Shu yilning 30-sentyabrida Prezident Administratsiyasidan ketguniga qadar Komil Allamjonov prezidentning to‘ng‘ich qizi va yordamchisi Saida Mirziyoyeva siyosiy faoliyatining har bir bosqichida unga hamrohlik qildi. Ammo Mirziyoyevaga yaqin bo‘lish oilaning a’zosi bo‘lish bilan bitta narsa emas.
"Ozodlik" suhbatlashgan ekspertlar oila ichida siyosiy merosxo‘rlik uchun kurash ketyapti va oxirgi suiqasd hodisasi oilaning prezidentga eng yaqin a’zosi bo‘lgan Saida Mirziyoyeva mavqeini zaiflashtirishga qaratilgan, degan fikrda.
Rasmiylar tilida “Qibray tumanidagi holat”.
Matbuot va tarmoqlarda “Allamjonovga suiqasd”.
Ozodlik suhbatlashgan ekspertlar ta’birida esa O‘zbekistonning yangi tarixida misli ko‘rilmagan siyosiy qotillik urinishi...
Prezident Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyevaning yaqin ittifoqchisi Komil Allamjonovga suiqasddan bir hafta o‘tib ham suiqasd tafsilotlari va motivlari qorong‘iligicha qolmoqda.
Rasmiy bayonotlarda sobiq mulozimning hatto ismi-sharifi ham tilga olingani yo‘q.
Mamlakat rahbariyati esa o‘zini hech narsa bo‘lmagandek tutmoqda.
Siyosiy qotillik urinishi
Kechagina mamlakat prezidentining yonida yurgan, uning axborot siyosati uchun mac’ul, bir navi prezidentning gapirib turgan og‘zi bo‘lgan shaxsning hayotiga suiqasd, shunchaki jinoiy xronika emasligi tayin.
Bosh prokuraturaning farazlardan tiyilish haqida jurnalist va blogerlarga bergan ogohlantirishi 26-oktyabr kuni Qibray tumanida uzilgan o‘qning aks-sadosini butkul o‘chira olgani yo‘q.
Bosh prokuratura ogohlantirishga ogohlantirdi, ammo hech qanday dastlabki farazni ilgari surgani yo‘q.
Na Allamjonov rahbarlaridan bo‘lgan prezident administratsiyasi va na mamlakatdagi xavfsizlikka ma’sul qudratli DXX bu borada izoh bermadi.
Komil Allamjonovning o‘zi ham jim.
Bu jimlik davlat, uning kuchishlatar organlari va xavfsizlik idoralari fuqarolar hayotining har bir aspektini qattiq nazorat qiladigan O‘zbekistonda o‘zi nima bo‘lyapti, degan kattaroq savollarga yetakladi.
Shov-shuvli qotillik urinishining uzoq tayyorgarlik ko‘rilgan parlament saylovidan bir kun oldin ro‘y bergani va undan keyingi voqealar rivoji suiqasd vaqti hamda motivlari borasida turlicha farazlarga undamoqda.
Voqealar xronologiyasi
26-oktyabr kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Qibray tumanida “Range Rover” rusumli avtomashinaga bir necha marta o‘q uzilgani, hodisada hech kim jabrlanmaganini ma’lum qildi.
Bosh prokuratura xabarida Komil Allamjonov nomi tilga olinmadi.
Ammo rasmiy xabardan bir necha soat oldin Ozodlik manbalari Komil Allamjonovga qurolli hujum uyushtirilganini aytishgandi.
Oradan bir kun o‘tib, tarmoqlarda quyidagi video paydo bo‘ldi:
Hali hech qanday dastlabki faraz yo‘q ekan, tarmoqlarda tarqatilgan videolardagi ikkovlon nafaqat jinoyatga iqror bo‘ldi, balki shov-shuvli suiqasd borasida o‘zlarining farazlarini ham baralla aytishdi.
Ozodlik hozirda hibsda bo‘lgani anglashilgan bu ikki kishidan birining shaxsini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi.
Videodagi oq ko‘ylakli yigit- Shohruh Ahmedov. Ozodlik tasarrufida uning shaxsini tasdiqlovchi ikkita hujjat mavjud.
Hujjatlarda qayd etilishicha, Shohruh Ahmedov 2019-yildan boshlab Turkiyada yashagan va u yerda qarzlarni undirish bo‘yicha ta’magirlik qilgani uchun huquq-tartibot idoralari nazariga tushgan.
