Ularning ba’zilari Suriya qamoqxonasining kulrang beton yo‘laklaridan zombidek alanglab chiqib keladi. Boshqalar esa yillar davomida ko‘rishmagan qarindoshlari bilan birga yig‘lashardi. Boshqalari esa "odamlar qassobxonasi" deb atalgan qamoqxonalarni tark etib, ozodlikka chiqqanlaridan shod-xurram bo‘lib yig‘lashardi. Suriya diktatori Bashar Asad rejimi qulashi Suriyaliklar nafratlanadigan mamlakat ichki xavfsizlik xizmatlari qanchalik shafqatsiz bo‘lgani haqidagi Pandora qutisini ochdi. Bunga asosiy misol sifatida Damashq shimolidagi harbiy majmua – Saydnaya qamoqxonasini keltirish mumkin. Bu yerda o‘n minglab mahbuslar ko‘p yillar davomida qiynoqqa solingan, qatl etilgan.
2011-yildan 2018-yilgacha, Londonda joylashgan Suriya Inson huquqlari monitoringi markazi hisob-kitoblariga ko‘ra, 30 000 dan ortiq mahbus "Saydnaya" qamoqxonasida qatl qilingan yoki ochlik, tibbiy yordam yo‘qligi yoki qiynoqlardan vafot etgan.
"Saydnaya" qamoqxonasi butunlay Suriya "ixtiro"si edi, deydi Amnesty International inson huquqlari tashkiloti tadqiqot bo‘limi rahbari Filip Lyuter. Dastlab u gumon qilinayotgan islomiy ekstremistlarni, keyinchalik esa siyosiy mahbuslarni yoki rejimga tahdid deb hisoblangan har qanday shaxsni hibsga olish va jazolash uchun mo‘ljallangan edi.
Bashar Asad Moskvaga qochganidan keyin suriyaliklar ilgari kirib bo‘lmaydigan qamoqxonaga yopirilib, temir eshiklarni ochib, ba’zilari o‘nlab yillardan beri qamoqda o‘tirgan odamlarni ozod qilishdi.
Odamlarni qiynash uchun mo‘ljallangan deb taxmin qilinayotgan press, yuzlab juft poyabzal – "Saydnaya" qamoqxonasi natsistlarning o‘lim lagerlarini eslatishi mumkin edi. Ehtimol, bu tasodifiy emasdir: taxminlardan biriga ko‘ra, SSning sobiq gauptshturmfyureri va Adolf Eyxmanning asosiy safdoshlaridan biri bo‘lgan Aloiz Brunner "yahudiylar masalasining yakuniy yechimini" amalga oshirishda natsistlarning nomaqbullarni yo‘q qilish usullarini Suriyaga "import qilgan." U 1954-yilda Suriyaga qochib ketgan va Damashqda kun kechirgan, Suriya maxsus xizmatlariga maslahat bergan va Isroil qamoqxonasidan Adolf Eyxmanni o‘g‘irlashni rejalashtirgan. Brunner yaqinda – 2010-yilda vafot etgan.
"Suriya rejimi "Saydnaya" qamoqxonasini tashkil etish yoki faoliyatini ta’minlashda ko‘rsatmalarga amal qilganmi yoki Eron yoki Rossiya kabi tashqi kuchlardan ilhomlanganmi, menga ma’lum emas, – deydi Filipp Lyuter. – Bu qamoqxonaning ishi Suriya hukumatining aniq maqsadlariga, birinchi navbatda, ularning shaxsiy xavfsizligiga qaratilgan edi."
Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan va Ozodlik radiosi tasdiqlagan videolarda qamoqxona qaydlarini qayta ko‘rib chiqayotgan odamlar va majmua yo‘laklarini to‘ldirib, ozodlikni nishonlayotgan o‘nlab erkaklar aks etgan.
Ba’zilari, aftidan, sarosimaga tushib, ozodlikka chiqqanliklarini tushunmayotganga o‘xshardi.
"Qo‘rqmang! Rejim quladi! Qo‘rqmang! Siz ozodsiz! – deydi yana bir tasdiqlangan videodagi odam. – Ket, qariya! Xudoga shukur, omon qolding! Sen ozodsan!"
"Men 9 yildan beri pechenye yemadim," – deydi videoda boshqa bir erkak va bir vaqtning o‘zida yana bir mahbusga shirinlik beradi.
"Saydnaya" qamoqxonasi Asadning muxoliflari nazoratiga o‘tgandan so‘ng, majmuada kamerali yerosti qavatlari borligi haqida mish-mishlar tarqaldi. O‘shanda Asad nazorati ostida bo‘lmagan hududlarda faoliyat yuritgan Suriya insonparvarlik tashkiloti "Oq kaskalar" sonar va qaytarma bolg‘alar yordamida qidiruv ishlarini boshlagan.
