IIV “Salimboy”ning vafotiga oid ma’lumotlarni rad etdi

"Ozodlik" manbalariga ko‘ra, Salim Abduvaliyev ayni paytda DXX tergov hibsxonasida saqlanmoqda

O‘zbek jamoatchiligi orasida “Salimboy” nomi bilan tanilgan Salim Abduvaliyevning vafot etganiga oid ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bu haqda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov mahalliy nashrlarga ma’lum qilgan.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda YouTube videoxostingidagi “Avtortet” kanali ma’lumotiga asosan 74 yoshli Salim Abduvaliyev vafot etgani haqida xabarlar tarqalgan, ko‘p o‘tmay esa bu ma’lumotning “feyk” ekani haqida postlar paydo bo‘lgan edi.

Mahalliy matbuotda tadbirkor va metsenat deb ta’riflab kelingan Salim Abduvaliyev 2023-yil oxirida O‘zbekistonda o‘tkazilgan “Dolzarb 40 kunlik” tadbiri davomida qo‘lga olingan edi.

U joriy yilning 19-martida jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tumani sudining yopiq majlisi hukmi bilan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 248-moddasida (O‘qotar qurollarni qonunga xilof ravishda saqlash) ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanib, 6 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

"Ozodlik" manbalariga ko‘ra, Salim Abduvaliyev sud hukmi ustidan apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat berish huquqidan foydalanmagan. Uning hozirda Davlat xavfsizligi xizmati tergov hisbxonasida saqlanayotgani aytiladi.

Qonunchilikka zid bunday amaliyotdan ko‘zlangan maqsad ma’lum emas. Aslida u Jinoyat protsessual kodeksi talablariga ko‘ra, bu vaqt ichida jazoni ijro etish koloniyasiga etap qilinishi lozim edi”, degandi o‘zbekistonlik manba “Ozodlik” bilan o‘tgan hafta o‘tkazilgan suhbat chog‘ida.

Avvalroq “Ozodlik” Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi 5-avgust kuni ayni paytda qamoqda bo‘lgan Salim Abduvaliyevni xalqaro qidiruvga bergani haqida xabar qilgan.