Ozodlikning O‘zbekiston huquq-tartibot idoralaridagi manbasi videodagi oq ko‘ylakli yigit Shohruh Ahmedov ekanini tasdiqladi. Manbaga ko‘ra, Shohruh Ahmedov oldinroq O‘zbekistonga deportatsiya qilingan. So‘nggi paytlarda toshkentlik ko‘zga ko‘ringan tadbirkorlardan biriga haydovchilik qilgan.
Ozodlik Shohruh Ahmedovning 2021-yilda Turkiyada Checheniston rahbari Ramzan Qodirov tanqidchilariga qarshi uyushtirilgan shov-shuvli suiqasd rejasiga aloqadorlikda ayblanib hibsga olingani va yetti oy qamoqda o‘tirganini aniqladi.
Turk matbuotida “rus josuslari mojarosi” deb atalgan ushbu hodisada Ahmedov bilan birga yetti nafar chechenlar ayblangan.
Turkiya nashrlari 15 yildan 20 yilgacha qamoq jazosi so‘ralgan bu shaxslarning kutilmaganda sud zalidan ozod qilinishini Checheniston prezidenti Ramzan Qodirovning shaxsan aralashuviga bog‘lagan.
26-oktyabr, soat 01:40
O‘zbekiston huquq-tartibot idoralaridagi Ozodlik manbalarining aytishicha, 26-oktyabr kuni Allamjonov o‘tirgan mashinaga 8 marta o‘q uzilgan.
“Hodisa Allamjonov uyi yaqinida sodir bo‘lgan. U o‘tirgan “Range Rover” avtomashinasi Qibray tumani, Ifor ko‘chasidagi poyezd yo‘lidan tezlikni sekinlashtirib o‘tayotgan paytda ikki hujumchi mashinani o‘qqa tutgan. Aftidan, hujumchilar mashina rulida Allamjonovning o‘zi bo‘lganini taxmin qilishgan, boisi o‘qlar haydovchi o‘tirgan tomonga otilgan. Yomg‘ir va qorong‘ilik sababmi, o‘qlar nishonga tegmagan. Allamjonov qo‘riqchisi orqada boshqa mashinada kelayotgan bo‘lgan. Ikki hujumchi Yandeks skuterida bo‘lishgan, ular skuterni minib, dala orqali qochishgan. Qo‘riqchi yigit mashinada ularni orqasidan quvlagan, biroq dala bo‘lgani uchun hujumchilar qochishga muvaffaq bo‘lgan", dedi huquq-tartibot idoralaridagi Ozodlik manbasi.
Yana bir manbaning aytishicha, ikki hujumchi ham qora niqob kiygan holda bo‘lishgan va ulardan biri kiyimlarini almashtirayotgan payti ko‘chadagi kameralardan biriga tushib qolgan.
“Dala chetida ularning kiyimlari va qurollari topilgan. Hujumchilarning qo‘lida 3ta qurol bo‘lgan: Ikkita "Makarov" pistoleti va bitta "Kalashnikov" avtomati. Yuzidagi maskani yechayotgan payti kameraga tushgan hujumchi maskada ham “otpechatka” qoldirgan. Shu orqali bazadan uning shaxsi aniqlangan. Ular mingan Chevrolet mashinasining rangi ham kameraga tushgan. MVD xodimlari boshqa kameralarni ham qarab, mashina iziga tushishgan. Ular kim bilan uchrashishi, kimning oldiga borishini aniqlash uchun mashina orqasidan kuzatib borishgan", dedi huquq-tartibot idoralaridagi manba.
Prezidentni xabardor qilish
Ozodlik manbalari hodisadan ko‘p o‘tmay, Qibray va Toshkentda yirik xafvsizlik amaliyoti boshlangani, Allamjonov yashaydigan hudud va uning uyi katta sondagi harbiylar va maxsus xodimlar tomonidan o‘rab olingani, Qibray va Toshkentga kirish-chiqish yo‘llari nazoratga olinganini aytishgan. Keyinroq bu ma’lumotlarni Qibray yashovchilari ham tasdiqlashdi.
Ozodlikning hukumatdagi manbasiga ko‘ra, Allamjonovga suiqasd yuzasidan tergovni shaxsan prezident Mirziyoyev o‘z nazoratiga olgan, ammo bu haqda rasmiy ma’lumot berilgani yo‘q.
