Isroil prezidenti: Livanda peyjerlar portlashiga aloqamiz yo‘q

Yaqin Sharq, Livan.

Isroil prezidenti Itsxak Gersog uning mamlakati Livanda peyjerlar hamda boshqa aloqa qurilmalarining yoppasiga portlashiga aloqador emasligini aytdi.

“Men darhol bu yoki boshqa amaliyotga aloqador ekanimizni rad etaman”, degan Itsxak Gersog Sky News telekanaliga bergan intervyusida.

Isroil Livan bilan urushga kirish niyatida emasligini aytgan siyosatchi “Hizbulloh” harakatini Livanda boshboshdoqlik va vayronagarchiliklar keltirib chiqarishda ayblagan.

17-18-sentyabr kunlari Livan radikal shia guruhi “Hizbulloh” a’zolari foydalangan minglab peyjerlar, portativ ratsiyalar va mobil aloqa vositalari portladi.

Portlashlar oqibatida o‘ndan ziyod odam halok bo‘ldi, ular orasida “Hizbulloh” a’zolari ham, tinch aholi vakillari ham bor. Uch mingga yaqin kishi jarohat olgan.
AQSH va boshqa qator davlatlarda terrorchi tashkilot deb e’lon qilingan “Hizbulloh” harakati ushbu portlashlarda Isroilni aybladi.

Reuters agentligi ham portlash ortida “Mossad” razvedka xizmati turgani haqida yozdi.
ABC News telekanali AQSH razvedka xizmatidagi manbalariga tayanib xabar berishicha, Tel-Aviv peyjerlarni portlatish amaliyotini kamida 15 yil davomida rejalashtirgan.
Isroil rasmiylari hozirga qadar portlashlar yuzasidan izoh bermay kelayotgandi.