Kiyev ikkinchi tinchlik sammiti noyabr oyigacha o‘tishini istamoqda

Ukraina urushni to‘xtatish yo‘llarini izlab topish uchun ikkinchi tinchlik sammitini AQSHda noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan prezident sayloviga qadar o‘tkazishni istayapti. Bu tadbirda iyun oyida Shveysariyada bo‘lib o‘tgan birinchi sammitdan farqli o‘laroq Rossiya vakillari ham ishtirok etishi mumkin. Bu haqda Bloomberg agentligi ukrainalik va g‘arblik qator diplomatlardan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qildi.

Agentlik suhbatdoshlariga ko‘ra, Kiyev Donald Tramp prezidentlikka saylangan taqdirda Vashington Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatib qo‘yishi yoki ancha cheklab qo‘yishi mumkinligidan cho‘chmoqda.

Shu bilan birga, agentlikning g‘arblik manbalari bu kabi uchrashuv faqat unda “aniq maqsad” bo‘lgandagina va “aniq natijalar”ga erishilgandagina o‘tkazilishi mumkinligini bildirishyapti.

Rossiya tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Mixail Galuzin Bloomberg xabari yuzasidan izoh berarkan, Moskva Ukrainaning tinchlik sammitiga o‘xshagan tadbirlarda ishtirok etish niyatida emasligini bildirgan.

Diplomatga ko‘ra, bunday tadbir mazmun-mohiyati qanday bo‘lishi “hammaga ayon”. Galuzin u yerda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning mutlaqo boshi berk ko‘chaga kirib qolgan va ultimatum shaklidagi formulasini olg‘a surish niyatidagi avvalgi bayonotlar jaranglashini qayd etgan. Ayni paytda Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Moskva har qanaqa muloqotga ochiqligi, biroq bu yerda “gap nima haqida borayotganini anglash muhim”ligini bildirgan.

O‘nlab mamlakat liderlari va yuqori lavozimli mulozimlari ishtirokida o‘tgan Shveysariya sammiti kommyunike qabul qilish hamda yadroviy va oziq-ovqat xavfsizligi doxil qator masalalarni muvofiqlashtirish bilan yakunlangan. Ayni paytda u yerda urushni to‘xtatishning aniq mexanizmlari haqida hech narsa deyilmagan.

Rossiya Shveysariyada o‘tkazilgan uchrashuvda ishtirok etmagan va tadbirning o‘tkazilishiga o‘ta ishonchsizlik bilan qaragan. Sammit arafasida prezident Vladimir Putin Kiyev oldiga Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Ukrainaning to‘rtta viloyati hududidan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketish talabini qo‘ygan. Rossiya prezidenti buning evaziga zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishni va’da qilgan. Ukraina bu shartlarni rad etgan.