Allamjonovning uyi kuchaytirilgan tartibda qo‘riqlanayotganini uning mahallasida yashovchi aholi vakillari ham tasdiqlashmoqda.
"Butun respublika bo‘ylab "trevoga" e’lon qilindi. Hujumchilar chegaradan chiqib ketmasligi uchun chegaralarda "usileniye" qilindi. Ayrim chegara postlari vaqtincha yopib qo‘yildi", dedi huquq-tartibot idoralaridagi manba.
Tezkor guruh
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Qibraydagi suiqasd hodisasi bo‘yicha maxsus tezkor-tergov guruhi tuzilgan. Bu guruhda Bosh prokuratura, Toshkent viloyati, Toshkent shahar, Harbiy, Transport prokuraturalari hamda IIV, viloyat, Toshkent shahar IIBB, Bojxona qo‘mitasi xodimlari bor.
Huquq-tartibot idoralaridagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, bu guruhga Bosh prokuraturaning O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Erkin Xayrullayev boshchilik qilmoqda. Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev va uning birinchi o‘rinbosari Bahriddin Valiyev ishni "shaxsan nazoratga olgan".
"Erkin haqiqiy prokuror. U ishni oxirigacha olib boradi. Haqiqatni tagiga yetadi. Unga berilgan ish ochilmay qolmaydi. Faqat bitta xavf bor. U haqiqatning tagiga yetganda ishni undan olib qo‘yishmasa bo‘ldi", dedi huquq-tartibot idoralaridagi manba.
Plan A
Ozodlikning huquq-tartibot idoralaridagi manbalariga ko‘ra, hujumchilar qo‘lida ikki xil reja bo‘lgan. Manbalar buni “Plan A” va “Plan B” deb ta’riflashmoqda. Ilk reja bo‘yicha hujumchilar qotillikdan so‘ng "vodiy orqali Qirg‘izistonga qochishi lozim bo‘lgan".
"Gumonlanuvchilar bergan ko‘rsatmalarga ko‘ra, Qibraydagi qurolli hujum puxta rejalashtirilgan suiqasd bo‘lgan. Ularga Allamjonovni o‘ldirish topshirig‘i berilgan. Ular topshiriqni bajargach, Namanganga yetib borib, kelishilgan pulni olib, chegara orqali Qirg‘izistonga qochishlari kerak edi. U yoqda ularning o‘z odamlari bo‘lgan. Biroq chegaralarda “usileniye” bo‘lgach, ularning bu rejasi “o‘xshamagan", deydi huquq-tartibot idoralaridagi birinchi manba.
Tergovga yaqin ikkinchi manba hujumchilarning “Plan A” rejasi "o‘xshamagani"ga yana bir sababni keltirdi:
"Hujumchilar vodiyga borguncha ularga tegishmagan, faqat kuzatuv davom etgan. Qibraydagi kameralarga tushgan tasvirlar va “otpechatka” orqali ulardan birining shaxsi aniqlangach, uning Namangandagi uyi kuzatuvga olingan va ota-onasi ROVDga chaqirtirilgan. Shu yerda ROVDning xatosi bo‘lgan, ya’ni ota-ona “otdel”ga chaqirtirilgach, o‘g‘liga xabar ketgan. Ular qochishga harakat qilgan. Biroq chegaralar yopiqligi uchun qo‘lga tushishdan qo‘rqib, “Plan B”ga o‘tishgan".
Tarmoqlarda tarqalgan videoda "Oybek" ismi yangradi. Ushbu video yuzasidan Ozodlikka bog‘langan shaxslar ham "Oybek" ismiga urg‘u berishdi. Ammo qaysi Oybek ekaniga aniqlik kiritishmadi.
Ozodlik suhbatlashgan tergov jarayonidan xabardor hukumatga yaqin uchinchi manbaning iddao qilishicha, “Plan A” rejasida prezidentning to‘ng‘ich kuyovi Oybek Tursunov "panjara ortiga olinishi kutilgan bo‘lgan".
"Keyingi yarim yilda jamoatchilikka prezidentning qizi Saida Shavkatovna, uning eri Oybek Tursunov va Komil Allamjonov o‘rtasida go‘yoki mojaro borligi singdirib kelindi. Agar Allamjonov o‘lgan taqdirda, bunga "rashk" versiyasi sabab qilib ko‘rsatilishi va ayb Oybek Tursunovning bo‘yniga qo‘yilishi kerak edi. Bu reja o‘xshamagach, "Plan B"ni ishga solib, suiqasdni Allamjonovning o‘zi uyushtirdi, degan versiyani o‘ylab topishdi", dedi hukumatdagi manba.
