Husiylar Qizil dengizda ikkita neft tankeriga hujum qilishdi

Qizil dengizda husiylar hujumiga uchragan tanker (arxiv surati)

Eron tarafidan dastaklanayotgan yamanlik husiylar 2-sentyabr kuni Qizil dengizda ikkita neft tankeriga hujum uyushtirishgan. “Amerika ovozi” xabariga ko‘ra, bu haqda amerikalik harbiylar ma’lum qilishgan, ular hujumlarni “o‘ylamay amalga oshirilgan terror xuruji” deb atashgan.

Hujumga uchragan Amjad tankeri Saudiya Arabistoni bayrog‘i ostida, Blue Lagoon tankeri esa Panama bayrog‘i ostida suzib ketayotgan bo‘lgan.

AQSH Markaziy qo‘mondonligi husiylar tankerlarga ikkita ballistik raketa va kamikadze droni bilan hujum qilib, ikkala kemaga shikast yetkazganini ma’lum qilgan. Qo‘mondonlik bayonotiga muvofiq, Amjad bortida ikki million barrelga yaqin neft bo‘lgan.

Reuters agentligining ikki manbasi zarba chog‘ida tankerlar yonma-yon suzib borayotganini ma’lum qilishgan. Kemalar jiddiy shikast olmay, yo‘lida davom etishga muvaffaq bo‘lishgan. Hodisa chog‘ida hech kim halok bo‘lmagani aytilmoqda. Ayni paytda agentlik manbalaridan biri zarbaning bevosita hadafi Amjad tankeri bo‘lgani yuzasidan shubha bildirgan.

Dushanba oqshomida Blue Lagoon tankeriga hujum uchun mas’uliyatni o‘z zimmalariga olishgan, biroq ular o‘z bayonotlarida Saudiya tankerini zikr etishgan emas, deya xabar qilgan Reuters.

AQSH Markaziy qo‘mondonligining boshqa bir bayonotida amerikalik harbiylar Yamanning husiylar nazorati ostida bo‘lgan hududida ikkita raketa tizimini muvaffaqiyat bilan yo‘q qilishgani aytilgan. Qo‘mondonlik qaydicha, bu tizimlar mintaqadagi savdo kemalariga hamda AQSH va koalitsiya kuchlariga “bevosita tahdid manbasi” bo‘lib kelayotgan edi.