Isroil shimolidagi Xurfeysh qishlog‘i 5-iyun oqshomida dron hujumiga nishon bo‘ldi. Isroilning Magen David Adom “tez yordam” xizmati ma’lumotiga ko‘ra, hodisa chog‘ida kamida 11 kishi yaralangan, ulardan birining ahvoli o‘ta og‘ir ekani aytilmoqda.
Jangovar dronlar Livan hududidan uchirilgan. Noma’lum sababga ko‘ra havo trevogasi signali yangramagan, “Temir gumbaz” havodan mudofaa tizimi ishga tushmagan. Dastavval bir kamikadze droni ichida Isroil armiyasi harbiylar doxil odamlar bo‘lgan futbol maydoniga zarba bergan.
Ikkinchi dron keyinroq - voqea joyiga “tez yordam” yetib kelgan paytda uchib kelgan. Uning zarbasidan keyin bir necha medik yengil jarohat olgan.
Livanda Eron tomonidan dastaklanuvchi “Hizbulloh” radikal guruhi faoliyat yuritadi. Guruh vakillari o‘zlariga aloqador bo‘lgan Al-Mayadeen axborot agentligiga “dushman Isroil askarlariga qarata to‘g‘ridan to‘g‘ri zarba berilgan”ini bildirishgan.
Isroil armiyasi (SAXAL) ogohlantiruvchi tizimlar nega ishga tushmagani yuzasidan tekshiruv o‘tkazmoqda.
“Hizbulloh” Isroil hududini shimoldan - Livan va Suriya hududidan muntazam ravishda o‘qqa tutib turadi. Chorshanba oqshomida u yerdagi ko‘plab aholi punktlarida havo trevogasi signallari yangragan.