Plan B
Qibraydagi suiqasd hodisasidan bir kun o‘tib - 27-oktyabr kuni tarmoqlarda tarqatilgan videoda ikki yigit Qibraydagi hodisa bo‘yicha mas’uliyatni "o‘z zimmasiga olishdi". Ulardan biri, Ozodlikka keyinroq ma’lum bo‘lishicha, Shohruh Ahmedov edi.
Bir vaqtning o‘zida o‘zlarini "huquq-tartibot idoralariga topshirish uchun ketayotgani"ni aytgan shaxslarning "Qibraydagi suiqasd Allamjonovning o‘zining buyurtmasi", degan audiosi ham tarqaldi.
Ushbu video va audio bir vaqtning o‘zida Ozodlikka ham kelib tushdi va Telegram orqali tahririyatga bog‘langan shaxslar uni Ozodlikning YouTube kanaliga joylashtirishni so‘rashdi.
Ulardan biri o‘zini Shohruh Ahmedovning akasi, deb tanishtirdi. U Ahmedov videoda aytgan Qibraydagi hodisa Allamjonovning piar aksiyasi, degan iddaoning Ozodlik kanalida yoyinlanishini juda ham istayotgandi.
Ammo suhbat avvalida o‘zini Shohruh Ahmedovning akasi deb tanishtirgan shaxsning “guvohliklari” suhbat davomida bir necha marta o‘zgardi.
Ozodlik, tabiiyki, uni savolga tutdi va hujjatlar taqdim etishni so‘radi. Suhbatdosh qandaydir yozishmalarning skrinshoti va kimlarningdir audiolarini jo‘natdi.
Bir vaqtning o‘zida “Qibraydagi suiqasdni Allamjonovning o‘zi qilgan, maqsad o‘zini piar qilish edi” degan iddao tarmoqlarning o‘zbek segmentida shiddat bilan yoyildi. Bu kabi iddao va farazni ilgari surayotganlar orasida tarmoqning ayrim faollari, bloger va jurnalistlar ham bor edi.
Ozodlikka bog‘langan bir necha bloger va jurnalist hodisada Allamjonovning o‘zini ayblash tarmoq foydalanuvchilarining shaxsiy farazlari emas, balki maxsus uyushtirilgan kampaniya ekani, ularga ham, o‘zlarining ta’birlaricha, “matbuot kuratorlari”dan shunday talab va hatto tahdidlar tushayotganini aytishdi. Ozodlik ixtiyorida jurnalist va blogerlarning bu boradagi ko‘rsatmalari mavjud.
"Qo‘lida qalami bor deyarli hammaga chiqishdi. Qibraydagi otishma Allamjonovning ishi, degan versiya haqida yozish aytildi. Agar otishmani Allamjonovning o‘zi tashkil qilmagan, degan xabarni chiqarishni kimdir so‘raydigan bo‘lsa, ularni xabardor qilishimizni ta’kidlashdi. Bizga kontoradan shunaqa buyruq bor deyishdi", dedi o‘zbekistonlik jurnalist.
Ozodlikning aniqlashicha, bu kabi bosimlar suiqasdni Allamjonovning o‘zi qildi, deb yozmagan yoki bu versiyani savol ostiga olganlarga nisbatan bo‘lgan, xolos. Bu versiyani faol ilgari surganlarga nisbatan bosim bo‘lgani Ozodlikka ma’lum emas. Eslatib o‘tamiz, bu paytda Bosh prokuratura suiqasd yuzasidan taxmin va farazlardan tiyilish haqida ogohlantirgan, buning uchun jinoiy javobgarlik borligini qat’iy eslatgan edi.
Suiqasdni Allamjonovning o‘zi qildi, deb aytayotganlar hozirgacha bu iddaoni tasdiqlovchi biron dalil taqdim etganlari yo‘q. Boshqa farazlar bo‘yicha ham shunday. Hozircha suiqasdga na Allamjonovning o‘zi va na u bilan o‘rtasida tanglik borligi aytilgan DXX yoki prezident kuyovlarini bog‘lovchi dalil jamoatchilikka ochiqlangan dalil yo‘q. Ochiqlanadimi, yo‘qmi, bu ham noma’lum.
