Ish haftasi oxirigacha to‘rtta viloyatda sel kuzatilishi mumkin

Illyustrativ surat

O‘zbekistonning tog‘oldi va tog‘li hududlarida 23-26-iyul kunlari kutilayotgan yog‘in-sochin sel-suv toshqini hodisalarini yuzaga keltirishi mumkin. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati agentligi ma’lumot tarqatdi.

“O‘zgidromet” qaydicha, sel hodisalari Toshkent viloyatining Ohangaron, Bo‘stonliq, Parkent, Piskent, O‘rtachirchiq, Yuqorichirchiq tumanlari va Angren, Olmaliq shaharlarida, Namangan viloyatining Pop, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Namangan, Yangiqo‘rg‘on tumanlarida, Farg‘ona viloyatining So‘x, Shohimardon, Farg‘ona, Beshariq tumanlarida hamda Andijon viloyatining Andijon, Asaka, Jalaquduq, Qo‘rg‘ontepa, Paxtaobod, Izboskan, Xo‘jaobod, Marhamat tumanlarida va Xonobod shahrida kuzatilishi ehtimoli bor.

Meteorologlar tog‘oldi va tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolar hamda bu hududlarda harakatlanuvchi haydovchilardan toshqin ehtimoliga qarshi ehtiyotkorlik choralarini ko‘rish haqida ogohlantirishgan.

Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysi hududi bo‘yicha yomg‘ir suvlari to‘planishi ehtimoli bor, bu esa hududlarni suv bosishiga olib kelishi mumkin”, deyilgan “O‘zgidromet” xabarnomasida.

Joriy yilning 14-iyul kuni O‘zbekistonning Andijon viloyatiga qo‘shni bo‘lgan O‘sh shahrida katta sel hodisasi kuzatilgan, tabiiy ofat oqibatida besh kishi nobud bo‘lgan edi.