Import mashinalar uchun yana bir talab joriy qilindi

Illyustrativ surat

O‘zbekistonda elektromobillarni o‘z nomiga olib kirmoqchi bo‘lganlar hamda rasmiy diler bo‘lmagan xususiy tadbirkorlar uchun navbatdagi talab joriy etildi.

Kun.uz nashrining UzTest matbuot xizmatidan olingan ma’lumotga tayangan holda yozishicha, endi muvofiqlik sertifikati olish jarayonida mashinani elektromagnit moslashuvchanligi bo‘yicha ham tekshiruvdan o‘tkazish lozim bo‘ladi.

Rasmiylar bu chorani “bir transport vositasi boshqa avtomobilga ziyon yetkazishining oldini olish” maqsadi bilan asoslagan.

Mamlakatdagi rasmiy dilerlar elektromagnit moslashuvchanligi bo‘yicha tekshiruvdan o‘tib kelgan. Bundan keyin rasmiy diler bo‘lmagan avtosalonlar uchun ham bu tartib qo‘llanadi.

Tekshiruv narxi benzinda yuradigan mashinalar uchun 9 million 88 ming so‘mni, elektromobillar uchun esa 6 million 300 ming so‘mni tashkil etadi. Bu tarif 7 tagacha o‘rindiqqa ega bo‘lgan yengil mashinalarga amal qiladi. Transport vositalarining toifasiga qarab narx yana o‘zgaradi.

Tahlilchilar yangi joriy qilingan talabni elektromobillar importi uchun navbatdagi sun’iy to‘siq o‘laroq baholashmoqda.

Bu talab mamlakatni elektromobillashtirish va energosamaradorlikni oshirish yo‘lidagi islohotlarga zid ekani ham aytilyapti.

Shu bilan birga, hukumat elektromobillar importi uchun boj joriy etishi mumkinligi haqida xavotirlar ham paydo bo‘lgan.