Ozodlik tahlilchisi Kris Rikltonning yozishicha, bu yerda bir necha jihatni aytib o‘tish joiz.
Birinchidan, gap O‘zbekiston haqida ketmoqda. O‘zbekistonda siz ba’zi narsalarni eshitishingiz, ammo hech narsaga amin bo‘lmasligingiz mumkin.
Ikkinchidan, hodisa yuzasidan rasmiy tergov qanday xulosani e’lon qilmasin, aslida undan ko‘proq yoki kamroq narsa bo‘lishi ehtimoli katta.
Uchinchidan, oylar va yillar o‘tib ham, jamoatchilik hech narsani aniq bilmasligi mumkin.
"Seul" tungi klubi
Tarmoqlarda hodisa yuzasidan yagona versiya - suiqasdni Allamjonovning o‘zi uyushtirgani haqidagi faraz faol ilgari surilayotgan pallada Ozodlikka jinoyat ishiga doir yangi tafsilotlar sizdirildi.
Huquq-tartibot idoralaridagi manbaga ko‘ra, Qibraydagi suiqasd sahnasidan qochishga muvaffaq bo‘lgan ikki hujumchining izi Farg‘onadagi “Seul” tungi klubiga borib to‘xtagan. Ular o‘zlarining boshqaruvidagi mashinani ana shu tungi klub oldida qoldirishgan.
Ozodlik Farg‘ona shahrining Universitet ko‘chasi, 3-uyda joylashgan ushbu ko‘ngilochar maskan
Yelena Fen ismli shaxsga tegishli ekanini aniqladi.
Ochiq reyestrdagi ma’lumotlarga ko‘ra, Yelena Fen 2014-yilda “Yasmina honim” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga asos solgan. Bu jamiyatda “Seul” tungi klubidan tashqari, savdo do‘konlari, o‘quv kurslari kabi bir qancha biznes yurituvchi subyektlar bor.
Yelena Fen O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi sobiq elchisi, marhum Vitaliy Fenning qizi bo‘ladi.
Vitaliy Fen 1996-yildan 2013-yilga qadar O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchisi lavozimida ishlagan.
Natalya Fen
Hujjatlarda qayd etilishicha, “Ysmina honim” shirkati ta’sischilari orasida Yelenaning singlisi Natalya Fen ham bor. U shirkatda 7.30 % ulushga ega.
Fen oilasiga oid ma’lumotlardan xabardor Ozodlik manbasiga ko‘ra, Fenlar sulolasiga qarashli biznes aynan Natalya Fen orqasidan "gullab yashnamoqda".
Bir-biridan mustaqil ikki manba Natalya Fenga oid ma’lumotlarni Ozodlikka taqdim qilishdi.
Natalya Fen otasi Janubiy Koreyada elchi bo‘lgan payti Seulda yashagan.
Manbalarning ta’kidlashicha, o‘sha yillarda Koreyada oilasi bilan birga yashagan prezident Shavkat Mirziyoyevning kenja qizi Shahnoza Mirziyoyeva Natalya Fen bilan yaqin dugona bo‘lgan.
Manbalar bu yaqinlik ular O‘zbekistonga qaytganidan so‘ng ham davom etganini aytishadi. Shahnoza otasi hokimiyatga kelgach, qaysi lavozimda ishlamasin, dugonasi Natalya Fen ham u bilan bir yerda ishlab kelgan.
Jumladan, Shahnoza Mirziyoyeva 2017-yilda O‘zbekistonda yangi tashkil qilingan Maktabgacha ta’lim vazirligida mas’ul lavozimga tayinlangan.
2020-yil oktyabrida olingan rasmiy suratlarda Natalya Fen ham ushbu vazirlikda ishlaganini ko‘rish mumkin.
Yuqoridagi suratda Natalya Fen Prezident farmoniga ko‘ra "Mehr-sahovat” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangani aks etgan.
Rasmiy xabarda Natalya Fen pandemiya davrida zarur tibbiy jihozlar, jumladan, kislorod konsentratorlari bilan ta’minlashda amaliy yordam bergani ta’kidlangan.
