jinoyat ishlarining aksariyati yopilgani, aybdorlar esa topilmaganini qayd etishgan. Huquq faollari rasmiylar tomonidan o‘tkazilgan tergovlar xalqaro standartlarga javob bermaganini aytishgan.
Huquqbonlar o‘z bayonotlarida Qirg‘izistonda “Kampirobod ishi” va Temirov Live nashri jurnalistlariga qarshi, Tojikistonda Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatidagi norozilik chiqishlari ishtirokchilariga qarshi, Turkmanistonda qamoqxonadagi mahkumlarga qarshi qiynoq qo‘llanilganiga e’tibor qaratishgan.
O‘zbekistondagi qiynoq holatlariga to‘xtalar ekan, huquqbonlar g‘ayriinsoniy muomalaga duch kelgan Dmitriy Ivanus, Denis Nikolayev, Aleksandr Trofimov va Shohida Solomonova kabi fuqarolar keyslarini misol o‘laroq keltirgan.
Huquq faollari Markaziy Osiyo mamlakatlari rasmiylarini qiynoq muammosi ko‘lamini tan olish, jinoyat ishlari va tergovlar bo‘yicha keng ko‘lamli statistikani e’lon qilish, mustaqil kuzatuvchilarning qamoqxonalarga kirishiga imkon berish, BMTning tegishli mexanizmlari bilan konstruktiv hamkorlik qilish va tizimda tomir yoygan qiynoq muammosini shaffof ravishda hal qilish, huquq-tartibot idoralari va qamoqxonalar xodimlarining BMT organlari va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikka o‘rgatish yo‘li bilan qiynoqlarga zudlik bilan barham berishga chaqirishgan.