Litva: Gitanas Nauseda prezidentlikka qayta saylandi

Gitanas Nauseda

Litvada bo‘lib o‘tgan prezident saylovi ikkinchi bosqichida amaldagi prezident Gitanas Nauseda g‘alaba qozondi. Litva bosh saylov komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, unga saylovchilarning 74,43 foizi ovoz bergan. Uning raqibi - bosh vazir Ingrida Shimonite esa 24 foiz ovoz jamg‘argan. Ovoz berish kuni davomat 49,6 foizni tashkil etgan.

60 yoshli Gitanas Nauseda Litvaga 2019-yil iyulidan buyon rahbarlik qilib kelmoqda. Bu prezidentlik muddati uning uchun ikkinchi va oxirgi muddat bo‘lib hisoblanadi. Litva konstitutsiyasiga muvofiq, prezident ketma-ketiga ikki martadan ko‘p saylana olmaydi.

Nauseda o‘ziga bildirilgan ishonch uchun Litva xalqiga minnatdorlik bildirgan. “Men o‘zimga bildirilgan bu ishonchni qadrlashim lozimligini juda yaxshi tushunaman”, degan u jurnalistlar oldida qilgan chiqishida.

Saylangan prezident Litvaning amaldagi tashqi siyosiy yo‘nalishini davom ettirishga va’da berib, mamlakat Yevropa Ittifoqi va NATO bilan hamkorlikdan yanada ko‘proq manfaat topishiga umid bildirgan.

Litva prezidentining asosiy vakolatlari tashqi siyosat va xavfsizlik siyosati bilan bog‘liq. Prezident saylovi poytasining asosiy mavzusi bu gal Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi hamda bu urushning Litva milliy xavfsizligi uchun oqibatlari bo‘ldi. Nomzodlarning har ikkisi ham Rossiya bilan urushda Ukrainani dastaklash va NATO mustahkamlanishini yoqlab chiqishgan.

Nauseda Rossiya bosqinchilik urushidan o‘zini mudofaa qilayotgan Ukrainaning qat’iy tarafdori o‘laroq nom qozongan.

“Kelinglar, Vladimir Putin qandaydir tinchlik muzokaralariga tayyor, degan xomxayollarga berilmaylik, — degan Nauseda saylovning birinchi bosqichidan keyin jurnalistlar bilan suhbatda. — Ukrainani samarali ravishda qo‘llashdan boshqa buni to‘xtatishning yo‘li yo‘q, asosiysi — bu ishni tezlikda amalga oshirish lozim”.

Ingrida Shimonite Gitanas Nausedani g‘alaba bilan tabriklagan. Ular 2019-yilgi prezident saylovida ham ovoz berishning ikkinchi bosqichiga chiqqan edilar. O‘shanda Nauseda 66 foiz ovoz olib, g‘alaba qozongan edi.

Bu galgi saylovning birinchi bosqichi dastlabki natijalari yuzasidan izoh berarkan, Nauseda bu safar o‘tgan saylovdan yaxshiroq pozitsiyada ekanini bildirgan edi. Shimonite esa ikkinchi bosqichga chiqish saylovning bu bosqichida o‘zining asosiy maqsadi bo‘lganini qayd etgan.