Urushda qatnashganlar "istisnosiz jazolanadi"- O‘zbek konsulligi

Illyustrativ surat

O‘zbekistonning Qozon shahridagi bosh konsulxonasi vatandoshlarni xorijiy davlatlar hududida harbiy harakatlarda ishtirok etish oqibatidan ogohlantirdi.

Konsullik O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasiga ko‘ra “yollanish” – xorijiy davlat hududidagi qurolli to‘qnashuvlarda yoki harbiy harakatlarda qonunga xilof ravishda qatnashish jinoyat hisoblanishi, ushbu harakatlarni sodir etganlik uchun o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanganini eslatgan.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Украина. Ўзбек мигрантлари Украинадаги урушга ёлланмоқдами?

Bu o‘rinda diplomatik vakolatxona Rossiya tomonida Ukrainaga qarshi urushayotan o‘zbekistonliklarni nazarda tutayotganini anglash qiyin emas.

Qozon shahridagi bosh konsullikka ko‘ra, Jinoyat kodeksining yuqoridagi moddasida nazarda tutilgan qonunga xilof harakatlarni sodir etgani to‘g‘risida xolis ma’lumotlar mavjud bo‘lgan barcha fuqarolar istisnosiz jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Diplomatik idora vatandoshlarni da’vatlarga berilmaslik va ehtiyotkor bo‘lishga undagan.

Tahlillarga qaraganda, Ukrainada Rossiya qo‘shini safida jang qilayotganlar orasida o‘zbekistonliklar ko‘pchilik tashkil qiladi. Ular asosan Rossiyada sudlanib, qamoqxonada jazo o‘tayotgan kishilardir. Biroq yollanmalar orasida RF fuqaroligini olish yoki pul ishlash maqsadida o‘z ixtiyori bilan urushga ketganlarni ham uchratish mumkin.

O‘tgan yili Ukraina urushida Rossiya tomonida jang qilgan 34 nafar o‘zbekistonlik halok bo‘lgani xabar qilingan.