Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 18-19-iyul kunlari O‘zbekistonga davlat tashrifini amalga oshiradi. Bu haqda Qirg‘iziston prezidenti ma’muriyati tashqi siyosat bo‘limi mudiri Muratbek Azimbakiyev ma’lum qildi.
“Tashrif doirasida Sadir Japarov O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan ikki tomonlama muzokaralarni olib boradi. Tomonlar o‘zaro manfaatli bo‘lgan barcha yo‘nalishlar bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini hamda qirg‘iz-o‘zbek aloqalarini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilishadi”, deya bildirgan qirg‘iz mulozimi.
Azimbakiyev prezident Japarov Toshkentda O‘zbekistondagi Qirg‘iziston madaniyati kunlarini rasmiy ochilish marosimida, shuningdek, mezbon prezident bilan birgalikda ikki tomonlama loyihalarning onlayn ochilish marosimida ishtirok etishini ma’lum qilgan.
Bundan tashqari, Sadir Japarovning tashrifi chog‘ida O‘zbekiston-Qirg‘iziston biznes-forumi va ikki davlat oliy ta’lim muassasalari rektorlarining forumi bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Qirg‘iziston prezidenti O‘zbekistonga so‘nggi marta o‘tgan yilning noyabr oyida safar qilgan edi.