"IIB hojatxonasi ham xavfli". 21 yashar mahbusning o‘limi qiynoqlarga doir yangi muhokamalarni keltirib chiqardi

Huquq faollari mamlakatda qiynoqlar bilan bog‘liq xavotirlarning saqlanib qolayotganini ichki ishlar tizimi tubdan isloh qilinmagani bilan bog‘lashadi. 

Toshkentda giyohvand modda iste’mol qilishda gumonlanib hibsga olingan 21 yashar yigit IIBda bir hafta davom etgan so‘roqdan so‘ng 29-may kuni Tez tibbiy yordam bo‘limida vafot etgan.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi gumondorning o‘z joniga qasd qilganini aytmoqda.

Ammo shifokorlar va yaqinlarining ko‘rsatmalari rasmiy farazdan farq qiladi.

Yana bir o‘zbekistonlikning Ichki ishlar idorasidagi tergov jarayonida vafot etishi mamlakatdagi qiynoqlarga doir yangi savollarni keltirib chiqardi.

Toshkent shahar Chilonzor tuman IIO FMBga 22-may kuni olib kelingan 21 yoshli surxondaryolik yigitning o‘limi yuzasidan prokuratura tekshiruv o‘tkazmoqda, deb bildirdi 29-may kuni Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov.

Ichki ishlar vazirligining 29-mayda ma’lum qilishicha, H.T., ismli fuqaro shubhali ko‘ringani uchun 22-may kuni ertalab Chilonzor tumani IIO FMBga olib kelingan va uning yonidan 53,52 gramm nasha topilgan.

Mazkur holat yuzasidan H.T.,ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.


"Shu kuni taxminan soat 18.50 larda X.T. Chilonzor tumani IIO FMBdagi 4-qavatda joylashgan xizmat xonasiga olib ketilayotgan vaqtida, hojatxonaga kirishligini so‘ragan. X.T. 4-qavatda joylashgan hojatxonaga kirgandan so‘ng, tergovdan qochib yashirinish maqsadida hojatxona derazasidan pastga sakrashi natijasida bosh va tana qismidan turli jarohatlar olgan (Mazkur holat binoga o‘rnatilgan videoyozuv moslamalarida qayd etilgan)", deyiladi Ichki ishlar vazirligi rasmiy bayonotida.

Kasalxonaga yotqizilgan yigitga “bosh miya yopiq jarohati, bosh miya lat eyishi, bosh suyagini sinishi, tana a’zolarining gematomasi tashxisi qo‘yilgan. 29-may kuni H.T., kasalxonada vafot etgan”.

Yigitni tanigan yaqinlaridan biri uning ismi Hafizulloh Turg‘unboyev ekani, u 2002- yilda Surxandaryo viloyatida tug‘ilganini ma’lum qildi.

Marhumning yaqini Kun.uz nashri bilan suhbatda Hafizulloh Turg‘unboyev o‘zini “4-qavatdagi hojatxona derazasidan tashlaganiga ishonmasligi”ni aytgan.

Poytaxtning Uchtepa tuman Tez tibbiy yordam bo‘limi shifokorlaridan birining Ozodlikka ia’lum qilishicha, Hafizulloh kasalxonaga mutlaqo boshqa tashxislar bilan olib kelingan.

- O‘sha kuni postda men navbatchi edim. Shunaqa, deb topshirishdi (“4 qavatdan qulab tushdi”, tahr). Aniq tashhisi uning “istoriya”sida bor, shundan ko‘rsa bo‘ladi. Uning oyoq-qo‘li sinmagandi bizga kelganda. Menga topshirilganda “oyoq-qo‘li butun”, deb topshirilgan. Boshida gematoma, ichi ezilgan, og‘zidan qon qusib qolgandi. Bilmadim, u to‘rtinchidan tushganmi-yo‘qmi. Men o‘zim ham uni oshqozonini 3-4 marta yuvdim, - deydi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan shifokor.

Manabaning bildirishicha, Hafizulloh Turg‘unboyev boshidan jiddiy jarohat olgani bois operatsiya qilingan, biroq birozdan keyin koma holatiga tushgan va keyin o‘ziga kelmasdan jon taslim qilgan.

Holat yuzasidan Chilonzor tumani prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv o‘tkazayotgani xabar qilindi.

Bloger Olimjon Haydarov o‘zining Feysbuk sahifasida shifokorlardan biri holatni videoga tushirgani haqida yozdi, ammo hozircha bu video hech qayerda e’lon qilingani yo‘q.

Ezgulik” inson huquqlari jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov mazkur holat har tomonlama tergov qilinishi zarurligini aytib, oxirgi paytlarda IIBdagi qiynoqlar bilan bog‘liq iddaolar ko‘payganini qayd etdi.

- Huquqni muxofaza qilish idoralaridan uni “qochmoqchi bo‘lib sakradi”, “jarohat oldi, shuning uchun keyinchalik o‘ldi” degan gaplar aytildi. Ijtimoiy tarmoqlarda esa go‘yoki u o‘ldirilgan, keyin tashlangan, degan gaplar bo‘lyapti. Shu sababli vakolatli organlar javobini kutishga tug‘ri keladi. Chunki videotasvirlar e’lon qilingani yo‘q, bu hodisani ko‘zi bilan ko‘rganlar ham yo‘q hozircha. Shu bois bu haqda biror gap gapirish ertaroq bo‘ladi. Lekin men katta ehtimol bilan huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimlarining sudlanuvchi va gumondorlarga nisbatan qattiq jarohatlar yetkazishiga ishonaman. Bu yerda ham shunaqa bo‘lgan bo‘lishi mumkin, dedi huquq faoli.

