Isroil aviatsiyasi Bayrut markazidagi binolarga zarbalar berdi. Saudiyaning Al Hadath telekanali xabariga ko‘ra, hujum hadafi “Hizbulloh” guruhining marhum lideri Hasan Nasrullohning kuyovi va tashkilot maxsus xizmatlari rahbari Vofiq Safo bo‘lgan.
Zarbalar natijasida uning o‘lgani yoki tirik qolgani tasdiqlanganicha yo‘q. Livanning Al Mayadeen nashri guruhdagi o‘z manbasidan olingan ma’lumotga tayangan holda, Vofiq Safo tirik qolgani haqida xabar qilgan.
Isroil hujum yuzasidan izoh bergan emas.
Livan OAV zarbalar natijasida to‘rt qavatli bino vayron bo‘lgani, sakkiz qavatli binoga shikast yetgani haqida yozmoqdalar.
Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi hodisa chog‘ida 22 kishi qurbon bo‘lgani, 100 dan ziyod odam yaralangani haqida ma’lumot tarqatdi.
Arab matbuoti zarbalar Bayrutning aholi zich yashaydigan mavzelariga berilganini qayd etgan. Zarbalar ortidan u yerda yashovchi odamlar orasida sarosima boshlangan. Qutqaruvchilar binolardan birining yuqori qavatlarida qolib ketgan kishilarning hammasini evakuatsiya qilishga muvaffaq bo‘lgan.
“Hizbulloh” AQSHda terror tashkiloti deb tan olingan. Yevropa Ittifoqi esa “Hizbulloh”ning faqat qurolli qanotini terror tashkiloti deb biladi, deputatlari Livan parlamentida o‘tirgan “Hizbulloh” partiyasi esa, YI fikricha, terror tashkiloti emas. Isroilning havo hujumlaridan birida guruh lideri Hasan Nasrulloh ham o‘ldirilgan.
“Hizbulloh” Falastindagi HAMAS guruhining (AQSH va YIda terror tashkiloti deb tan olingan) 2023-yil 7-oktyabridagi Isroil janubiga hujumining ertasiga Isroil hududiga raketalar otgan. O‘shandan buyon Isroil-Livan chegarasida qariyb har kuni otishmalar sodir bo‘lib turibdi. Har ikki mamlakatning chegaraoldi hududlaridan o‘n minglab odam evakuatsiya qilingan.
Isroil Livanning “Hizbulloh” guruhiga qarshi “Shimol nishlari” amaliyotini 23-sentyabr kuni boshlagan. Amaliyotdan maqsad terror tashkilotining harbiy infratuzilmasini yo‘q qilish va Isroil shimolidagi uylarini tashlab ketgan isroilliklarni ortga qaytarish uchun shart-sharoit yaratish ekani aytilgan.