O‘tgan yili O‘zbekiston va Tojikistonning avtonom hududlarida yuz bergan norozilik namoyishlari qonli repressiyalar bilan yakun topdi.
Tojikistonning notinch Tog‘li Badaxshon va O‘zbekistonning Qoraqalpog‘iston avtonom hududida o‘nlab odamlar halok bo‘ldi, yuzlab odamlar hibsga olindi.
Biroq ekspertlar fikricha, repressiyalardan eng ko‘p jabr ko‘rganlar fuqarolik jamiyati bo‘ldi. Bu davlatlardagi avtoritar tuzumlar aynan huquq faollari, jurnalistlar va ijtimoiy fikr yetakchilarini nishonga olgan.
“Toshkent va Dushanbening Qoraqalpog‘iston hamda Tog‘li Badaxshondagi repressiyalaridagi umumiy jihat shuki, o‘z o‘lkalari boshqaruviga ko‘proq ta’sir o‘tkazish uchun mahalliy aholi shikoyatlarini olib chiqqan fuqarolik jamiyati yetakchilarining ovozi o‘chirildi”, deydi AQSHdagi Janubiy Kaliforniya universiteti professori Stiv Sverdlov.
2022-yil mayida Tog‘li Badaxshondagi namoyishlarni bostirishda kamida 16 kishi halok bo‘ldi, biroq Ozodlik radiosi jurnalistlari 34 kishining halok bo‘lganini tasdiqlashgan.
Iyulь oyida O‘zbekiston xavfsizlik kuchlari Qoraqalpog‘iston maqomiga doir konstitutsiyaviy o‘zgarishlarga qarshi namoyishlarni bostirish uchun kuch ishlatdi. Rasmiylarga ko‘ra, tartibsizliklarda 21 kishi halok bo‘lgan.
Rasmiy Toshkent va Dushanbe nishonga olinganlarning ko‘pchiligini separatizm va zo‘ravonlik qo‘zg‘ashda ayblab keladi, inson huquqlari tashkilotlari esa buning ortida siyosiy sabablar turganini ta’kidlaydilar.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Qoraqalpog‘istondagi zo‘ravonliklar
O‘zbekistonda rasmiylar taniqli jamoat arboblarini, jumladan, qoraqalpoq yuristi va jurnalist Dauletmurat Tajimuratovni ham nishonga oldi.
Tajimuratov Qoraqalpog‘istonda hukumatga qarshi o‘tgan yilgi misli ko‘rilmagan namoyishlar ortidan shu yil yanvar oyida 16 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi. U Qoraqalpog‘istonga rahbar bo‘lib olish uchun mahalliy hokimiyatni ag‘darishga uringanlikda ayblangan.
O‘tgan hafta Ozodlik bilan suhbatda advokat Sergey Mayorov Tajimuratovni "siyosiy mahkum" deb atadi va “hokimiyat o‘z xatolari uchun mas’uliyatni Tajimuratov zimmasiga yuklagani"ni ta’kidladi.
Mayorov tilga olgan xatolar qatoriga O‘zbekiston hukumatining konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qarori ham kiradi. Bu esa mintaqaning ikki million aholisini O‘zbekistondan ajralib chiqish bo‘yicha referendum o‘tkazish huquqidan mahrum qilar edi.
Tajimuratov va boshqa jamoat faollari bu harakatga ochiq qarshi chiqdilar va aynan uning hibsga olinishi aftidan 1-iyul kuni viloyat markazi Nukusda ommaviy norozilik namoyishiga turtki bo‘lgan.
Tojikiston tarkibidagi Tog‘li Badaxshondan farqli o‘laroq, Qoraqalpog‘iston o‘z bayrog‘i va parlamentiga ega, qoraqalpoq tili ham rasmiy maqomga ega.
Xavfsizlik kuchlari olomonga qarata o‘t ochgan namoyishlardan keyin hukumat hudud bo‘yicha konstitutsion o‘zgarishlardan qaytdi.
Qoraqalpog‘iston alohida maqomga ega bo‘lishiga qaramay, respublika ustidan nazorat qattiq va faollik uchun maydon O‘zbekistonning boshqa joylariga qaraganda ancha cheklangan.
Sud jarayonida Tajimuratov O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2016-yilda hokimiyatga kelganidan so‘ng amalga oshirgan islohotlarni olqishladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu islohotlar faollarga muammolarni ko‘tarish va muhokama qilish imkonini bergan.
Ammo ko‘plab ekspertlar o‘tgan yilgi zo‘ravonliklar avtoritar rejimdagi yumshash yoki "siyosiy iliqlik"ka barham berishi mumkinligini aytishmoqda.
Tajimuratov yanvar oyida sudlangan 20 dan ortiq ayblanuvchilardan biri bo‘lgan, mart oyida yana o‘nlab sudlanuvchilarga hukm o‘qildi.
“O‘zbekistondagi islohot va erkinliklar kaliti hozir Qoraqalpog‘istonda bo‘layotgan voqealarga bog‘liq, deb ayta olamiz”, -deydi qozog‘istonlik qoraqalpoq faoli Oqilbek Muratov.
“Chunki agar bir mintaqada repressiya bo‘lsa-yu, boshqasida bo‘lmasa, shundoq ham mavjud etnik ziddiyat yanada kuchayadi. Toshkent Qoraqalpog‘istonga nisbatan qanday siyosatni tanlamasin, uning oqibatlarini butun O‘zbekistonda ko‘ramiz”, deydi Muratov.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
"Har qanday potensial faollikni to‘liq yo‘q qilish"
Tojikistondagi repressiyalarda nishonga tushib qolgan ko‘zga ko‘ringan shaxslardan biri Pomirdagi etnik ozchilik vakillaridan bo‘lgan huquq faoli va jurnalist Ulfathonim Mamadshoyeva edi.
