Lukashenko "Rossiyani qo‘llamayotgan" O‘zbekistonni tanqid qildi

Aleksandr Lukashenko

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko “Moskva va Minskni yetarlicha dastaklamayotgan” O‘zbekiston va Qozog‘iston rasmiylaridan o‘pkaladi. Bu haqda u “Rossiya” telekanaliga bergan intervyusida bildirdi.

Lukashenkoga ko‘ra, Rossiya va Belarus “ayrim postsovet davlatlariday pitirlayotgani yo‘q”: ular Rossiyadan nimadir olishni istashadi, evaziga hech narsa berishni istashmaydi.

Bunaqasi ketmaydi. Keling, birga bo‘laylik. O‘sha Rossiyaning yoniga kelib, dastak va yordam so‘rashingizga ko‘p vaqt qolgani yo‘q”, deya bildirdi u.

Lukashenko o‘z so‘zida 2,5 yil muqaddam Qozog‘istonga KXSHT tomonidan berilgan yordamni ta’na qildi.

Mana, Qozog‘istonda nimadir bo‘lganida, kimdan yordam so‘rashdi? Xitoy, Hindiston, Pokiston ularning yonidami? Yo‘q! Putin, Lukashenko, yordam beringlar! Biz u yoqqa [KXSHTning tinchlikparvar kuchlarini] tashladik, yarim kun ichida bizning uchoqlar Qozog‘istonga qo‘ndi. Hammasini tinchitib qo‘ydik”, degan Belarus prezidenti 2022-yildagi Qozog‘istonda sodir bo‘lgan Yanvar voqealarini eslar ekan.

U o‘z so‘zida AQSH va YI mamlakatlarining O‘zbekiston va Qozog‘iston tomonidan ishlab chiqargan tovarlarga ehtiyoji yo‘qligini urg‘uladi.

Qozog‘iston, O‘zbekistonni tovarlari bilan Amerika yoki Yevropa Ittifoqida kutishyapti, deb o‘ylaysizmi? Yo‘q. Shunday vaziyat keladiki, siz kimdandir emas, bizdan yordam so‘raysiz, buni anglash kerak. Sizga hech kim yordamga kelmaydi. Shuning uchun borini yo‘qotishdan nima naf?” deya qo‘shimcha qilgan Lukashenko.

Mazkur intervyudan keyin Belarusning Ostonadagi elchisi Pavel Utyupin Qozog‘iston TIVga chaqirilgan. Elchi bilan suhbat chog‘ida Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu Belarus tomonini sodir bo‘layotgan tashqi siyosiy jarayonlarga nisbatan Ostonaning pozitsiyasini xolis baholashga chaqirgan. Vazir Nurtleu hozirgi geosiyosiy sharoitda Qozog‘iston rasmiylari olib borayotgan tashqi siyosat o‘z samaradorligini isbotlaganini urg‘ulagan.