Javlon Yunusov
Ozodlik manbalari Natalya Fenning fuqaroviy turmush o‘rtog‘i ekani aytilayotgan Javlon Yunusovni O‘zbekistondagi farmatsevtika tizimiga norasmiy kurator, deb ta’riflamoqda. Ularning iddaosicha, Yunusov Toshkentdagi prezident kuyoviga aloqadorligi iddao qilingan "qudratli ofis"da ta’sirga ega shaxslardan. Ozodlik ixtiyorida bu iddaolarni tasdiqlaydigan yoki inkor qiladigan hujjat mavjud emas.
Prezidentning kenja kuyovi Otabek Umarovga aloqadorligi iddao qilingan “ofis” "mahalliy tadbirkorlar va mulozimlarga noqonuniy bosimlar o‘tkazib kelgani" aytiladi. Ozodlikning bu haqda o‘z manbalariga tayanib yoritgan ma’lumotlarini na Otabek Umarov va na boshqa rasmiylar rad qilgan.
Manbalar Javlon Yunusov Otabek Umarovning vodiy bo‘yicha “o‘ng qo‘li” ekani, uning fuqaroviy turmush o‘rtog‘i ekani aytilayotgan Natalya Fen ham Otabek Umarov bilan iliq munosabatlarda ekanini iddao qilmoqda.
“Natasha Fen Otabek Umarov avariyaga uchragan payt uning Koreyada davolanishini tashkillashtirib bergan. Bunga minnatdorchilik sifatida Umarov keyinchalik Natashaga shokolad rangli Mercedes-Maybach GLS” avtomobilini sovg‘a qilgan. Natasha Fen hozir shu mashinada yuradi”, dedi hukumatdagi manba.
Huquq-tartibot idoralaridagi manbalarga ko‘ra, Allamjonovga suiqasdda gumonlanayotgan Shohruh Ahmedov ham Fen oilasi bilan tanish, Ahmedov Natalya Fenning eri ekani aytilayotgan Javlon Yunusovning haydovchisi va qo‘riqchisi hisoblanadi.
Bu ma’lumotni Ozodlikka bir-biridan mustaqil ikki manba tasdiqladi.
Rasmiy hujjatga ko‘ra, 36 yashar Javlon Yunusov Jinoyat Kodeksining 168- modda (Firibgarlik) va 105 -modda (Qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish) moddasi bilan bir necha bor sudlangan.
Ozodlik hozirgacha Otabek Umarov bilan bog‘liq korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuviga doir o‘tkazgan surishtiruvlariga unga aloqador tuzilmalar hamda davlat idoralari, jumladan, prezident administratsiyasidan hech qanday javob ololmagan.
Ofis bilan bog‘liq iddaolar hamda Allamjonovga suiqasd xronologiyasida ismlari yuzaga chiqayotgan shaxslar bilan aloqalar borasida ham Ozodlik Otabek Umarov va boshqa rasmiylarning izohlariga ochiq.
Farg‘onadagi Fenlar oilasiga qarashli ekani aytilgan “Seul” tungi klubi xodimi Natalya Fen bilan Javlon Yunusovning birga yashashini Ozodlikka tasdiqladi.
Ozodlik Natalya Fen va uning fuqaroviy eri ekani aytilayotgan Javlon Yunusov bilan bog‘liq savollarga aniqlik kiritish maqsadida Natalya Fenga qo‘ng‘iroq qildi, biroq hozircha biron izoh olishga muvaffaq bo‘lmadi.
"Menimcha, bu ishlardan maqsad - prezidentga bosim o‘tkazish yoki eng kamida betaraf turishiga erishish. Hatto avtoritar davlatlarda ham iqtidordagi rejim kayfiyatlar omilini inkor eta olmaydi. Allamjonov suiqasdi bilan “Pandora qutisi” ochiladi, bunaqa ishlar uchun jazosiz qolishi o‘sha guruhga kart-blansh berilganiga ishora bo‘ladi. Natijada jamiyatda qo‘rquv muhiti vujudga kelib, u nafaqat oila ichidagi bir-biriga muxolif guruhlarga, balki prezidentning o‘ziga ham ta’sir qilishi mumkin. Istiqbolda bu prezidentning real hokimiyati va mamlakat ustidan nazorati cheklanishiga olib keladi", deydi Londonda joylashgan Central Asia Due Diligence tahlil markazi rahbari Alisher Ilhomov.
