Japarov: Xalqaro temiryo‘l qurilishi oktyabr oyida boshlanadi

Illyustrativ surat

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi shu yilning oktyabr oyida boshlanishini bildirdi. Bu haqda u 6-may kuni O‘shga xizmat safari chog‘ida ma’lum qilgan.

Japarovga ko‘ra, hozirda Qirg‘iziston logistika nuqtayi nazaridan “boshi berk ko‘cha”dagi davlat bo‘lib hisoblanadi, u dunyoga chiqish uchun Qozog‘iston va Rossiya temir yo‘llaridan foydalanishga majbur.

“Temir yo‘l qurib bitkazilganidan keyin biz dunyoga chiqa olamiz. Bu bizning o‘z yo‘limiz bo‘ladi”, degan Qirg‘iziston prezidenti.

Mart oyida Japarov Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi doirasida tomonlar “loyihani amalga oshirish mexanizmi to‘g‘risida umumiy anglashuvga erishganlar”ini ma’lum qilgan edi.

Iqtisodiy tahlilchi Iskender Sharsheyev Ozodlikning qirg‘iz xizmatiga bergan intervyusida temir yo‘l Qirg‘izistonga iqtisodiy foydalar keltirishi, masalan, mamlakatning Markaziy va Janubiy-Sharqiy Osiyodagi boshqa davlatlar hamda Yevropa bilan transport aloqalarini kuchaytirishi, shuningdek, yangi ish o‘rinlari yaratishini qayd etgan.

Ayni paytda ekspert yirik xalqaro va mintaqaviy investorlar dastagisiz hamda xalqaro moliyaviy tashkilotlardan olinadigan yordamsiz Qirg‘izistonning bu loyihani mustaqil ravishda moliyalashtirishga kuchi yetmasligini urg‘ulagan.

Qirg‘iz rasmiylari rejasiga ko‘ra, temir yo‘lning Qirg‘izistondan o‘tadigan 311 kilometrlik qismi “To‘rug‘art – Qo‘shdo‘bo‘ – Kazarman – Jalolobod” yo‘nalishi bo‘ylab o‘tadi, qurilishning taxminiy qiymati esa 4,7 milliard dollarni tashkil etadi.

Loyihaning texnik-iqtisodiy asoslamasi Xitoy temir yo‘l qurilishi korporatsiyasi loyiha-tadqiqot instituti tomonidan hozirlangan. 2023-yilning iyul oyida tomonlar bunga oid ishlar yakunlanganini bildirishib, temir yo‘l loyihasi qurilishining texnik-iqtisodiy maqsadga muvofiqligini tasdiqlashgan.