Markaziy Osiyo: qurg‘oqchilik davom etadi, jamiyatda vaziyat taranglashmoqda

Markaziy Osiyoda suv tobora kamayib, mintaqa iqtisodiy muammolarini borgan sari chuqurlashtirmoqda. Jazirama issiq va qurg‘oqchilik manzarasida harorat rekord darajada ko‘tarilishi odamlarni qiynab yubordi. Ayni sharoitda no‘noqlarcha boshqaruv va xo‘jasizlik uchun javobgarlikni kim o‘z zimmasiga olishi kerak?

Fermadagi hayot

Qattiq qurg‘oqchilik belgilarini odatda birinchi bo‘lib fermerlar va cho‘ponlar payqaydi. Qozog‘istonlik faol Jonibek Kojik Ozodlikning qozoq xizmatiga Mangistov viloyati qariyalari umrlari bino bo‘lib bunday qurg‘oqchilikni ko‘rmaganlarini aytishganini so‘zlab berdi.

Kojikka ko‘ra, qattiq qurg‘oqchilik yaqinlashayotgani bahordayoq ma’lum bo‘lgan. Ammo mulozimlar ogohlik qo‘ng‘iroqlariga quloq solmaganlar.

Mangistov asosan cho‘lli joy, ammo mollarni haydab boqish mumkin bo‘lgan tumanlari ham bor, chorvachilik esa yerli aholining asosiy daromad manbaidir. Qurg‘oqchilik tufayli viloyatda minglab bosh mol, qo‘y va yilqi qirilib ketdi – talafotning aniq ko‘lamini hech kim aniq aytib bera olmaydi.

Yerda o‘t-o‘lan nihoyatda kam qoldi, pichan va ozuqabop don-dun narxi esa keskin oshib ketgan.

Iyun oyida ayrim cho‘ponlar otlarga oshxona chiqindilariga karton qog‘ozini aralashtirib yedirayotgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan edi.

Kojik, yerli aholi molga berish uchun karton qog‘ozini Oqtovdan keltirganini, talab ko‘paygani uchun endilikda hatto karton ham tanqislashganini aytadi.

Qozog‘iston hukumati yuzaga kelgan vaziyatning murakkabligini kech angladi, ko‘p zarar ko‘rgan hududlarga mamlakatning boshqa tumanlaridan yem-xashak yetkazib berish va arzonroq narxlarda sotish choralarini ko‘ra boshladi.

26 - iyulda Qozog‘iston qishloq xo‘jaligi vazirligi ichki ehtiyojni o‘ylab yem va ozuqabop don eksportini olti oy muddatga taqiqlab qo‘ydi.

Mangistovdan janubi sharqqa qarab minglab chaqirim narida – Qirg‘izistonning Chuy viloyatida fermerlar qurg‘oqchilik qiyofasidagi jiddiy xatarni birinchilardan bo‘lib o‘z tanalarida his qilishdi. Bahorda ekkan ekinlari bir tekis unib chiqdi, ammo keyin suvsizlikdan qovjiray boshladi.

Qirg‘iz rasmiylari ochig‘ini tan olishdi: “suv yetishmaydi, sovet davridan qolgan irrigatsiya tizimi eskirib ketgan bo‘lib, rekonstruksiya qilinmasa, zamonaviy talablarga javob bera olmasligi tayin”.

Qirg‘iziston qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Nurlan Sharipov iyun oyi o‘rtalarida bergan bayonotida Chuy viloyati sug‘orish tizimi kam sug‘oriladigan ekinlarga ixtisoslashgan sovxozlar uchun yaratilganini aytgan edi.

“Hozirgi xususiy xo‘jalik yurituvchilar esa jo‘xori, ildizmeva va rezavorlar, poliz ekinlari va ko‘p suv talab qiladigan boshqa ekinlarni ekishyapti”, ta’kidlagandi Sharipov.

Rasmiylarning tezkor choralar ko‘rishga layoqatsizligi ayon bo‘lgach, ayrim chuylik fermerlar o‘zboshimchalikka o‘tishdi: kanallardan o‘z ulushlaridan ortiqcha suv tortib ola boshlashdi, kechalari ariq va kanallarni “bo‘g‘ib”, suvni o‘z dalalariga burishni odat qilishdi.

Bu suvdan haqqini ololmayotgan boshqa fermerlarning noroziligiga olib keldi. Natijada hukumat kanallarga suv beruvchi kichikroq havzalarni yopib, tevaragiga qorovul qo‘yishga majbur bo‘ldi.

Shundan so‘ng chuylik fermerlar O‘sh bilan Bishkekni bog‘lovchi asosiy avtomobil yo‘lini to‘sib, hukumatdan suv muammosiga yechim topishni talab qildilar.

Mahalliy hukumat mavjud kanallarni rekonstruksiya qilib, suv omborini tiklashga, tumanlarda yangi quduqlar qazdirishga va’da berdi.

