Tojikiston poytaxti Dushanbega tutashgan Rudakiy tumanida sobiq hokimning qarindoshlariga yer uchastkalari noqonuniy ravishda bepul berilgani aniqlandi.
Ozodlik radiosi tojik xizmati o‘tkazgan surishtiruv, tumanda yer maydonlarini taqsimlashda korrupsiyaga yo‘l qo‘yilayotganini ko‘rsatdi.
Dushanbe atrofida yerga talab katta. Xuddi O‘zbekiston poytaxtiga tutashgan hududlarda kuzatilayotgani kabi, Tojikistonda ham mamlakatning turli burchaklaridan yaxshi ish qidirib, markazga ketayotganlar poytaxt atrofiga yerlashmoqda.
Dushanbedagi uylarning narxi aksar tojikistonlik uchun o‘ta qimmat bo‘lgani uchun, ko‘pchilik poytaxt yonidagi Rudakiy tumanida arzonroq yerni xarid qilishga urinmoqda.
Shuningdek, tumandagi uylarni ijaraga olayotganlar ham talay.
Rudakiydagi qator manbaning ta’kidlashicha, sobiq tuman hokimi Rustam Akramzodaning bir nechta qarindoshi va tanishiga yer uchastkasi bepul berib yuborilgan.
24 - noyabr kuni lavozimidan bo‘shatilgan Akramzoda hech qanday qonunbuzarlikka qo‘l urmaganini aytdi.
Ammo Ozodlik qo‘lga kiritgan hujjatlar shuni ko‘rsatadiki, so‘nggi oylarda Akramzodaga aloqador bo‘lgan kamida 10 kishi yer uchastkasi ajratilishini kutayotganlar ro‘yxatining tepasiga ko‘chirilgan. Boshqalar esa uchastka ajratilishini yillab kutmoqda.
Tojikiston qonunlari xususiy ravishda yer sotishni taqiqlaydi. Qishloq xo‘jaligi yerlari faqat davlat tomonidan ijaraga berilishi mumkin.
Ammo, aholi uy qurish uchun mahalliy hokimiyatdan yer uchastkasini bepul olishi mumkin. Faqat o‘z uyi bo‘lmagan odamlargina yer uchastkasini olish huquqiga ega.
O‘zbekistonda bo‘lgani kabi, Tojikistonda ham yer uchastkasini olish uchun arizalar tuman hokimiga beriladi. Hokim arizani qondirishi, uni yakuniy qaror uchun mahalliy hokimiyat organlariga yuborishi yoki rad etishi mumkin.
Arizaga ko‘plab hujjat, shu jumladan, ariza beruvchining shaxsiy sharoiti va uning yerga bo‘lgan ehtiyoji to‘g‘risida mahalliy hokimiyat organlari yozgan xatlar ilova qilinishi kerak.
Hokim odatda bir necha kun ichida qaror chiqaradi, ammo yerni olish jarayoni ancha uzoq davom etadi.
Rudakiy tumani rasmiylari Ozodlik bilan suhbatda ayni damda 300 ga yaqin odam arizasi to‘g‘risida ijobiy qaror chiqarilgani va ular uchastka berilishini kutayotganini aytishdi.
Rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, kutish vaqti olti oydan bir yilgacha davom etadi. Ammo, ko‘plab oilalar yillab kutadi.
Yer ajratilishini kutayotgan ayrim oilalar hattoki Rudakiy tumanida yashamaydigan va shu sababdan tumanda yer uchastkasini olish huquqiga ega bo‘lmagan shaxslarga qisqa vaqt ichida yer ajratilganini iddao qilmoqda.
Ozodlikka kelib tushgan rasmiy hujjatlar buni tasdiqlaydi.
Surishtiruv davomida, shuningdek, yerni noqonuniy ravishda qo‘lga kiritganlar orasida Akramzodaning do‘stlari va tanishlari borligi aniqlandi.
Tergov davomida aniqlangan korrupsiya holatlarining birida Akramzodaning Rudakiyda yashamaydigan tanishiga 6 sotix yer ajratilgan. Kamiga, unga qishloq xo‘jaligi uchun ajratilgan maydondan yer uchastkasi berilgan.
Boshqa bir korrupsiya holatida Akramzodaning sobiq haydovchisi xotiniga bir hafta ichida yer ajratilgan. Yer olish uchun ariza topshirgan 300 oilaga esa hanuz yer ajratilgani yo‘q.
Ajablanarlisi shundaki, Akramzoda 2018 - yilda - prezident Emomali Rahmon hukumatga tumandagi yerlarni taqsimlashdagi korrupsiyani yo‘q qilishni buyurganidan bir yil o‘tib hokim etib tayinlangan edi.
Rahmon 2017 - yil oktabr oyida so‘zlagan nutqida katta ko‘lamdagi xo‘jalik yerlari ko‘chmas mulk sifatida noqonuniy ravishda berilganini aytgan edi. O‘shanda prezident 2015 - yildan 2017 - yilgacha Rudakiyda noqonuniy yer oldi-sotdisi bilan bog‘liq 1500 dan ortiq ish qayd etilganini ta’kidlagan.
Akramzoda joriy yilda bo‘lib o‘tgan prezident saylovidan keyin boshlangan kadrlarni almashtirish doirasida ishdan olindimi yoki prezident Rudakiydagi korrupsiyaga qarshi kurashdan qoniqmagani uchun bo‘shatildimi - hozircha aniq emas.
Ammo, Akramzodaning o‘zi 24 - noyabr kuni bergan intervyusida Ozodlik jurnalistlari surishtiruvi e’lon qilinganidan so‘ng ishdan ketganini aytgan.
520 mingga yaqin odam yashovchi Rudakiy tumanining umumiy maydoni atigi 1 812 kvadrat kilometr bo‘lib, u Tojikistonning aholisi eng ko‘p va zich tumani hisoblanadi.
So‘nggi o‘n yil ichida tuman aholisi 125 ming kishiga ko‘paygan. Rasmiylar izohiga ko‘ra, tuman aholisi tez suratda o‘sayotgani asosiy sababi mamlakatning boshqa hududlaridan ko‘chib kelayotgan aholi oqimidir.