Isroil qo‘shinlari Rafah shahri markazida harakatlanmoqda

Isroil qo‘shinlari G‘azo sektori janubidagi Rafah shahri markaziga kirib borishgan, deya xabar qilishdi NBC va Reuters jurnalistlari guvohlar so‘zlariga tayangan holda.

Isroil armiyasi (SAXAL) Rafah markazi tomon yurilayotganiga oid ma’lumotlarni izohsiz qoldirgan holda, shaharda amaliyot davom etayotganini ma’lum qilgan. Xabarnomada isroillik harbiylar tunda Misr bilan G‘azo sektori o‘rtasidagi chegarada qalqon hududi bo‘lib xizmat qiluvchi Filadelfiya yo‘lagida harakatlanishgani aytilgan.

Rafahliklar tunda isroilliklar “shaharni tanklardan o‘qqa tutib, havo zarbalari berganlari”ni aytishgan. Isroil armiyasi shaharda “terror hadaflari borligini ko‘rsatuvchi razvedka ma’lumotlariga asoslangan holda tezkor tadbirlar” o‘tkazilganini bildirishgan.

“Qo‘shinlar terrorchilar bilan yaqin masofada jang olib borishmoqda, terrorchilarning bu mavzedagi yerosti yo‘llari, qurol-aslahalari va boshqa infratuzilma obyektlarini topishmoqda”, deyligan SAXAL xabarnomasida.

Avvalroq Isroilning 27-mayga o‘tar kechasi Rafahga bergan zarbasi xalqaro hamjamiyat, shu jumladan BMT, YI va gumanitar tashkilotlar tomonidan qoralab chiqilgan edi. Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel Isroil BMT sudining Rafahga hujumni to‘xtatish majburiyatiga oid qarorini hurmat qilishi lozimligini bildirgan.

Isroil harbiy va siyosiy rahbariyati G‘azo sektoridagi maqsadlari AQSH va YIda terror tashkiloti deb tan olingan HAMAS guruhini yo‘q qilib bo‘lib hisoblanishini urg‘ulamoqda.

Isroilning G‘azo sektoridagi amaliyoti HAMAS vakillari o‘tgan yil 7-oktyabrida Isroil janubiga hujum qilib, 1200 dan ziyod tinch aholi vakilini o‘ldirgani, 250 dan ziyod kishini garovga olgani ortidan boshlagan. Isroil Rafahni “jihodchilarning so‘nggi tayanch nuqtasi” deb hisoblaydi.

Politico nashrining yozishicha, AQSH razvedkasi amaliyot boshidan buyon HAMAS o‘z shaxsiy tarkibining 30-35 foizini yo‘qotdi, deb hisoblaydi. G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi Isroilning sektordagi harbiy amaliyoti chog‘ida 36 mingdan ziyod tinch aholi vakili nobud bo‘lganini bildirgan.