Isroil G‘azodagi janglarni vaqtincha to‘xtatishi mumkin

Falastinlik qochqinlarning Dayr el-Balaxdagi lageri, 2024-yil 3-iyuni

Isroil garovdagilarni ozod qilish uchun G‘azo sektoridagi janglarni 42 kunga to‘xtatib turishi mumkin. Bu haqda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bayonot berdi.

Shu bilan birga, Isroil bosh vaziriga ko‘ra, AQSH va YIda terror tashkiloti deb tan olingan HAMAS guruhiga qarshi amaliyot davom ettiriladi.

Isroil garovdagilarni qaytarish uchun 42 kunga jangovar harakatlarni to‘xtatishi mumkin, biroq biz urushni to‘xtata olmaymiz. Eronliklar va bizning barcha dushmanlarimiz “taslim bo‘lishadimi-yo‘qmi?” degan istak bilan bizga qarab turishibdi. Juda ko‘p yolg‘on xabar tarqatilmoqda”, degan Netanyahu parlamentning xorijiy ishlar va mudofaa komissiyasi yopiq majlisida. Uning so‘zlarini Israel Hayom gazetasi keltirgan.

The Times of Israel nashrining aniqlik kiritishicha, Netanyahu shu tariqa Yaqin Sharqdagi ziddiyatni hal qilish bo‘yicha AQSH prezidenti Jo Bayden tomonidan o‘tgan hafta taqdim etilgan rejani izohlagan. Mazkur tashabbusda jumladan olti haftalik otashkesim, garovdagilarning barchasini ozod qilish, Isroil qo‘shinlarini G‘azo hududidan butunlay olib chiqish, falastinliklarni sektorga qaytarish va G‘azoni tiklash kabilar ham ko‘zda tutilgan edi.

Netanyahu AQSH prezidenti tomonidan bayon qilingan taklif to‘liq emasligini ham qayd etgan.

Urush garovdagilarni qaytarish uchun to‘xtatiladi, keyin esa biz muhokama qilamiz. AQSH prezidenti tomonidan jamoatchilikka taqdim etilmagan boshqa tafsilotlar ham bor”, deya bildirgan Isroil bosh vaziri.

Avvalroq HAMAS guruhi Bayden rejasiga ijobiy munosabat bildirgan edi.

Ayni paytda Isroil hukumatining o‘ta o‘ng qarashli ikki a’zosi — moliya vaziri Betsalel Smotrich va milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir, agar Netanyahu Bayden taklif qilgan kelishuvni qabul qilsa, uning koalitsiyasidan chiqishlarini bildirishgan.

Bu orada Isroil armiyasi HAMAS guruhi tomonidan o‘tgan yil 7-oktyabrida tutib ketilgan yana to‘rt kishi o‘lganini e’lon qildi. Mazkur ma’lumot Isroil razvedkasidan kelib tushgan. Garovdagilarning jasadlari G‘azo sektorida qolmoqda.