KVN boshlovchisi Aleksandr Maslyakov vafot etdi

Aleksandr Maslyakov va Vladimir Putin

Rossiyaning Birinchi kanalida namoyish etib kelinayotgan “Quvnoqlar va zukkolar klubi” (KVN) ko‘rsatuvining ko‘p yillik boshlovchisi Aleksandr Maslyakov 82 yoshida vafot etdi.

KVN matbuot xizmatining 8-sentyabr oqshomida yoyinlangan ta’ziyanomasida “Quvnoqlar va zukkolar klubi” ko‘rsatuviga 1964-yildan buyon boshlovchilik qilib kelgan Maslyakov Rossiyada va uning xorijida yumor va satira ramziga aylangani aytilgan.

Aleksandr Maslyakov 1941-yilning 24-noyabrida Sverdlovskda harbiy uchuvchi oilasida tug‘ilgan. 1964-yili Moskva transport muhandislari institutining to‘rtinchi bosqich talabasi bo‘lgan paytda televideniyening Yoshlar uchun dasturlar bosh tahririyatida ishlay boshlagan. O‘sha yilning o‘zida u “KVN” teledasturini olib bora boshlagan.

O‘tgan asrning 70–80-yillarida u “Allo, biz talantlarni qidiryapmiz”, “Balli, qizlar”, “Balli, yigitlar” va boshqa teledasturlarni olib borgan.

KVN dasturi postsovet davlatlarining ko‘pida bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham ancha mashhur bo‘lgan. Moskvadagi bu ko‘rsatuvdan ilhomlangan holda, hatto Toshkentda ham "Quvnoqlar va zukkolar" dasturi tashkil etilgan. Bugungi kunda o‘zbek yoshlari orasida mashhur bo‘lgan "Million", "Bravo" va boshqa jamoalarini ham bilvosita Maslyakovning shogirdlari deb atash mumkin.

Maslyakov KVN dasturini 2022-yilgacha olib borgan. O‘sha paytda koronavirus infeksiyasini qayta yuqtirib olgan boshlovchi mavsumning bir necha ko‘rsatuvidagina ishtirok etib, keyin shouni butunlay tark etgan.

2018 va 2024-yillarda Aleksandr Maslyakov prezident saylovlarida Vladimir Putinning ishonchli vakili bo‘lgan.

NATOning strategik aloqalar markazi 2017-yildagi o‘z hisobotida Maslyakov Kreml bilan tig‘iz aloqalarga ega ekanini qayd etgan. Rossiya rasmiylari, xususan, unga Moskva markazida KVN konsert zali qurilishida yordam berishgan, KVNning xorijdagi musobaqalariga homiylik qilishgan, boshlovchining o‘zi esa Putin tomonidan III darajali “Vatan oldidagi xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan.

Rossiyadagi Forbes tadqiqotiga muvofiq, Maslyakovga tegishli bo‘lgan va Birinchi kanalga KVN dasturini namoyish qilish huquqini sotib kelgan “AMiK” shirkatining daromadi yiliga uch yarim million dollarni tashkil qiladi.

Tadqiqotda KVNning armiya tuzilmalari bilan ham tig‘iz aloqada ekani qayd etilgan.