Rasmiylar Tog‘li Badaxshonning 250 mingga yaqin aholisining aksar qismini tashkil etuvchi jamoa yetakchilarini mintaqada tartibsizliklarni avj oldirishda ayblashadi.
Dekabr oyida Mamadshoyeva ekstremizmda ayblanib, 21 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Shu oy boshida u jazoni o‘tash uchun tergov izolyatoridan ayollar qamoqxonasiga ko‘chirildi.
Mamadshoyeva va uning sobiq turmush o‘rtog‘i Xolbash Xolbashov hibsga olinganidan ko‘p o‘tmay, davlat televideniyesi go‘yoki er-xotin norozilik namoyishlarini rejalash va uyushtirishga yordam berganini tan olgani aks etgan kadrlarni namoyish qildi.
Ammo undan bir necha kun avval Mamadshoyeva Dushanbeda Ozodlik radiosining Tojik xizmatiga bergan intervyusida bu namoyishlarga aloqasi borligini rad etgan edi.
Suhbat tugagach, noma’lum shaxslar jurnalistlarga hujum qilib, ularning jihozlarini tortib olgan, intervyu efirga uzatilmagan.
Mamadshoyeva ishiga yaqin bo‘lgan, ismi sir qolishini so‘ragan Ozodlik manbasining aytishicha, uning qamoqqa olinishi 2021-yilda Tojikiston xavfsizlik kuchlari tomonidan Gulbidin Ziyobekov ismli yosh pomirlik o‘ldirilishi haqida muntazam xabar bergani bilan bog‘liq.
“Ayol va ona sifatida bu voqea unga ta’sir qilgan. U bir chetda qarab turolmagan”, deydi manba.
Ziyobekovning o‘limidan yuzaga kelgan g‘azab va Dushanbening mahalliy amaldorlarni ishdan bo‘shatish qarori may oyida noroziliklarga sabab bo‘lgan edi.
Tog‘li Badaxshondagi muammolar, mahalliy aholi va markaziy hukumat o‘rtasidagi o‘zaro ishonchsizlik 1992-97- yillardagi fuqarolar urushi davriga borib taqaladi.
Mojaro paytida Mamadshoyeva va Xolbashov kabi mahalliy yetakchilar Birlashgan tojik muxolifati tomonida bo‘lgan.
Tinchlik o‘rnatildi, ammo bu o‘lkada Tojikistonning boshqa joylarida uchramaydigan yuqori darajadagi fuqaroviy faollik madaniyati paydo bo‘ldi.
Bu esa Tog‘li Badaxshonda norasmiy yetakchilarning paydo bo‘lishiga olib keldi. Dushanbeni g‘azablantirgani uchun ham bu mahalliy yetakchilar o‘z jamoalari orasida katta ta’sirga ega.
Londonlik tadqiqotchi Zamira Dildorbekovaning aytishicha, mintaqa aholisi fuqarolik jamiyatiga “hukumat kontragenti” sifatida qaramaydi.
Buning o‘rniga, “ko‘proq mas’uliyat va oshkoralikni ta’minlashni talab qilishar ekan, fuqarolik jamiyati va fuqarolik faolligiga taraqqiyotga ko‘mak berish, jamiyatga zarur paytda turli xizmatlar ko‘rsatish sifatida qarashadi”, deydi Dildorbekova Ozodlik radiosiga.
Kuzatuvchilarga ko‘ra, hozir fuqarolik jamiyati maydoni keskin qisqarmoqda.
May oyidagi norozilik namoyishlari bostirilgach, Tojikiston xavfsizlik kuchlari Dushanbening mintaqadagi ta’sirini zaiflashtiruvchi sifatida ko‘rilgan bir qator taniqli ijtimoiy fikr yetakchilarni ta’qib qildi, hibsga oldi va ayrim holatlarda o‘ldirdi.
Buning ortidan ko‘plab faollar, jumladan, Ziyobekovning o‘limini adolatli tergov qilishni talab qilib, maxsus qo‘mita tuzgan faollar ham hibsga olindi.
Shu oy boshida, norozilik namoyishlarini bostirgan harbiy amaliyotning bir yilligi arafasida Tog‘li Badaxshondagi fuqarolik guruhlarining besh vakili hukumat ularni o‘z tashkilotlarini ixtiyoriy ravishda tarqatib yuborishga majbur qilayotganidan shikoyat qilgan edi.
“Hukumatga tashkilotlarimiz kerak emasga o‘xshaydi”, deydi Ozodlik radiosining tojik xizmatiga ushbu tashkilotlarga aloqador manba.
Fuqarolik jamiyati vakillarining da’volarini sharhlar ekan, Tog‘li Badaxshon hukumati vakili faqat "mintaqadagi jinoiy guruhlar bilan aloqada bo‘lgan" nohukumat tashkilotlar yopilayotganini aytdi.
Matbuot kotibining ta’kidlashicha, ushbu tashkilotlarning nizomi va ro‘yxatga olish hujjatlarida “ko‘plab qonunbuzarliklar aniqlangan”.
Ammo Dildorbekovaning aytishicha, Tojikiston hukumati “rejimga har qanday yo‘l bilan va istalgan vaqtda tahdid solishi mumkin bo‘lgan har qanday potensial fuqarolik faoliyatini butunlay yo‘q qilishga” qaror qilgan.