O‘zbekistonning Namangan viloyatida suv talashgan fermerlarning janjali mushtlashuvga aylanib ketdi. Nizo oqibatida to‘raqo‘rg‘onlik bir fermer boshidan og‘ir jarohatlanib, vafot etdi.

Surxondaryo viloyatining Angor tumani fermerlari esa mahalliy klaster xo‘jaligi bilansuv talashmoqda.

Navshahar qishlog‘i fermerlariga ko‘ra, klaster suvning katta qismiga ega chiqayotganini aytib, mahalliy hukumatni suvni adolatsiz taqsimlashda ayblamoqda.

Ozodlik iyul oyi boshlarida tomorqa egalari bilan davlat klasteri xodimlari o‘rtasidagi suv mojarosi chiqqani haqida xabar bergan edi. Hozirda mazkur ish sudda ko‘rilmoqda. O‘shandan beri deyarli har kuni umumiy suv ta’minoti kanali bo‘yida ikki guruh suv talashib janjallashadi. Bir necha marta to‘qnashuv oldini olish uchun voqea joyiga huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari borgan.

Ozodlik ma’lumotiga ko‘ra, bu kabi janjallar O‘zbekistonning ko‘plab hududlarida kuzatilmoqda.

Shahardagi hayot

Fermer va cho‘ponlardan keyin shaharlar aholisi ham qurg‘oqchilik jabrini torta boshladi.

Ozodlikning tojik xizmati Tojikistonning uchinchi yirik shahri bo‘lmish Ko‘lobda aholi suv tanqisligidan qiynalayotgani, xususan, har kuni umumiy vodoprovod kolonkalaridan suv g‘amlab olishga majbur bo‘layotgani haqida yozgan edi.

Ko‘lobning Shohin mahallasida yashovchi Talab Ibrohimov Ozodlik muxbiriga shunday deydi:

“78 yoshga kirdim, mana, ikki chelakda suv tashiyapman. Suv keltirish har kunlik yumushimga aylandi”.

12 - iyunga o‘tar kechasi Qozog‘istonning Besagash shahrining 100 nafarga yaqin aholisi uylarida ichimlik suvi o‘chirib qo‘yilganidan norozilik belgisi sifatida katta avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ydi. Mamlakatning shimoli-g‘arbidagi Uralsk shahrida ham shunaqa voqea ro‘y bergandi.

Yozgi tinkaquritar issiq Turkmaniston uchun tabiiy hisoblanadi, lekin bu yil havo harorati butun mamlakatda +50 darajagacha yetmoqda. Lebap viloyati sharqiy qismida 7 - iyul kuni 55 daraja issiq qayd etildi.

Lebap shahri aholisi suvni sisternalarda va qadoqlangan holda yigirma litri 5 manat (1.4 dollar) bahoda sotib oladi. Bu katta pul emas, ammo suv ro‘zg‘orda ichimlikdan tashqari cho‘milish va kir yuvish uchun ham zarurligini hisobga olganda, o‘rtacha oilaning suvga oylik xarji ancha-muncha bo‘lib qoladi.

Elektr quvvati asosan GESlarda ishlab chiqariladigan Qirg‘izistonda rasmiylar suv omborlarida suv miqdori kamligi hamda mamlakatning bosh gidroelektr stansiyasi bo‘lmish To‘qtag‘ul GESi ta’mirlanayotgani munosabati bilan elektr uzilishiga tayyor turish haqida aholini ogohlantirdi.

Suv yetishmovchiligi oziq-ovqat mahsulotlari qimmatlashishiga ham olib kelmoqda, bu yilgi hosil barakasi uchganini va chorva tuyog‘i kamayib ketganini hisobga olganda narx-navo kelasi yil ham o‘sishda davom etishi turgan gap.

So‘nggi oylarda Tojikistonda sabzi bahosi taxminan 700 foizga oshib ketdi, ayni holat Markaziy Osiyoning boshqa to‘rt mamlakatida ham kuzatilmoqda.

Ajoyib kunlarning birida qurg‘oqchilik yakun topadi, ammo suv muammosi yo‘qolmaydi.

Iqlim o‘zgarishi noodatiy ob-havo sharoitini vujudga keltirmoqda va bunday qiyinchiliklar katta ehtimol bilan kelgusida ham davom etajak.

1900-yillar boshida atigi 8 million kishini tashkil qilgan Markaziy Osiyo aholisi hozirgi kunda qariyb 75 million kishiga yetgan. Ayni sur’at davom etgan taqdirda 2030 yilda mintaqa aholisi 80 million bo‘ladi.

Markaziy Osiyodagi barcha davlatlar hukumatlari suv tanqisligining tezkor yechimi sifatida ko‘proq quduq qazdirishga va’da berishmoqda.

Mangistov viloyatida esa neft qazish shirkatlari neft quduqlarini burg‘ulashni vaqtincha to‘xtatib, texnikani suv quduqlari qazishga safarbar qilishga chaqirilmoqda.

Shu tariqa, Markaziy Osiyoda suv neftdan qadrliroq suyuqlikka aylanib borayotgandek.