Mahbus ayolni jinsiy aloqaga majburlagan hibsxona boshlig‘iga 5 yil berildi. U jazoni manzil koloniyada o‘taydi

Jizzaxning Zomin tumanida tergov yakuniga qadar hibsga olingan ayolni jinsiy aloqa qilishga majburlaganlikda aybdor deb topilgan tergov izolyatori boshlig‘i ustidan sud hukmi o‘qildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Zarbdor tuman sudining 30 -noyabrdagi qarori bilan J. Sh. 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. U jazoni manzil-koloniyada o‘tashga hukm qilindi.

Jabrlanuvchi ayol Ozodlikka sud hukmidan norozi ekanini bildirdi.

Zarbdor tuman sudi kotibining Ozodlikka bildirishicha, jabrlanuvchi tomonning sud hukmi ustidan shikoyat arizasi bilan murojaat qilish muddati hali yakuniga etmagan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Zarbdor tuman sudi o‘zining yopiq majlisida Zomin tuman hibsxonasida zo‘rlangan mahalliy ayol ishi yuzasidan hukm chiqardi.

Tuman sudyasi Sh.Mirzaahmedov chiqargan hukmga ko‘ra, sudlanuvchi J. Sh. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 121-moddasi (Ayolni jinsiy aloqa qilishga majbur etish) 2-qismi va 206-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli topilgan va unga jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.

Sud qarorida jabrlanuvchi tomonga moddiy va ma’naviy zararni undirib berish yuzasidan fuqarolik sudiga murojaat qilish huquqi borligini tushuntirilgani qayd etilgan.

2021 - yilning iyunida Jizzax viloyat, Zomin tumanida “tovlamachilik”da gumonlanib hibsga olingan M. ismli ayol Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasiga (IIO FMB) qarashli tuman Vaqtinchalik saqlash izolyatoriga kiritilgani to‘g‘risida Ozodlik xabar bergan edi.

21 - iyun kuni ayol shu izolyator boshlig‘i "J. Sh. tomonidan zo‘rlangani" to‘g‘risida prokuraturaga ariza bilan murojaat qilgan. Joriy yilning 31 - avgustida jinoyatni sodir etganlikda gumonlangan J.Sh. hibsga olingan.

"Tovlamachilik" ayblovi bilan qo‘lga olingan M. ayblov o‘z isbotini topmagani sababli tez orada ozodlikka chiqarilgan.

Jabrlangan ayolning otasi tuman prokuraturasida ayblanuvchi shaxsning tanishlari va hamqishloqlari ishlashini hisobga olgan holda ish yopdi-yopdi bo‘lib ketishi ehtimoli borligi to‘g‘risida Ozodlikka bergan intervьyusida aytgan edi.

12 - dekabr kuni Ozodlik bilan bo‘lgan suhbatda M. tergov davomida ayblanuvchiga nisbatan ayblov yumshatilganiga guvoh bo‘lgani va u "atigi 5 yillik manzil koloniyasiga yuborilganidan" o‘z noroziligini bildirdi.

- 31 - avgust kuni O.ni ushlashdi. Unga 118- (“Nomusga tegish”- tahr.) va 119- (“Jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish”- tahr.) moddalarni qo‘llashdi. Unga nisbatan 121- va 206- moddalarning birinchi qismini ham ishlatishdi. O. bilan meni yuzlashtirishdi, u hujjatlarga qo‘l qo‘ymadi. Uning talabi bilan sud Zomindan Zarbdorga o‘tkazildi. Men sudga 7 marta qatnadim! Hukm o‘qilayotgan kuni sud nima asosda bilmadim , 118- va 119-moddalarni olib tashlab, yengil moddalarni qoldirib, 5 yilga “kolonka” berdi. Ekspertiza xulosalari inobatga olinmadi, prokuror ham 10 yil so‘ragandi, - dedi jabrlangan ayol.

