Kuz-qish mavsumiga hozirlik uchun qo‘shimcha 14 trln so‘m ajratiladi

O‘zbekistonda bu yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlariga o‘tgan yilgi 14 trillion so‘mga qo‘shimcha yana 14 trillion so‘m ajratiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida energiya resurslaridan samarali foydalanish hamda energetika sohasi obyektlari kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini ta’minlash chora-tadbirlari yuzasidan 10-iyun kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aytilgan.

Prezident matbuot xizmati qaydicha, yig‘ilishda Mirziyoyev bularni e’lon qilar ekan, “Endi “muddat kam edi, mablag‘ bo‘lmadi”, deb bahona qilishga hech kimning haqqi yo‘q”, deya mutasaddilarni ogohlantirgan.

Videoselektorda prezident tarmoq rahbarlari va hokimlarning bu yil elektr va gazni tejash rejasi qoniqarsiz ekanini, ular yanada katta marra olishi shartligini ta’kidlagan. U har bir hokimga 1 tadan tumanni tanlab, elektr va gaz tejash bo‘yicha namuna qilish bo‘yicha topshiriq bergan. Ushbu tumanlarda bu yil 750 million kilovatt elektr va 550 million kub metr gaz iqtisod qilinishiga erishish muhimligi urg‘ulangan.

Tejash – yo‘qotishlarni kamaytirish, tejamkor texnologiyalarni joriy qilish hisobiga bo‘lishi shart”, degan jumladan Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, kuz-qish mavsumida aholini issiqlik va ichimlik suvi bilan kafolatli ta’minlash uchun qozonxona, qozon va issiqlik tarmoqlarini yaxshilash, suv tarmoqlari va nasoslarni ta’mirlash vazifalari belgilangan.

Kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida Energetika vazirligi rahbarlarini hududlarga biriktirishga qaror qilingan. Vazirlik rahbarlari joylarda ishlarni tashkil qilishga hamda har bir nosozlik va avariyalarni zudlik bilan bartaraf etishga mas’ul bo‘lishi aytilgan.

Shu bilan birga, yig‘ilishda yil boshidan viloyatlarda 250 ta avariyaviy o‘chish bois ayrim joylardagi iste’molchilarga elektr barqaror yetkazilmagani tanqid qilingan. Bunga ko‘p qavatli uylarning ayrimlaridagi elektr qutilar va undagi simlar muddatini o‘tab bo‘lgani sabab o‘laroq keltirilib, mutasaddilarga bu boradagi kamchiliklarni to‘liq bartaraf etish topshirilgan.

Ayni paytda ishlarni eng og‘ir mahallalardan boshlab, yil yakunigacha 30 ming kilometr tarmoq, 10 mingta transformatorni yaxshilash vazifasi qo‘yilgan.

Yig‘ilish davomida tarmoq va hududlar rahbarlarining hisobotlari ham tinglangan.