Ko‘chmanchi o‘yinlari 2026-yilda O‘zbekistonda o‘tkazilmaydi

Jahon ko‘chmanchi o‘yinlarida o‘zbekistonlik sportchilar ham 2014 yildan beri ishtirok etib kelishadi (arxiv surati)

VI Jahon ko‘chmanchi o‘yinlari 2026-yilda Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Qirg‘iziston madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vaziri Altinbek Maqsutov ma’lum qildi.

“Sizlar bilan yaxshi yangilikni o‘rtoqlashmoqchiman. Jahon ko‘chmanchi o‘yinlari vataniga qaytadi va 2026-yilda Qirg‘izistonda o‘tkaziladi”, deya bildirgan vazir Maqsutov.

Mulozim ayni paytda Qirg‘iziston termasi Qozog‘istondagi musobaqalarda yaxshi natijalar ko‘rsatayotganini qo‘shimcha qilgan.

Avvalroq Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi Jahon ko‘chmanchi o‘yinlari 2026-yilda O‘zbekistonda o‘tkazilishi haqida ma’lum qilgan edi. Qirg‘iziston Madaniyat vazirligi bu qaror nima sababdan o‘zgarganini ochiqlagan emas.

V Jahon ko‘chmanchi o‘yinlari 8-sentyabr kuni Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida ochilgan va uning ochilish marosimida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham qatnashgandi.

Bu yilgi musobaqalarda 90 mamlakatdan 2,5 ming chog‘li sportchi ishtirok etayotgani xabar qilingan. Sportning 21 ta turi bo‘yicha musobaqalar Ostonadagi oltita stadion va majmualarda o‘tkazilmoqda.

Jahon ko‘chmanchi o‘yinlarini o‘tkazish g‘oyasi Qirg‘izistonga tegishli bo‘lib, ilk uch musobaqa shu mamlakatda o‘tkazilgan. IV o‘yinlar bundan ikki yil avval Turkiyaning Iznik shahrida o‘tkazilgan edi.