O‘tgan yilning 1-oktyabridan shu kunga qadar AQSHning janubiy chegarasidan 57 ming 200 nafar noqonuniy migrant o‘tib, Kaliforniya shtatigacha yetib olishga uringan. Ularning 2900 nafarini O‘zbekiston fuqarolari tashkil etadi. Bu haqda Fox News telekanali AQSH Chegara-bojxona xizmatidan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qildi.
Xizmat qaydicha, hibsga olinganlarning 27,5 ming nafari xitoylik, 8,9 ming nafari hindistonlik, 7,8 ming nafari turkiyalik, 4,4 ming nafari mavritaniyalik, 3 mingga yaqini vyetnamlik, 5,6 ming nafari esa gvineyalikdir.
Migrantlarning ayrimlari Fox News'ga AQSHga yaxshi hayot istagida kelganini aytishgan.
“Inglizcham uncha yaxshi emas, Qo‘shma Shtatlarda ham hech kimni tanimayman. AQSHga kelgandan keyin hammasini boshidan boshlashimga to‘g‘ri kelishini bilaman. Biroq men kelajakda turmushim yaxshi bo‘lishini va farzandlarim yaxshi ta’lim olishini xohlayman. Men imkon qadar tezroq AQSHda o‘rnashib olishni istayman”, degan noqonuniy migrantlardan biri.
2023-yilda AQSHning janubiy-g‘arbiy chegarasiga 2,5 milliondan ziyod migrant kelgan. Ularning ko‘pchiligi mamlakatga kirib olishga muvaffaq bo‘lgan.
Avvalroq o‘tgan yili Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelayotgan migrantlar soni sezilarli darajada oshgani – bu mintaqadan bo‘lgan 50 mingdan ziyod odam noqonuniy yo‘llar bilan AQSHga yo‘l olgani xabar qilingan. Ulardan 17 mingga yaqini O‘zbekistondan, 7 mingi Qirg‘izistondan, 3 mingi Tojikistondan, 2700 nafari Qozog‘istondan, 2 mingi esa Turkmanistondandir.
AQSH statistik ma’lumotlariga ko‘ra, markaziy osiyoliklar doxil noqonuniy migrantlar oqimi bu yil ham kamaymayapti.
2021-yil oktyabridan 2023-yil oktyabrigacha AQSH chegarasidan noqonuniy o‘tgan 13 mingdan ziyod qo‘lga olingan.
O‘tgan yil dekabrida AQSHga noqonuniy yo‘l olgan 119 nafar o‘zbekistonlik vataniga ekstraditsiya qilingan edi.
Ozodlik radiosi o‘tgan yil avgust oyining oxirlarida “O‘zbeklarning Amerikaga xatarli yo‘li” deb nomlangan surishtiruvni e’lon qilgan edi. Unda o‘zbekistonliklarning AQSHga Lotin Amerikasi davlatlari va Meksika orqali noqonuniy o‘tishga urinishi xususida so‘z borgan.