“Krokus”dagi teraktda ayblanayotganlar hibs muddati uzaytirildi

Moskvaning Basmanniy tumani sudi “Krokus Siti Xoll” konsert zalidagi terror xurujiga oid ish bo‘yicha ayblanayotgan to‘rt kishining hibs muddatini 22-noyabrgacha uzaytirish haqida qaror chiqardi. Ma’lumotlarga ko‘ra, suddan bunday qaror chiqarishni tergovchilar so‘rashgan.

Hibs muddati uzaytirilgan to‘rtovlon – Muxammadsobir Fayzov, Murodali Rajabalizoda, Shamsiddin Fariduniy va Dalerjon Mirzoyev, rossiyalik tergovchilar qanoaticha, konsert zaliga hujumning ijrochilaridir. Bundan tashqari, 16-avgust kuni Fayzov, Rajabalizoda va Fariduniyga qo‘shimcha ayblov – terror tashkiloti faoliyatida ishtirok etganlik ayblovi bildirilgan.

Juma kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisi yopiq eshiklar ortida o‘tkazilgan. Ayblanuvchilarning to‘rtovi ham Tojikiston fuqarolaridir. "Interfaks" agentligi xabariga ko‘ra, ular sudga mahkumlar kiyimida hamda qo‘l-oyoqlari kishanlangan holda keltirilgan.

Ish yuzasida jami 12 kishi ayblanmoqda, ular orasida, tergov taxminiga ko‘ra, terakt ijrochilarini yashash joyi, transport, aloqa vositalari bilan ta’minlaganlar bor. “Krokus”dagi teraktga oid ish bo‘yicha hammasi bo‘lib 20 dan ziyod qo‘lga olingan, deya qayd etgan RBK nashri.

Moskva viloyatida joylashgan “Krokus Siti Xoll”dagi terakt 2024-yil 22-martida sodir bo‘lgan bo‘lib, o‘shanda bir necha qurolli shaxs konsert zaliga bostirib kirib, odamlarni ota boshlagan edi. Shundan so‘ng hujumchilar binoga o‘t qo‘yib, ko‘zdan g‘oyib bo‘lishgan. Hujum chog‘ida olti nafar bola doxil 145 kishi halok bo‘lgan, 550 dan ziyod odam yaralangan.

Terror xuruji uchun mas’uliyatni ko‘plab davlatlarda terror tashkiloti o‘laroq tan olingan “Islom davlati” guruhining Afg‘oniston bo‘limi bo‘lmish “Viloyati Xuroson” a’zolari o‘z zimmalariga olishgan.

Rossiyalik rasmiylar konsert zalidagi teraktga Ukraina daxldor bo‘lishi mumkinligini iddao qilishgan. Kiyev bu ayblovni qat’iyan rad etgan.