Ayolning aytishicha, u advokat xizmatidan voz kechgan va sud majlislarida himoyachisiz ishtirok etgan:

- Sudga dadam, onam borishdi, mana shunaqa ahvol, deb tushuntirishdi. “Mana boshini ko‘tarolmay qoldi, uydan chiqmayapti!”, deyishdi. Oxiriga kelib sud moddalarni olib tashlayapti! Men bu ish qonuniy hal etilishini so‘rayman, sud jarayonidan noroziman! U hibsxonada nohaqdan va haqdan tushgan ayollar bor: hammasini zo‘rlab kelaversa... Adolat yo‘qda! Men sharmanda bo‘ldim, ahvolim yomon, boshim kasallikdan chiqmaydi, ovqat yemayman, na uyquda halovatim bor. Odamlarga qo‘shilolmay qoldim. “Bu qizni palonchi melisa unday qilibdi, bunday qilibdi”, degan gap atrofda. U melisa esa ochiqda bemalol telefondan foydalanib koloniyada yurarkan! O‘zini o‘rtog‘i tomonidan qarindoshlarimga pul taklif qilibdi, olmadim.

Sud hukmi ustidan shikoyat bergan oila a’zolari "Prezident portali va Adliya vazirligiga ham sud qarori chiqqanidan keyin shikoyat bilan chiqqani, ammo haligacha javob olmaganini" bildirdi.

M.ning aytishicha, unga J. Sh.ning yaqinlari chiqib, arizani qaytarib olish uchun pul ham taklif qilgan.

Ishni olib organ Zarbdor tuman prokuraturasi prokuror yordamchisi B.Muratovga bu ish yuzasidan qilingan murojaatlar javobsiz qoldi.

Zarbdor tuman sudi kotibining Ozodlik so‘roviga javoban bergan ma’lumotiga ko‘ra, jabrlanuvchi tomon sud hukmi ustidan shikoyat arizasi bilan murojaat qilish muddati hali yakunlanmagan.

- Sh. J.ga hukm o‘qildi. 5 yil qamoq jazosi berildi. 30 - noyabrda hukm chiqarilgan bo‘lsa, jabrlanuvchi tomon yana 4 kun vaqti bor shikoyat arizasi bilan murojaat qilishga, dedi Zarbdor tuman sudi kotibi.

Ozodlikka jabrlangan M.ning yaqinlaridan ma’lum bo‘lishicha, sud hukmi bilan mahbus ayolni zo‘rlashda aybdor deb topilgan sobiq ichki ishlar xodimi J. Sh. sud hukmidan norozi ekanini bildirib, apellyatsiya arizasi bilan murojaat qilgan.

Shu yilning iyun oyida Jizzax viloyati Zomin tumanida M. “tovlamachilik”da gumonlanib hibsga olingan edi.

Hibs etilgan ayol Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasiga (IIO FMB) qarashli Zomin tuman Vaqtinchalik saqlash izolyatorida ushlab turilgani va qiynoqlarga solinganini Ozodlikka gapirib bergandi.

Mahbus ayol bir haftacha davom etgan zo‘rlash va qiynoqlarda tuman hibsxonasi boshlig‘i J. Sh.ni ayblab prokuraturaga murojaat qilgan. Ozodlik e’lon qilgan maqola ortidan egallab turgan lavozimidan ozod etilgan J. Sh. 2021 - yilning 31 - avgustida hibsga olingan edi.

Ayni paytda O‘zbekiston Adliya vazirligi xotin-qizlarga hatto gap otgan yoki intim hayoti daxlsizligini buzganlar javobgarlikka tortilishi mumkinligi to‘g‘risida qonunchilikni kuchaytirilayotganini bildirdi.

Xalqaro inson huquqlari tashkilotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda huquq-tartibot tuzilmalari tomonidan qo‘lga olinganlarga nisbatan qiynoqlar qo‘llanilishi va noinsoniy munosabatda bo‘linishi keng tarqalgan, qiynoqqa solganlar jazolanmay qolmoqda.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham o‘tgan yili Konstitutsiya qabul qilinganining 25 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida sud-tergov davomida qiynoq qo‘llash holatlarini tanqid qilgan edi.

Shunga qaramasdan tergov hibsxonalarida qiynoqlar davom etayotgani haqidagi xabarlar oqimi to‘xtamagan.

Islom Karimov boshqaruvi paytida Zangiotadaga ayollar qamoqxonasida yuzaga kelgan holatni monitoring qilgan O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati O‘zbekistonda zo‘rlangan mahbusalar soni ko‘payib borayotganidan xavotir bildirgan edi.