Jizzaxda bog‘cha bolalarini kaltaklagan tarbiyachi ishdan bo‘shatildi

Illyustrativ surat

Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanidagi bolalar bog‘chasida tarbiyalanuvchilarni kaltaklagan xodima ishdan bo‘shatilgan. Bu haqda Jizzax viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qildi.

Joriy yilning 20-iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda bir ayolning bolalarni shippak bilan urayotgani aks etmish video tarqalgan edi. Aniqlanishicha, videodagi holat G‘allaoroldagi 16-bog‘chada sodir bo‘lgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Jizzax viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi va G‘allaorol tumani MMTB mas’ullari tomonidan ishchi guruhi tuzilgan. Holat o‘rganilishi davomida tasvirda noxush hodisa 16-bog‘cha tarbiyachisi tomonidan sodir etilgani tasdiqlangan.

Buning ortidan tarbiyachi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan va u egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

Boshqarma xabarnomasida bog‘chadagi holat yuzasidan xizmat tekshiruvi davom etayotgani qo‘shimcha qilingan.