Ichki ishlar vazirligi kvadroberlarning ota-onalarini ogohlantirdi

Kvadroberlar (illyustrativ surat)

O‘zbekistonda hayvonlarning xatti-harakatlariga taqlid qiluvchi kvadroberlar paydo bo‘ldi.

Ichki ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, Toshkent shahrida 10-oktyabr kuni hayvon niqobini taqib olgan kvadrober ko‘rinish bergan. 11-oktyabr kuni yana bir kvadrober yo‘lovchilarga itga taqlidan hujum qilgan. Voqeaga guvoh bo‘lgan bola qattiq qo‘rqib ketgani aytilmoqda.

Ekspertlar fikricha, kvadroberlik bola o‘ziga hayvonlarning agressiv harakatlarini qabul qilishiga, o‘zini va atrofdagilarni jarohatlashiga, bolaning hali to‘la shakllanmagan psixikasiga zarar yetishiga hamda uning jamiyatdan ajratilib qolishiga olib kelishi mumkin... Mazkur holatlar jamiyatda yurish turish qoidalariga zid bo‘lib, bu kabi xulq-atvorni mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi”, deyilgan IIV rasmiy xabarnomasida.

Vazirlik O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 77-moddasi va “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq ota-onalar farzandlarining ta’lim-tarbiyasi uchun mas’ulligini eslatgan.

Mamlakat qonunchiligiga muvofiq, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, bolalarning ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishi BHMning 5 barobarigacha (1 million 875 ming so‘mgacha) jarimaga sabab bo‘ladi.

IIV ta’kidicha, bolalarning kvadroberlik submadaniyatiga ergashishi ham ota-onalarning o‘z majburiyatlarini bajarmasligi o‘laroq malakalanadi.

Kvadrobika bolalar va o‘smirlar orasida ommalashgan trend bo‘lib, submadaniyat va fitnes qorishmasi o‘laroq baholanadi.