Kiyevda qozoq muxolifatchisiga suiqasd uyushtirildi

Aydos Sadiqov

Ukraina poytaxtida 18-iyun kuni ertalab qozog‘istonlik muxolifatchi, “Bәse” axborot kanali rahbari Aydos Sadiqovga suiqasd uyushtirilgan. Bu haqda uning rafiqasi, jurnalist Natalya Sadiqova Feysbukdagi o‘z sahifasi orqali ma’lum qildi.

“Bugun Kiyevda Aydos Sadiqovga o‘z uyi oldida suiqasd sodir etildi”, deb yozdi muxolifatchining rafiqasi.

“Suspіlne” xabariga ko‘ra, noma’lum shaxs Sadiqov mashinada o‘tirgan paytda uni o‘qqa tutgan. Muxolifatchi kasalxonaga olib ketilgan, avtomobilda uning yonida o‘tirgan xotini esa jabrlanmagan. Politsiya hujumchini qidirishga kirishgan.

Ukraina Milliy politsiyasi Sadiqovning mashinasi fotosuratini yoyinlagan, kadrda mashinaning haydovchi tomonidagi eshigi oynasi otilgan o‘qdan parchalanib ketganini ko‘rish mumkin.

Aydos Sadiqov Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning ashaddiy tanqidchilaridan biri bo‘lib hisoblanadi. Xususan, u Toqayevni rossiyaparastlikda ayblab keladi.

Er-xotin Sadiqovlar Qozog‘istonda Natalya Sadiqovaga nisbatan jinoyat ishi ochilganidan keyin 2014-yilda Aqto‘bedan Kiyevga ko‘chib o‘tishgan.

Aydos Sadiqov ham vatanida, o‘z iddaosiga ko‘ra, siyosiy sabablarga ko‘ra ta’qib qilib kelingan. Ular Ukrainada qochqin maqomini olishgan.

“Bәse” youtube-kanalini yuritib kelgan Aydos va Natalya Sadiqovalar o‘tgan yilning kuzida nizo qo‘zg‘atganlik ayblovi bilan Qozog‘iston rasmiylari tomonidan qidiruvga berilgan edilar.