Imom VS Adliya vaziri. O‘zbekistonda diniy siyosatni kim noto‘g‘ri talqin qilyapti?

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov (o‘ngda) va Toshkent shahar bosh imom xatibi Rahmatulloh Sayfutdinov.

Toshkent shahar bosh imom xatibi Rahmatulloh Sayfutdinovning, imomlar chiqishi qonun bilan nazorat qilinishi haqida Adliya vaziri bergan bayonotga e’tirozini, Din ishlari qo‘mitasi qoraladi.

Qo‘mita 16 - fevral kuni tarqatgan bayonotda ayrim “mutaassib shaxslar” hukumatning diniy siyosatini “noto‘g‘ri talqin qilayotgani va noxolis munosabat shakllantirishga” urinayotgani qayd etilgan.

7 - fevral kuni Adliya vaziri Ruslanbek Davletov “do‘zaxga kirish-kirmaslik tanlovini odamlarning o‘ziga qo‘yib beringlar”, imomlarning “o‘z qarashlaridan kelib chiqib jamiyatdagi o‘lchovlarni belgilashiga yo‘l qo‘yilmaydi”, dedi.

15 - fevral kuni tarmoqlarda tarqalgan ma’ruzasida Toshkent bosh imom xatibi Rahmatulloh Sayfutdinov, vazirning bu chiqishini “uning shaxsiy fikri” deb atab, imomlarga “amri ma’ruf”ni taqiqlash O‘zbekiston hukumati siyosatiga zid ekanini ta’kidladi.

“Mutaassib shaxslar talqini”

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari qo‘mitasi 16 - fevral kuni tarqatgan bayonotda “dunyoviy, huquqiy demokratik” O‘zbekistonda din sohasida yagona davlat siyosati borligi va bu siyosat, ijtimoiy tarmoqlarda ba’zi mutaassib shaxslar tomonidan “o‘z manfaatlariga moslab talqin qilinayotgani” ta’kidlangan.

Qo‘mita bayonotida Toshkent bosh imom xatibining ismi tilga olinmagan. Ammo tarmoqlarda Adliya vaziri bayonotiga javoban “diniy soha vakillari” bildirayotgan turli munosabatlar tilga olingan.

“Adliya vazirligi mamlakatda diniy tashkilotlarni ro‘yxatga oluvchi yagona vakolatli davlat organi hisoblanadi hamda diniy tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, qonunchilik hujjatlari talablari va o‘z ustavi qoidalariga rioya etishi ustidan nazoratni olib boradi”, deb ta’kidlanadi bayonotda.

Unda shuningdek, diniy soha vakillaridan o‘z “shaxsiy qarashlarini ommaviy munosabat sifatida talqin qilmaslik” so‘ralgan.

“Domlalarning jamiyatga o‘lchov qo‘yishga yo‘l qo‘ymaymiz”

Tarmoqlarda ziddiyatli chiqishlari bilan tanilgan Toshkentbosh imom xatibi Rahmatullo Sayfutdinov Adliya vaziri Ruslanbek Davletovning diniy erkinliklar borasidagi qator bayonotlariga e’tiroz bildirdi.

7 - fevral kuni Toshkentda Adliya vazirligining yillik hisobotini taqdim etgan Ruslanbek Davletov ayrim imomlarning “jamiyatga o‘lchov qo‘yishiga yo‘l qo‘yilmasligi”ni ta’kidlagandi:

“Amerikalik yozuvchi Devid Frimen “odamlarga do‘zaxga kirish-kirmaslik tanlovini o‘zlariga qo‘yib beringlar» degan. O‘zi kiradiku, kirsa! Buni katta olimlar bekorga aytmagan. Bu jamiyat rivojlanishi uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan narsalar. O‘zining diniy o‘lchovlari, uyidagi qarashlari bilan jamiyatga o‘lchov qo‘yishga yo‘l qo‘ymaymiz, chunki qonun bor”.

“Vazirning gapi siyosatga zid”

O‘z ma’ruzasida Toshkent bosh imomi, Adliya vazirining bu gaplarini imomlar uchun “amri ma’ruf”ni taqiqlash, jamiyatni xudbinlashtirish, deya baholadi.

Imomning ishonishicha, vazirning ogohlantirishi hukumatning rasmiy mavqeini aks ettirmaydi.

“To‘g‘ri, bitta ikkita ahli ilm qattiq hissiyotga berilib gapirgani bilan butun imomlarni da’vat yo‘lini to‘sishga kim vakolat berdi u odamga?! Biz hech qachon odamlarni do‘zaxga tushsang tushaver, deb tashlab qo‘ymaymizku! Noto‘g‘ri ish qilayotgan odamni ko‘rsak, indamay ketishimizni talab qilishyapti ular. Aroq ichayotgan odamni ko‘rsang, gapirma deyapti, ichsa ichaversin, deyapti. Zino qilayotganni ko‘rsang, ishing bo‘lmasin, o‘zi qilyaptiku qilsa, deyapti. Shuni bizdan talab qilyapti. Bunday jamiyat rasvo jamiyat bo‘ladi”.

“Domlamizdan ajoyib javob”

Imomning chiqishi tarmoqlarda turlicha aks-sado berdi. Dindor qatlam buni imomlarni nazoratga olishga uringan hukumatning ehtimoliy cheklovlariga qarshi turish, deya olqishlamoqda.

