Isroil Livanda quruqlikdagi amaliyotni boshladi

Isroil armiyasining Livandagi "Hizbulloh" guruhiga qarshi harbiy amaliyotining boshlanishi (2024-yilning 1-oktyabriga o‘tar tunida olingan surat)

Isroil armiyasi (SAXAL) o‘tgan tunda Livan janubidagi “Hizbulloh” guruhi infratuzilmasi va obyektlariga qarshi “aniq razvedka ma’lumotlari asosida quruqlikdagi cheklangan reydlar” boshlangan. Bu haqda Isroil armiyasi qo‘mondonligi bayonotida aytilgan.

Qo‘mondonlik iddaosiga ko‘ra, bu reydlar obyektlari “chegaraga yaqin qishloqlarda joylashgan bo‘lib, ular Isroildagi aholi punktlariga bevosita tahdid bo‘lib hisoblanadi.

Quruqlikdagi amaliyot oldidan Isroil armiyasi Livan hududidagi AQSH va Yevropa Ittifoqida terror tashkiloti deb tan olingan “Hizbulloh” guruhiga aloqador obyektlarga havodan yoppasiga zarbalar bergan. Guruh Isroil hududiga muntazam ravishda raketalar otib turgan, buning natijasida o‘n minglab isroillik mamlakat shimolidagi aholi punktlarida joylashgan uylarini tashlab ketishga majbur bo‘lgan.

The New York Times gazetasi ma’lumotiga ko‘ra, hujum kuchlari kichik komandos guruhlaridan iborat. Zarurat tug‘ilgudek bo‘lsa, Livan hududiga keyingi kunlarda chegara yaqinida joylashtirilgan yirikroq harbiy kontingent kiritilishi mumkin.

Amaliyot rejasi 30-sentyabr oqshomida Isroil hukumati majlisida ma’qullangan. Avvalroq Livan hududi bo‘ylab berilgan havo zarbalari oqibatida Isroil kuchlari “Hizbulloh”ning qator yetakchilari, shu jumladan guruh lideri Hasan Nasrullohni o‘ldirishga muvaffaq bo‘lishgan. Livan rasmiylari zarbalar natijasida yuzlab tinch aholi vakili nobud bo‘lganini bildirishgan.

O‘tgan tunda Isroil aviatsiyasi Suriya poytaxti Damashqqa zarba bergani haqida ma’lumot kelib tushgan. Suriya davlat OAV xabarlariga ko‘ra, zarbalar oqibatida uch kishi halok bo‘lgan, 9 kishi yaralangan. Mazkur havo amaliyoti nima maqsadda o‘tkazilgani hozircha ma’lum emas. O‘z navbatida, Isroil qo‘mondonligi mamlakat sohilidan bir necha o‘n kilometr narida O‘rtayer dengizi uzra dronlar urib tushirilgani haqida ma’lumot tarqatgan. Hodisa tafsilotlari ma’lum emas.

CNN telekanali Isroil rasmiy manbalaridan olingan ma’lumotga tayangan holda, Isroil “Livanning janubiy hududlarini uzoq vaqt ishg‘ol qilishni rejalamayotgani” haqida xabar qilgan. Ayni paytda Isroil rasmiylari mazkur amaliyot qancha davom etishi haqida hozircha aniq bir gap aytmayapti.

Shu bilan bir vaqtning o‘zida Isroil G‘azo sektorida ko‘plab mamlakatlarda terror tashkiloti deb tan olingan HAMAS guruhiga qarshi jangovar harakatlarni davom ettirmoqda. Guruh jangarilari 2023-yil 7-oktyabrida Isroil hududiga qilgan hujumi natijasida mingdan ziyod isroillik halok bo‘lgan, yuzlab odam garovga olingan. Isroilning javob amaliyoti chog‘ida G‘azoda, mahalliy rasmiylar iddaosiga ko‘ra, minglab falastinlik nobud bo‘lgan.