Isroillik harbiylar Livanga hujum rejasini tasdiqlashdi

Kiryat-Shmona shahri yaqinida Isroil qo‘shinlari bilan "Hizbulloh" jangarilari o‘rtasidagi to‘qnashuvdan lavha

Isroil armiyasi Shimoliy harbiy okrugi qo‘mondoni general Ori Gordin va Bosh shtab Tezkor boshqarmasi boshlig‘i Oded Basyuk 18-iyun kuni Isroil armiyasining Livan hududiga hujumi rejasini tasdiqlashgan. Bu haqda Times of Israel nashri xabar qildi.

Qo‘mondonlik qo‘shinlarni tezkor ravishda jangovar shaylik holatiga keltirish haqida ham qaror qabul qilgan.

Bu ma’lumot Livandagi “Hizbulloh” radikal guruhi va uning ittifoqchilari bo‘lgan falastinlik qurolli otryadlarning Isroil shimoliga hujumlari ko‘paygan paytda paydo bo‘ldi.

Avvalroq Isroil o‘tgan yilning 7-oktyabrida sodir bo‘lgan ayovsiz hujumlar manzarasida bundan buyon o‘z chegaralari yaqinida “Hizbulloh”ning yurishiga toqat qilolmasligidan ogohlantirgan.

Isroil rasmiylari qurolli mojaroni to‘xtatish bo‘yicha diplomatik sa’y-harakatlar muvaffaqiyatsiz yakunlangan taqdirda, Isroil armiyasi “Hizbulloh”ni shimoliy yo‘nalishdan siqib chiqarish uchun harbiy amaliyot boshlashini bildirgan.