Jumladan, Telegram tarmog‘idagi kanallarda eng ko‘p tarqalgan videoklipga: “Adliya vaziriga Rahmatulloh Termiziy domlamizdan ajoyib javob. Mana shunday imomlarimizdan Alloh rozi bo‘lsin”, degan izoh berildi.

Toshkent shahrining yangi bosh imom-xatibi Rahmatullo Sayfutdinov erkaklarning doyalik qilishiga qarshiligi, turk seriallarining "millat genofondiga yomon ta’siri" haqidagi ziddiyatli chiqishlari bilan tanilgan.

O‘tgan yilning aprelida - Toshkentning Yunusobod tumani imom-xatibi bo‘lgan kezda Sayfutdinov, juma va’zida erkaklarning doyalik qilishini "sharmandalik" deb atagandi. Keyin bu ma’ruzasi matbuotda "noto‘g‘ri talqin" etilayotganini aytib chiqdi.

O‘tgan yilning aprel oyidagi chiqishlaridan birida imom, turk seriallarining millat zehniyatiga yomon ta’siri haqida ham gapirgan va o‘zbek ayollari eri bilan jinsiy aloqada “chiroyli turk erkaklarini tasavvur qilsa, "havorang" bolalar tug‘iladi”, degan gapi bilan tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.

“Mas’ullar din yoki dunyoviylikni yomonotliq qilmasin”

Diniy ulamolar va Adliya vaziri o‘rtasidagi bahslarni kuzatayotgan toshkentlik jurnalist vazir va ulamoning munozarasi jamiyatdagi bo‘linishlarni kuchaytirishidan xavotirda, ayni paytda bu kabi bahslarni foyda deb hisoblashini aytadi:

“Jamiyatda qonunsizliklarni ko‘p ko‘ryapti yoshlar, turli harakatlar, oqimlar, sektalar qurshovida ular. Shunday vaqtda ularga nasihat kerak, baribir. Tarbiya uchun mas’ullar dindan gapirganda dunyoviylikni, qonundan gapirganda dinni yomonotliq qilib qo‘yishdan tiyilishi kerak. Adliya vaziri mutloq to‘g‘ri gapiradi doim deyish, juda soddalik bo‘lib qoladi. Jurnalistlarning savollariga ayrim hollarda gapni aylantirib javob beradi. Ya’ni o‘zi ham qonunga to‘liq amal qiladigan mulozim emas. Aslida, qaysidir ma’noda shunday bahslarning bo‘lgani yaxshi. Chunki kim bo‘lsa ham, vazirmi, domlami o‘z ustida ishlashga, qonunlarni, diniy qo‘llanmalarni varaqlab ko‘rishga undaydi bu holatlar”.

“Yumshoq din siyosatining oqibati og‘ir bo‘ladi”

Ayni paytda ayrim tahlilchilar, Toshkent bosh imomining chiqishi diniy radikal qatlamning qonuniy talablarga nisbatan asossiz e’tirozi,deb hisoblaydi.

Pedagog va ruhshunos olim Mahmudjon Yo‘ldoshevning nazarida jamiyatda diniy targ‘ibot ko‘lami “favqulodda ortib ketgan”. U imomalarning ma’ruzalari “mazmuni va maqsadi” ustidan nazoratni kuchaytirish tarafdori.

“Adliya vazirining fikri, xalqimizning fikri, e’tiqodini hurmat qilgan holda juda yumshoq aytildi. Aslida qonunchilikka mos ravishda qattiq aytilishi kerak edi. Bugun diniy targ‘ibot sohasi tashlab qo‘yilgan. Har kuni 500 ta to‘y va yana 500 ta boshqa marosim bo‘lsa, jami 1000 ta ma’ruza bo‘ladi. Ularda imomlar 15 minutdan diniy ma’ruza qilsa, jami qancha bo‘lib ketadi?! Har kuni mamlakat bo‘ylab 250 soat ma’ruza bo‘lyapti. 50 tadan odam eshitayotgan bo‘lsa, 50 ming odam bo‘ladi. Hali masjiddagi odamlarni aytmayapman. Davlat qayoqqa qarayapti? Shuncha diniy ma’ruzaga teng darajada dunyoviy targ‘ibot bo‘lyaptimi? Yo‘q”, deydi Mahmudjon Yo‘ldoshev.

Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Din ishlari qo‘mitasining Rahmatulloh Sayfutdinov chiqishiga javoban munosabatida yaqinda qayta tahrirda qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunning 5 va 7-moddalari tilga olingan.

5-moddada “fuqarolarning dinga munosabatidan qat’i nazar, diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi” deyiladi.

7-moddada esa “davlat turli dinlarga e’tiqod qiladigan va ularga e’tiqod qilmaydigan fuqarolar, turli dinlarga mansub diniy tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro murosa va hurmat o‘rnatilishiga ko‘maklashishi” belgilab qo‘yilgan..

Hozircha O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Toshkent imom xatibining chiqishiga biror munosabat bildirmadi. Ozodlikning muftiyatga bu borada qilgan murojaatlari javobsiz qoldi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

OzodNazar: “Diniy”lar kuchayyaptimi yo bosim kuchayyaptimi?