Isroil o‘z nazoratidagi hududlarda UNRWA faoliyatini taqiqladi

Isroil parlamenti bo‘lgan Knesset 28-oktyabr kuni ko‘pchilik ovoz bilan Isroilda hamda uning nazorati ostida bo‘lgan hududlarda BMTning falastinlik qochkinlarga yordam bo‘yicha Yaqin Sharq agentligi (UNRWA) faoliyati taqiqlash taklifini ma’qulladi. Avvalroq Isroil UNRWAni bir necha bor Falastindagi HAMAS (AQSH va Yevropa Ittifoqida terror tashkiloti deb tan olingan) doxil radikal guruhlar bilan hamkorlikda ayblagan. Isroil BMTga agentlik HAMAS bilan hamkorlik qilayotganiga oid dalillar taqdim etgan.

Knesset ikki qonun loyihasini tasdiqladi. Birinchisida Isroilda UNRWAning bevosita yoki bilvosita faoliyat olib borishiga yo‘l qo‘yilmasligi aytilgan. Ikkinchisida esa Isroil bilan UNRWA o‘rtasida 1967-yilda tuzilgan shartnoma to‘xtatilishi va endilikda Isroildagi davlat instansiyalari UNRWA va uning vakillari bilan muloqot qilmasligi qayd etilgan.

Knessetning mudofaa va tashqi ishlar qo‘mitasi raisi Yoel Edelshteyn "UNRWA faoliyati falastinlik muammolarini hal qilishga emas, balki bu muammo abadiy muammoga aylanishiga qaratilgan", deya bayonot berdi, deb xabar qildi The Jerusalem Post.

Edelshteyn falastinliklarga gumanitar yordam ko‘rsatilishi uchun Isroil tomonidan qaysi tashkilot UNRWAga voris o‘laroq ko‘rilayotganiga aniqlik kiritgan emas.

UNRWA rahbari Filipp Lazzarini Knesset qarorini “misli ko‘rilmagan” va “xavfli pretsedent yaratuvchi” ekanini bildirib, uning BMT Xartiyasiga zid kelishi va Isroilning xalqaro qonunchilik oldidagi majburiyatlariga to‘g‘ri kelmasligini urg‘ulagan. U mazkur qaror faqatgina falastinliklar azob-uqubatini yanada orttirishini aytgan.

Isroil UNRWA xodimlarini G‘azo sektoridagi radikal guruhlar faoliyatiga aloqadorlikda, UNRWA esa Isroilni falastinliklarga jabr-zulm qilib, G‘azo sektoridagi gumanitar buhronni yanada chuqurlashtirayotganlikda ayblab keladi.

BMTning falastinlik qochkinlarga yordam bo‘yicha Yaqin Sharq agentligi 1949-yilda tashkil etilgan. U Isroil hududidan Suriya, Livan, G‘azo sektori va Urdun daryosining g‘arbiy sohiliga qochgan falastinlik qochqinlarga yordam berish bilan shug‘ullanib keladi. UNRWA falastinlik qochqinlar uchun ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatni tashkil etish uchun mas’ul tashkilot bo‘lib hisoblanadi. UNRWAning eng yirik moliyaviy donorlaridan biri AQSHdir.