Mahalla raislari vakolat muddati besh yilga uzaytirildi

Illyustrativ surat

Illyustrativ surat

O‘zbekistonda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari raislari vakolat muddati uch yildan besh yilga uzaytirildi.

Mamlakat prezidenti tomonidan 11-fevral kuni imzolangan va 12-fevral kuni kuchga kirgan qonun bilan ana shu muddat belgilanmoqda.

“Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi va “Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risida”gi qonunlarga kiritilgan o‘zgartirishga muvofiq, fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar komissiyalarining vakolatlari ham aniqlashtirilgan.

Qayd etilishicha, qonun amalga kiritilgunga qadar saylangan fuqarolar yig‘inlari raislari o‘z vakolatini 3 yillik muddat tugagunga qadar amalga oshiradi.

Milliy qonunchilikda raislikka nomzodlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lish, oliy ma’lumotlilik, bevosita saylovga qadar kamida besh yil tegishli hududda doimiy yashash, tashkilotchilik qobiliyati, davlat organlari yoki nodavlat notijorat tashkilotlari yoxud tadbirkorlik va boshqa xo‘jalik faoliyati sohasida ish tajribasi, hayotiy tajriba va aholi o‘rtasida obro‘-e’tiborga ega bo‘lish kabi talablar qo‘yilgan.

Ozodlik avvalroq mahalla raislari sayloviga hokimiyatning aralashuvi holatlarini tahlil qilgan edi.