Qirg‘iziston parlamenti deputatlari birvarakayiga uch o‘qishda O‘zbekiston, Xitoy va Qirg‘iziston hukumatlari o‘rtasidagi “Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston” temir yo‘li loyihasini birgalikda ilgarilatish bo‘yicha hamkorlikka oid shartnomani ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qullashgan. Mazkur qaror deputatlar tomonidan 19-iyun kuni qabul qilingan.
Ozodlikning qirg‘iz xizmati xabariga ko‘ra, shartnomaga oid ma’lumotni Qirg‘iziston transport va aloqa vazirining o‘rinbosari Irisbek Bariyev taqdim etgan. U qonun loyihasining qabul qilinishi temir yo‘l qurilishi loyihasi bo‘yicha amaliy ishga o‘tishga imkon berishini aytgan. Shuningdek, vazir muoviniga ko‘ra, loyiha amalga oshirilishi hisobiga 10 mingdan ziyod ish o‘rni yaratiladi.
Shartnomaning o‘zi uch mamlakat vakillari tomonidan 6-iyun kuni Pekinda imzolangan. Keyin Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi loyihani ratifikatsiya qilish uchun Jo‘g‘o‘rqu Keneshga kiritib, hujjatni birvarakayiga uch o‘qishda navbatdan tashqari ko‘rib chiqishni so‘raganyu
Hujjatga muvofiq, Qirg‘iziston, Xitoy va O‘zbekiston temir yo‘l loyihasini amalga oshirish uchun Qo‘shma loyihaviy kompaniya (QLK) tuzishadi. QPK faoliyatini ta’minlash uchun ustav kapitalidagi ulushlar uch mamlakat o‘rtasida taqsimlanadi: ulushning 51 foizi Xitoyga, 24,5 foizdan esa Qirg‘iziston bilan O‘zbekistonga tegadi.
Shartnomada temir yo‘l yo‘nalishi “Qashg‘ar - To‘rug‘art - Maqmal - Jalolobod - Andijon” shaklida ko‘rsatilgan.
Avvalroq loyiha 4,7 millaird dollarga baholanayotgani, undan 2 milliard 350 million dollarini kredit sifatida QLK olishi ma’lum bo‘lgan. Qolgan summa esa uch mamlakatning har bir tomonidan kiritiladi.
Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi rahbari Aqilbek Japarovga ko‘ra, temir yo‘l qurilishini 2024-yil avgustidanoq boshlash rejalangan.