O‘zbekistonda 2025/2026-o‘quv yilidan e’tiboran maktab darsliklari va mashq daftarlari to‘plami ijarasi uchun to‘lovlar qayta joriy etilmoqda.
Yangi byudjet loyihasiga ko‘ra, 2024-yilda bir o‘quvchi uchun bitta darslik va ish daftarlarining o‘rtacha narxi 450-500 ming so‘mni tashkil etgan.
Hukumat bitta darslik to‘plami uchun 80 ming so‘m, ya’ni umumiy narxning qariyb 18 foizi miqdorida to‘lov joriy etishni taklif qilmoqda.
“Darsliklar va mashq daftarlarining to‘liq davlat byudjeti hisobidan chop etilishi ota-onalar mas’uliyati pasayib ketishi va darsliklarga nisbatan e’tiborsiz munosabatda bo‘lish holatlarini keltirib chiqarmoqda”, deyilgan budjet loyihasida.
Gazeta.uz xabariga ko‘ra, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Temurjon Komilov 29-oktyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ijara to‘lovi kiritilishi budjet yuklamasini taxminan 376 milliard so‘mga kamaytirishini aytgan.
Joriy yilda darsliklar uchun 1,5 trillion so‘m, kelasi yili esa 1,3 trillion so‘m sarflanishi kutilmoqda.
2022-yilda Ta’lim vazirligi “jahon bozorida qog‘oz narxi oshgani” vajidan darsliklar ijara haqini keskin oshirgandi. O‘shanda jamoatchilikning kuchli e’tirozi ortidan “darslik puli” bekor qilingan.
Hozir ham faollar darsliklar uchun ijara to‘lovi tiklanishini Konstitutsiyaga zid chora, deya tanqid qilishmoqda.