“Josuslik mojarosi”
2021-yil 8-oktyabrida Turkiyada chechen josuslariga oid shov-shuvli hodisa sodir bo‘ldi. O‘sha kuni Turkiya Milliy Istihborot (razvedka-tahr.) Tashkiloti (MIT) hamda Terrorga qarshi kurash boshqarmasi Istanbul va Antaliyada josuslikda gumonlangan olti kishi hibsga olinganini ma’lum qildi.
Maxsus amaliyot tafsilotlari Turkiya mediasida keng yoritildi.
Ushlanganlar Turkiyadagi chechen muxolifati liderlariga suiqasd tayyorlashda gumonlangan edi. Oltovlondan biri Shohruh Ahmedov ekani ma’lum.
Turk matbuotidagi xabarlarga ko‘ra, Shohruh Ahmedov o‘sha kuni Istanbulning Kuchukchekmeje mavzesida qo‘lga olingan.
Turk matbuotiga ko‘ra, Shohruh Ahmedov chechen muxolifatchilariga qurolli hujumda gumonlangan yagona o‘zbek emas. U bilan birga o‘zbek millatiga mansub Ravshan Ahmedov ismli shaxs ham bo‘lgan. Biroq uning qo‘lida Rossiya pasporti bor edi. Ushlanganlarning qolgan to‘rttasi Rossiya vatandoshi bo‘lgan chechenlardir.
Turkiya huquq-tartibot idoralariga ko‘ra, guruh a’zolari qo‘lga olingan payt ularning yonidan uchta to‘pponcha va patronlar topilgan. Qurollardan biri nishonni uzoqdan aniq belgilovchi lazer va o‘q ovozini pasaytiruvchi maxsus moslama bilan jihozlangan bo‘lgan.
Ozodlik manbalariga ko‘ra, Shohruh Ahmedov Turkiyadagi kriminal dunyoda “Shoh” laqabi bilan tanilgan. Ahmedov guruh yetakchisi hisoblangan Bislan Rasayev bilan yaqin hamkorlik qilgani aytiladi.
Turkiya matbuotidagi xabarlarga ko‘ra, olti kishilik guruh o‘sha yil martida hibsga olingan chechenistonlik Hamzat Dokuyev va Badrudin Kimayev bilan ham hamkorlikda ishlagan.
2022-yil 15-fevralida qurolli suiqasdni uyushtirishda gumonlangan Shohruh Ahmedov doxil guruhga ayblov e’lon qilindi. Siyosiy yoki harbiy josuslik, o‘qotar qurollarni noqonuniy saqlash, rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirish - bular guruh a’zolariga qo‘yilgan ayblarning uzun ro‘yxatidan faqat uchtasi.
Turk matbuotiga sizdirilgan “Josuslik mojarosi” ga doir 25 varaqlik ayblov xulosasiga ko‘ra, guruh tetakchisi Bislan Rasayev ko‘rsatmalarni Rossiya Davlat Dumasi deputati Adam Delimxanovdan olib turgan. Delimxanov Checheniston rahbari Ramzan Qodirovga yaqin qarindosh va muhim ittifoqchi hisoblanadi. Shuningdek, tergov jarayonida Bislan Rasayevning qator qotilliklar sabab xalqaro qidiruvda bo‘lgan kriminal avtoritet Kazbek Dukuyev bilan hamkorligi borligi aniqlangan. Turk matbuoti surishtiruviga ko‘ra, Delimxanov va Dukuyevning 20 yil ichida sodir etilgan oltita suiqasdda qo‘li bo‘lgan.
Turkiyalik tergovchilar Ahmedov doxil guruh Turkiyadagi chechen muxolifati
liderlariga suiqasd uyushtirishni rejalaganini aytishgan. Ushbu ro‘yxatda o‘sha paytda Turkiyada yashayotgan chechen muxolifatchi blogeri Hasan Xalitov ismi ham bor.
“Tabiiyki, Qodirovning yordamisiz Dukuyev bu ishni uddalay olmagan bo‘lardi. Qolaversa, kuratori Adam Delimxanovdan “fatvo” bo‘lmaganida, Dukuyev bunaqa nozik siyosiy ishlarga aralashishga jur’at qila olmasdi. Chunki ish barbod bo‘lgan taqdirda Ramzan Qodirov nomiga yaxshi bo‘lmasligini biladi”, dedi chechen muxolifatchi blogeri Hasan Xalitov.
