Jazo muddati o‘zgarishsiz qoldirilgan bloger Otabek Sattoriy Navoiydagi qamoqxonaga ko‘chirildi

Bloger Otabek Sattoriy sud zalida

6,5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan bloger Otabek Sattoriy Navoiydagi qamoqxonaga ko‘chirildi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan bu ma’lumotni Ozodlikka mahkumning advokati tasdiqladi.

Advokatning aytishicha, bloger 28 - iyul kuni Navoiy viloyat, Navoiy shahrida joylashgan 4- sonli jazoni ijro etish koloniyasiga etap qilingan.

15 - iyulda Otabek Sattoriyning apellyatsiya arizasini ko‘rib chiqqan Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi blogerga nisbatan Surxondaryo viloyat, Muzrabot tuman sudi 2021 - yil 10 - may kuni chiqargan hukmni o‘z kuchida qoldirgan.

Muzrabot tuman sudi 40 yoshli Otabek Sattoriyni 6,5 yilga ozodlikdan mahrum qilgan edi.

Advokat Umid Davletovning 2 - avgustda Ozodlikka aytishicha, bloger Otabek Sattoriy 28 - iyulgacha Termizdagi tergov hibsxonasida saqlangan va shu kuni Navoiy shahrida joylashgan 4- sonli jazoni ijro etish koloniyasiga etap qilingan.

Advokatning aytishicha, Otabek Sattoriyning ishi bo‘yicha Oliy sudga arz qilish imkoniyati bor. Mahkumning yaqinlari bu imkoniyatdan foydalanmoqchi va ariza topshiriladi.

“Hukm chiqqanidan buyon mijozim bilan uchrasha olganim yo‘q, chunki IIV jazoni ijro etish muassasalarida koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq karantin joriy qilgan”, dedi Umid Davletov.

YouTube portalidagi “Xalq fikri” videoblogida tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan Otabek Sattoriy shu yilning 30 - yanvarida Termizdagi uyidan fuqaro kiyimidagi xodimlar tomonidan olib ketilgandi.

10 - may kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyat, Muzrabot tuman sudi bloger Otabek Sattoriyni 6 yarim yilga ozodlikdan mahrum qilish to‘g‘risida hukm chiqargan.

Otabek Sattoriy Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi “a”, “g” bandlari (og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab, g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda tuhmat qilish) va 165-moddasi 3-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdordagi tovlamachilik) da aybdor deb topgan. Otabek Sattoriy sudda ayblovni tan olgan emas.

Bloger ustidan Apellyatsiya sudi 29 - iyun kuni boshlangan edi. Apellyatsiya arizasi yuzasidan jarayon Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi tomonidan Surxondaryo viloyat markazi Termiz shahrida o‘tkazildi.

Advokat Umid Davletov 2 - avgust kuni sud hukmi yuzasidan Ozodlikka bunday dedi:

“Sud biz keltirgan dalillarni inobatga olmagani meni qattiq o‘ylantiryapti. Himoyaning juda ko‘plab savollari javobsiz qolib ketdi”.

Advokat Umid Davletov himoyasidagi bloger ustidan o‘tkazilayotgan sud jarayonining 14 - iyul kungi majlisida Sattoriyga qo‘yilgan ayblov dalillar bilan isbotlanmaganini ta’kidlagan:

“Ayblovchilar Otabek Sattoriy o‘z shartlarini mashinaning ichida salfetkaga yozib bergan deb da’vo qilishgan. Bu borada eksperiment o‘tkazib ko‘rganimizda, buning hech qanday iloji yo‘qligini ko‘rdik. Oradan sal vaqt o‘tganidan keyin ular o‘z ko‘rsatmalarini o‘zgartirib, yozuvlarni Otabek Sattoriy uyida tayyorlab chiqqanligini aytishdi.

Xo‘p, shunday ham deylik, Otabek Sattoriy jinni bo‘ldimiki, uyida qog‘ozi bo‘la turib, salfetkaga yozib chiqadigan. Yoki qog‘ozi yo‘q deb o‘ylaysizlarmi? Bu ham mayli, yozib chiqqanligini tasdiqlovchi dalil bormi? Qani o‘sha dalil? Endi Otabek yo‘llagan SMSga to‘xtaladigan bo‘lsam, u yerda “kattang” deyilgan ekan.

Otabek haqiqatan ham ta’magir bo‘lsa, nega ertasigayoq huquqni muhofaza qiluvchi organlarga bu borada murojaat qilinmagan? Otabek Sattoriy otam kelsa ham baribir videoni chiqaraman deb gapirgan. Shunaqa gapirdimi demak, bu yerdan bir narsani bilish mumkin. Otabekning ulardan hech qanday manfaatdor tomoni bo‘lmagan. Qolaversa, 10 ming AQSh dollarini so‘raganini tasdiqlovchi birorta dalil yo‘q. Agar uning moddiy manfaatdorligi bo‘lganida o‘rtaga shartlar qo‘yib aytardi!”

Human Rights Watch xalqaro tashkiloti tomonidan 11 - may kuni yoyinlangan bayonotda, mustaqil bloger Otabek Sattoriyning qamalishi haqida sud tomonidan chiqarilgan hukm so‘z erkinligiga qarshi zarba va mahkama xatosi bo‘lib hisoblanadi, deyilgan.

HRW vakillariga ko‘ra, O‘zbekiston rahbariyati, jumladan prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatda o‘tkazilayotgan islohotlar markaziga inson haqlariga hurmat tamoyili qo‘yilayotganini baralla aytib kelmoqda, ammo bu o‘rinda amallar so‘zlarga zid kelayotir.

Parijdagi “Chegara bilmas muxbirlar” xalqaro tashkilotining matbuot erkinligi bo‘yicha bu yilgi reytingida O‘zbekiston bir pog‘ona pastlagan.

Tashkilot o‘tgan oy e’lon qilgan hisobotida O‘zbekistonni 180 davlat ichida 157-o‘ringa qo‘ygan. 2020 - yildagi reytingda O‘zbekiston 156-o‘rinni egallagani e’tiborga olinsa, bu yil mamlakatda matbuot erkinligi bilan bog‘liq holat yomonlashgani anglashiladi.