Kipr hukumati investitsiya dasturi doirasida chet elliklarga berilgan “oltin pasport”larni bekor qilishda davom etmoqda. 77 kishidan iborat navbatdagi ro‘yxatni Politis nashri e’lon qildi.
Nashrga ko‘ra, ushbu ro‘yxat taxminan bir oy avval tuzilgan bo‘lib, unda qayd etilgan shaxslar bo‘yicha Kipr hukumatining qarori allaqachon qabul qilingan. “Ro‘yxatga rossiyalik mashhur milliarderlar, shuningdek firibgarligi va moliyaviy jinoyatlari uchun birinchi raqam bilan xalqaro qidiruvga berilgan malayziyalik birja brokeri Jo Lou kiritilgan”, deyiladi maqolada.
Aytilishicha, nafaqat chet ellik investorlar, balki ularning oila a’zolari ham “oltin pasport”laridan ayrilgan. Politis chop etgan hujjat nusxasida rus oligarxlarining ismlari bilan bir xil ismlarni ko‘rish mumkin, ismlar yonida esa shaxsning yaqin qarindoshlarida mavjud “oltin pasport”lar soni qavs ichida ko‘rsatilgan. Xususan, ro‘yxatda “Rusal” asoschisi Oleg Deripaska (+3), uning tog‘avachchasi Pavel Yezubov (+6), “Safmar” guruhi asoschisi Mixail Gutseriyev (+7), xonanda Alsuning sobiq eri va biznesmen Yan Abramov (+4), “Alfa-Grupp” asoschisi Aleksey Kuzmichyov (+5), Alisher Usmonovning singlisi Gulbahor Ismoilova (+1), Chelyabinsk viloyati sobiq gubernatori Mixail Yurevich (+7), “Rusagro” egasi Vadim Moshkovich, shuningdek “Merkuriy” shirkatlar guruhi egasi Igor Kesayev (+1), “Sheremetyevo” direktorlar kengashining sobiq raisi Aleksandr Ponomarenko (+4), FSB sobiq tergovchisi Sergey Kovbasyuk (+4), “Transneft” rahbari Nikolay Tokarevning qizi Mayya Bolotova (+1) va boshqalar bor.
Ro‘yxatda ushbu shaxslarning pasport olishiga ko‘maklashgan vositachilar, jumladan yuridik va auditorlik firmalari nomlari ham keltirilgan.
Politis yozishicha, Kipr “oltin pasporti” sobiq egalaridan ba’zilariga nisbatan jinoyat ishlari ochilgan va politsiya tergov olib bormoqda. Nashr chet ellik yolg‘on yoki chalg‘ituvchi ma’lumot taqdim etgan, sudlanganligi aniqlangan yoki naturallashtirish shartlariga rioya qilmagan hollarda u investitsiya dasturidan o‘chirilishini eslatib o‘tgan.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
O‘tgan yilning noyabrida surishtiruvchi jurnalistlar birlashmasi (ICIJ) Kipr hukumatini 10 yildan beri rossiyalik biznesmenlarga sanksiyalarni aylanib o‘tishda yordam berayotganlikda ayblab chiqqan edi. Jurnalistlarga ko‘ra, sanksiyalarga uchragan rossiyalik tadbirkorlar Kipr ko‘chmas mulk bozoriga sarmoya tikishgan va ularning investitsiyalari mamlakatda qurilishlar avj olishiga olib kelgan.
2024-yilning oktyabrida Kiprning eng yirik banki – Bank of Cyprus Ukrainaga to‘laqonli bosqin boshlanganidan so‘ng Rossiya fuqarosi bo‘lmish yetti ming nafar mijoziga tegishli 20 mingga yaqin hisob raqamni yopgani xabar qilindi. Forbes manbasi nafaqat Bank of Cyprus, balki Hellenic Bank va Alpha Bank singari mahalliy banklar ham sanksiyaga yo‘liqishdan qo‘rqib rossiyaliklarning hisobraqamlarini yopa boshlaganini aytdi.
O‘zbek aslli rossiyalik oligarx Alisher Usmonov 2022-yil fevralda, Rossiya Ukrainaga qarshi to‘laqonli bosqin boshlaganidan atigi bir necha kun o‘tib YI sanksiyalariga uchragan. YI sanksiyalari asoslamasida Usmonov “Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan juda yaqin aloqalarga ega oligarx” deya ta’riflangan edi. Keyinroq Qo‘shma Shtatlar, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Kanada va Yaponiya ham unga nisbatan sanksiyalar qo‘lladi. Ushbu mamlakatlar oligarxning Kremlga yaqinligini urg‘ulab, uni Putin rejimini dastaklashda ayblagan.
Alisher Usmonov Rossiyaning eng badavlat odamlaridan biri hisoblanadi. 2024-yilda u 13,4 mlrd dollar boyligi bilan Forbes tuzgan rossiyalik milliarderlar reytingida 9-o‘rinni egallagan.
Alisher Usmonovning singlisi Gulbahor Ismoilova ham sanksiya qo‘llanganlar ro‘yxatida. Unda O‘zbekistondan tashqari, Rossiya fuqaroligi ham bor.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
2022-yilda Financial Times gazetasi O‘zbekiston hukumati YIdan Alisher Usmonovga solingan sanksiyalarni bekor qilishni so‘ragani va buni cheklovlar tadbirkorning O‘zbekiston iqtisodiyotiga investitsiya kiritishiga xalal berayotgani bilan izohlagani haqida yozgan edi. Rasmiy Toshkent Gulbahor Ismoilovani ham “qora ro‘yxat”dan chiqarishni iltimos qilgani aytiladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Ismoilova oligarx akasining ayrim aktivlariga egalik qiladi, jumladan, 600 million dollar turadigan “Dilbar” superyaxtasi ham uning nomiga rasmiylashtirilgan.
Joriy yilning may oyida Yevropa ittifoqi sudi Gulbahor Ismoilovaning sanksiyalarni bekor qilish to‘g‘risidagi arizasini qanoatlantirishni rad etgan.