Turkiyalik prokurorlar Shohruh Ahmedov va uning sheriklariga 15 yildan 20 yilgacha qamoq jazosi so‘rashgan. Biroq 2022-yilning 28-aprel kuni o‘tgan mahkamada Ahmedov va uning sheriklari sud zalidan ozod qilingan.
Sudda ayblanuvchilar o‘zlariga qo‘yilgan ayblarni tan olmagani va ularni ayblashga yetarli dalil yo‘qligi sabab ular ozod qilingani ta’kidlangan.
Turk va Kavkaz matbuoti suiqasdda ayblangan guruh a’zolarining kutilmaganda ozod qilinishini Checheniston prezidenti Ramzan Qodirovning aralashuviga bog‘lagan.
Ramzan Qodirov suiqasdda ayblangan chechenistonlik guruh a’zolari qo‘lga olinganidan ko‘p o‘tmay, Istanbulga norasmiy safar qilgani xabar qilingan.
Ayni paytda na Checheniston va na Rossiya rasmiylari Turkiyada chechenistonliklar ishtirokidagi “josuslik” mojarosiga rasmiy izoh bermagan.
"Qodirov atrofidagi kriminal elementlarning O‘zbekiston prezidenti bilan aloqasi bor, deb o‘ylamayman. Lekin muayyan darajadagi o‘zbek mulozimlari Qodirov tevaragidagi o‘zbek kriminal doiralari bilan aloqa qilib turishiga shubha yo‘q. Prezidentlar to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotda bo‘lmasligi mumkin, ammo O‘zbekiston prezidenti atrofidagi mulozimlar Qodirovning mulozimlari bilan yaqinligini bilamiz. Hamma joyda ham manfaatlari kesishgan mulozimlar tezda apoq-chapoq bo‘lib olishadi. Ushbu holatda ham aynan shunday", deydi chechen muxolifatchi blogeri Hasan Xalitov.
Chechen blogerining iddaolarini mustaqil manbalardan hozircha tasdiqlash imkori yo‘q.
Mirziyoyev hukmronligining dastlabki yillarida jurnalist va blogerlarga nisbatan yumshoqroq siyosat bilan chambarchas bog‘langan Allamjonovning o‘zini favqulodda erkin tutishi uni marhum rahbar Islom Karimovning qattiq boshqaruvidan har qanday chekinishni keraksiz xavf deb bilgan xavfsizlik xizmatlariga qarama-qarshi qo‘ydi.
Prezident Administratsiyasidan ketguniga qadar Allamjonov Mirziyoyeva siyosiy faoliyatining har bir bosqichida unga hamrohlik qildi. Ammo Mirziyoyevaga yaqin bo‘lish oilaning a’zosi bo‘lish bilan bitta narsa emas.
"Ozodlik" suhbatlashgan ekspertlar oila ichida siyosiy merosxo‘rlik uchun kurash ketyapti va oxirgi suiqasd hodisasi oilaning prezidentga eng yaqin a’zosi bo‘lgan Saida Mirziyoyeva mavqeini zaiflashtirishga qaratilgan, degan fikrda.
"Shak-shubhasiz, Allamjonov suiqasdiga unga nisbatan shaxsiy adovat hosilasi deb emas, balki aynan prezident oilasi ichidagi ikki guruhning holatidan kelib chiqib qarash kerak bo‘ladi. Shu nuqtayi nazardan, ushbu harakat, avvalo Saida Mirziyoyeva tamsil qilayotgan u yoki bu guruhga qarshi qaratilganiga aniq, demak mazkur aksiya bevosita Saida Mirziyoyeva manfaatlariga qarshi bo‘lgan. Shu munosabat bilan savollar tug‘iladi: Prezident qayerda? Oila boshlig‘i qani? Bo‘layotgan voqealarga uning munosabati qanday?", deydi Londonda joylashgan Central Asia Due Diligence tahlil markazi rahbari Alisher Ilhomov.
Ozodlikning hozirgacha olib borgan surishtiruvlaridan kelib chiqayotgan manzara, albatta to‘liq emas. Albattaki, bu manzara O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari olib borayotgan tergov tafsilotlarisiz to‘liq bo‘lishi qiyin. Ammo O‘zbekiston tergov idoralarining faoliyatiga, xususan, jabrlanganlar va huquq faollarining savollari ko‘pligini, umuman, O‘zbekistonda qonun ustuvorligiga ko‘plab savollar borligini ham nazardan qochirmaymiz.