Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev 22-avgusti davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keladi. Prezident matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, ikki kunlik tashrif O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev taklifiga binoan amalga oshirilmoqda.
Xabarnomada qayd etilishicha, dastlab mezbon va mehmon prezidentlar raisligida Toshkent shahrida oliy darajadagi muzokaralar va Davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisi o‘tkazilishi rejalangan.
“Sammit kun tartibidan O‘zbekiston-Ozarbayjon strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish masalalari o‘rin olgan”, deyilgan xabarnomada.
Tadbir chog‘ida o‘zaro tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, kooperatsiya loyihalarining yangi portfelini shakllantirish, ishbilarmonlik aloqalarini, shu jumladan hududlararo almashinuvni rivojlantirish, transport-kommunikatsiya salohiyatini ro‘yobga chiqarish, madaniy-gumanitar aloqalarni faollashtirish va boshqa masalalar ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.
Shuningdek, Ozarbayjon prezidentining O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida Mirziyoyev va Aliyev ikki mamlakat biznesi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazishlari, qator ishbilarmonlik va madaniy tadbirlarda ishtirok etishlari aytilgan.
Ilhom Aliyev O‘zbekistonga o‘z mamlakatida Rossiya prezidenti Vladimir Putinga mezbonlik qilgani ortidan kelmoqda. Putin 18-19-avgust kunlari Ozarbayjonga davlat tashrifini amalga oshirgani haqida Ozodlik avvalroq xabar qilgan.
Rossiya prezidenti bilan 15-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev ham telefon orqali muloqot qilgan. O‘sha paytda Kreml matbuot xizmati mazkur muloqot O‘zbekiston tomoni tashabbusiga ko‘ra amalga oshganini ma’lum qilgan edi.