Mazkur hodisa shu kuniyoq Internetning o‘zbek segmentidagi eng muhokama qilinayotgan mavzulardan biriga aylandi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining sobiq deputati Rasul Kusherbayev navbatdagi gumondorning o‘limi borasida IIV keltirgan vajlarni "kulgili" deb atadi.

"IIBni hojatxonasi ham xavfli. U yerdan keyingi yo‘l o‘lim bo‘lishi mumkin! ", deb yozdi Kusherbayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mahbusning hech bir qiynoq va ruhiy bosimlarsiz, o‘zi istab o‘lganini oqlovchi bayonot juda kulguli.

"Chunki hojatxonalarda odam sig‘adigan darajada deraza bo‘lishi kamyob xodisa. Ayniqsa, IIBda".

Nilufar Nurmatova: "Jinoyatchilar o‘tirgan padvalda hojatxona yo‘q ekanda! 4- qavatga olib chisishgan bolsa?! Mantiqqa ham to‘g‘ri kelmayapti!!"

Nodir Hasanov: "Nima bo‘lgani yolg‘iz Ollohga ayon, ko‘rmagan bilmagan eshitmagan narsaga aynan urib o‘ldirdi deyish keremas, bu tema bilan kerakli organlarni o‘zlari shug‘ullanib natijasini aytishadi. Gumon qlib tuhmat qlib qo‘yishdan tiyilish kerak"

Ko‘plab ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bundan oldinroq sodir bo‘lgan shunga o‘xshash hodisani yodga oldi.

Akram Bazarmatov: "Keyingi paytlarda ichki ishlar xodimlari tomonidan ko‘p ro‘y bermoqda, kamiga har gal fuqaro aybdor bo‘lib chiqaverishi fuqarolarda shubha uyg‘otmokda. Doim IIB xodimlari suvdan quruq chiqib ketishadi. Bunga chek qo‘yish kerak."

Abdulaziz Shermuxammad: "Repressiya boshlandimi? Nimaga odam ölaveradi? Bu birinchisi emas. Qiynoqlar bo'lgan bo'lsa sakravorgan yoki öldirib qöyib keyin öziga tönkash uchun tashlab yuborilganmi.... Afsus. Soliqlarimiz shunaqa ishlarga ketyabdi"

Sharhlovchilar orasida Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov iste’fosini talab qiluvchilar ham paydo bo‘ldi.

Murodjon Jurayev: "Yanami. Po‘lat Bobojonov iste’fo berib, sohada islohot qila oladigan odam keladimi o‘zi??? Qachongacha xalq bilan bu g‘o‘dayganlarni o‘rtasida katta jarlik turaveradi???"

Shu yilning 12-aprel kuni Namangan viloyati Pop tumani IIB tomonidan hibsga olingan Rossiya Federatsiyasi fuqarosi, tadbirkor Dilshod To‘raxo‘jayevning shafqatsiz qiynoqqa solingani xabar qilingandi.

2021-yilning 26-iyun kuni prezident Mirziyoyevning "Qiynoq qurbonlarini qo‘llash xalqaro kuni”da qiynoqlarning oldini olish tizimini takomillashtirish to‘g‘risidagi qarori e’lon qilingan, ammo faollarga ko‘ra, o‘tgan vaqt mobaynida qiynoqlardan o‘lim holatlari davom etgan.

Jumladan, 2021-yilning 25-iyul kuni Qashqadaryo viloyati Nishon tumani IIBning huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limiga olib kelingan fuqaro Nursoat Muhammadiyevning jasadi yaqinlariga topshirildi. IIB organi uning viloyat narkologik dispanserida vafot etgani, marhumning yaqinlari esa uning urib o‘ldirilganini iddao qildi, qiynoq izlari borasidagi vajlar tekshirilmadi.

2022-yilning 11-fevral kuni Qashqadaryo viloyat, Mirishkor tuman, “Chandir” mahallasida yashovchi Yusuf Sultonov IIB xodimlari tomonidan olib ketilgan va oradan 6 soat o‘tib, yaqinlari uning o‘lganidan xabar topishgandi. Tergovchi Sultonovning "alkogoldan vafot etgani”ni aytgan.

2022-yilning 17-oktabr kuni Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida joylashgan “Voyaga yetmaganlarga huquqiy yordam ko‘rsatish markazi”dan Uchko‘prik tumani Sulton MFYda yashovchi 9-sinf o‘quvchisi 15 yashar Ravshanbek Abdusattorov kaltaklanish natijasida vafot etgan.

Huquq faollari mamlakatda qiynoqlar bilan bog‘liq xavotirlarning saqlanib qolayotganini ichki ishlar tizimi tubdan isloh qilinmagani bilan bog‘lashadi.

O‘tgan oy prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiya qabul qilinganining 75 yilligini keng nishonlash. to‘g‘risidagi farmonnni imzolagan.

Unga muvofiq O‘zbekiston hukumati tomonidan BMTning inson huquqlari kengashiga mamlakatda inson huquqlari ta’minlanishi, jumladan, qiynoqlarga qarshi kurashga oid milliy hisobotlar tayyorlanadi.