Kreml: Vladimir Putin davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga boradi

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati fotosi

O‘zbekistonda Rossiya prezidenti tomonidan amalga oshirilajak davlat tashrifiga hozirlik ko‘rilmoqda. Mazkur hozirlikning borishi, Kreml matbuot xizmatiga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘rtasida 21-may kuni bo‘lib o‘tgan telefon muloqoti chog‘ida muhokama qilingan. Kreml xabarnomasida Putinning O‘zbekistonga safari qaysi sanaga belgilanganiga aniqlik kiritilgan emas.

Shu kontekstda savdo-iqtisodiy sohasi doxil ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishning qator amaliy masalalari tilga olindi”, deyilgan xabarnomada.

Seshanba kuni Mirziyoyev bilan Putin telefon orqali muloqot qilganini O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati ham tasdiqlagan. Biroq mazkur xabarnomada ikki prezident orasida Putinning O‘zbekistonga tashrifi muhokama qilingani mutlaqo eslatilgan emas.

Unda Mirziyoyev va Putin O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash masalalarini ko‘rib chiqishgani, oliy darajadagi uchrashuvlar natijasida erishilgan kelishuvlar ijrosining borishi hamda bo‘lajak ikki tomonlama tadbirlar rejasini muhokama qilishgani qayd etilgan, xolos.

Haagadagi Xalqaro jinoyat sudi 2023-yil mart oyida Ukraina hududida bolalarning noqonuniy deportatsiyasida aybdor ko‘rilgan Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olish uchun order bergan edi. O‘shandan beri Putin Rim statutini ratifikatsiya qilgan mamlakatlarga safar qilgan emas va bunday mamlakatlar orasida Rossiya uchun “do‘st” o‘lkalar ham bor.

O‘zbekiston Rim statutini ratifikatsiya qilgan emas. Bu Haaga sudi order chiqarganidan buyon Putinning O‘zbekistonga ilk safari bo‘ladi. Rossiya prezidenti O‘zbekistonga so‘nggi bor 2022-yil sentyabrida — SHHT Davlat rahbarlari kengashi majlisida ishtirok etish uchun kelgan edi.