"Oq kaskalar" 9-dekabr kuni qamoqxonada "aniqlanmagan yoki yashirin hududlarni" topmaganliklarini ma’lum qilgandi.
2017-yilda AQSH Davlat departamenti Suriya hukumatini "Saydnaya"da krematoriy qurishda, shuningdek, qamoqxona xodimlari har kuni 50 tagacha odamni, asosan, osib, jasadlarni umumiy qabrga tashlash orqali qatl qilishda aybladi. Amerika rasmiylari, shuningdek, Suriya qotilliklarni "Rossiya va Eronning cheksiz yordami bilan" amalga oshirganini ta’kidladi, ammo keyinchalik Rossiya yoki Eronning krematoriy yoki ommaviy qatllarga aloqadorligini isbotlovchi dalil topa olmaganliklarini aniqlashtirdilar.
"Bu "Saydnaya" turmasidan. Bu kameralar. Mana ularga beriladigan ovqat. Faqat karam," deydi bir erkak Asadning muxoliflari qamoqdan ozod qilinganidan keyin suratga olingan videoda.
Omon qolgan mahbuslar va ularning qarindoshlari aytishicha, ba’zi mahbuslar "Saydnaya"da yillar, hatto o‘n yillar davomida bo‘lishgan. Videolardan birida gapira olmaydigan va "Saydnaya"da 13 yil o‘tirgan erkak tasvirlangan.
"Saydnaya"dagi tantanaga o‘xshash voqealarni Damashqning boshqa tumanlarida, shuningdek, boshqa shaharlardagi o‘nlab qamoqxonalarda ham ko‘rish mumkin edi.
"O‘n yil qamoqda! O‘n yil!" deb qichqiradi 8-dekabr kuni ozod etilgan mahbus Damashqdagi Energetika vazirligi yonidan yugurib o‘tayotgan bir guruh erkaklar tasvirlangan videosida.
Ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan quyidagi videoda Suriyaning turli qamoqxonalarida yillar davomida saqlangan noma’lum ayol tasvirlangan. U ikki kichik farzandi bilan qayta uchrashib, ko‘z yoshlarini to‘xtata olmaydi.
12 yil qamoqda o‘tirgan va hozirda "Saydnaya" qamoqxonasidagi mahbuslar va bedarak yo‘qolganlar uyushmasining hammuassisi bo‘lgan Riyad Avlar bu qamoqxonani Shimoliy Koreya qamoqxonalariga o‘xshatadi. "Odamlar tushunishi kerak bo‘lgan narsa shuki, Asad rejimi natsistlarga o‘xshardi," deydi Avlar Ozodlik radiosi bilan suhbatda.
Suriya qamoqxonalarida taqdiri haqida kam ma’lumot bo‘lgan chet el fuqarolari ham bor edi. Jumladan, Missuri shtatidan bo‘lgan Amerika fuqarosi Travis Timmerman yetti oylik qamoqdan so‘ng Damashqdagi qamoqxonadan ozod qilindi.
CBS News bilan suhbatda Timmerman Suriyaga Livandan "xristianlik ruhoniy maqsadlari" bilan noqonuniy ravishda kelganini aytadi. U qamoqda saqlash sharoitlari unchalik og‘ir bo‘lmaganini ta’kidladi.
Amerikalikning so‘zlariga ko‘ra, 9-dekabr kuni avtomatlar bilan qurollangan ikki kishi uning kamerasi eshigini bolg‘a bilan buzib kirgan, shundan so‘ng u hech qanday qarshiliksiz qamoqxonadan chiqib ketgan. Amerikalik qamoqxonani ozod etilgan mahbuslarning katta guruhi bilan birga tark etganini qo‘shimcha qildi.
AQSH Davlat departamenti amerikalik fuqaroning "Damashqdan tashqarida" ekanligini tasdiqladi va unga zarur yordam ko‘rsatilayotganini ma’lum qildi.
13-dekabr kuni kechqurun "Hay’at Tahrir ash-Shom" guruhi Travis Timmermanning Deyr az-Zor hududida amerikalik harbiylarga topshirilganini aks ettiruvchi suratni e’lon qildi.
2024-yil noyabr oyi oxirida Suriya muxolifat guruhlari hukumat armiyasi qo‘shinlariga qarshi hujum boshladi. 8-dekabrga o‘tar kechasi guruhlar Damashqqa bostirib kirdi va prezident Bashar Asad rejimi ag‘darilganini e’lon qildi. Asad mamlakatdan qochib ketdi, xabar qilinishicha, Rossiyada boshpana topdi. O‘shandan beri u jamoatchilik oldida ko‘rinmadi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди