Qozog‘istonda noyabr oyida sovet diktatori Iosif Stalinning o‘nlab yillar davomida o‘tkazgan qatag‘oni qurbonlari xotirlanadi. 1926-yildan 1956-yilgacha butun sobiq Sovet Ittifoqi hududida millionlab odamlar kommunistik tuzum tomonidan hibsga olingan, surgun qilingan, qatl qilingan yoki boshqa yo‘llar bilan o‘ldirilgan.
Ammo Markaziy Osiyo davlatlari so‘nggi paytlarda Stalin qatag‘onlari qurbonlari bo‘lgan minglab odamlarni reabilitatsiya qilmoqda, o‘zlaridagi KGB arxivlarini ochmoqda va qatl etilgan siyosatchilar, faollar, isyonchilar va jabr ko‘rgan yoki o‘ldirilgan boshqa shaxslarni oqlamoqda.
Bu tashabbuslar Rossiyada tanqid qilinmoqda, sovet davrini obro‘sizlantirish deb ayblamoqda.
KGB hujjatlari
18-sentabr kuni Qozog‘iston Bosh prokuraturasi Stalin qatag‘onlari qurbonlari ismlari yozilgan 2,4 millionga yaqin KGB arxiv hujjatlari ommaga e’lon qilinishini ma’lum qildi. Qozog‘iston rasmiylari sovet davrida soxta jinoyatlarda ayblangan 300 mingdan ortiq odam oqlanganini, yana yuz minglab kishilar ham oqlanishi mumkinligini aytdi.
Qozog‘istondagi KGB arxivlaridan yangi e’lon qilingan ma’lumotlar ko‘rsatishicha, 1920-yillar o‘rtalaridan 1956-yilgacha O‘rta Osiyoda qamoq, kasallik, ochlik va qatl tufayli bir necha million kishi o‘lgan.
Britan-amerikalik yozuvchi Robert Konkvest o‘zining “Buyuk terror” asarida Stalin davrida qatag‘on natijasida halok bo‘lgan sovet fuqarolari soni 12 milliondan oshganini yozgan.
Markaziy Osiyoda faollardan tashqari, ko‘pincha ziyolilar va siyosiy tuzum a’zolari ham qamoqqa olingan yoki qatl qilingan.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Birgina 1937-1938-yillarda Qozog‘istonda 25 mingdan ortiq, Qirg‘izistonda 10 mingga yaqin, O‘zbekistonda 13 mingdan ortiq va Tojikistonda 15 ming 700 nafarga yaqin elita vakillari millatchi va panturkist deb ayblanib qatl etilgan.
Bundan tashqari, ularning yuz minglab oila a’zolari mehnat lagerlariga yuborilgan, qiynoqqa solingan, ularning ko‘pi o‘sha lagerlarda kasallik yoki ochlikdan o‘lib ketgan.
Qozog‘istonlik tadqiqotchi va tarixchi Mambet Qo‘ygeldiyevning aytishicha, Qozog‘istonda KGBning yangi e’lon qilingan ma’lumotlari odamlarga xolis tarixiy ma’lumotlardan foydalanish imkonini beradi.
“Men bu materiallar bilan 35 yildan beri ishlayapman va ular qanday vujudga kelganini bilaman. Bu materiallardagi hamma narsa haqiqiy dalildir. KGB "odamlar bir-biri ortidan chaqadi" [ma’lumotni Sovet amaldorlariga yetkazish] degan mishmishni tarqatgan, ammo bu haqiqat emas. Qozoqlar ham, qirg‘izlar ham hech qachon bunday ish qilmagan. KGB nega bunday mish-mish tarqatdi? Chunki ular [etnik guruhlarni] ayblash orqali o‘z qilmishlarini oqlamoqchi bo‘lishgan, ammo buni tasdiqlovchi hech qanday dalil yo‘q”, deydi Qo‘ygeldiyev Ozodlik radiosining Qirg‘iz xizmatiga.
Yopiq arxivlar
2022-yil fevralida Qirg‘iziston Oliy sudi 1930-yillarda qatag‘onga uchragan va oradan ko‘p o‘tmay O‘zbekistonda muhojirlikda vafot etgan shoir Qozibek Kazalchini reabilitatsiya qilish to‘g‘risida qaror chiqardi. Sud jarayoni Qozibek haqidagi arxivlardan olingan tarixiy faktlar asosida o‘tkazildi, va uning Xitoy foydasiga josuslik qilish ayblovi asossiz bo‘lgani tasdiqlandi.
Taniqli xalq hofizi To‘qtobek Asanaliyev Qozibek haqidagi arxiv hujjatlarini yig‘ish va unga qo‘yilgan ayblovlar bo‘yicha tarixiy tadqiqotlar olib borish bilan shug‘ullangan guruhda bo‘lgan.
“Qozibekning Bug‘achi ismli yana bir mashhur qirg‘iz xalq qo‘shiqchisi bilan tushgan qiziqarli suratini topdik. Surat Rossiyaning janubi-g‘arbiy qismida, Qozog‘iston bilan chegaradosh Orenburg shahrida va ular surgun qilingan joyda olingan. Biz sudga Qozibekning [ayg‘oqchi emas, balki] Stalin repressiyasi qurboni bo‘lganini isbotlash uchun dalil sifatida taqdim etdik”, deydi Asanaliyev Ozodlik radiosiga.
Asanaliyevning aytishicha, Qozibek ham ota-onasi boy bo‘lgani uchun kommunistik tuzum nishoniga aylanishi mumkin edi.
Qirg‘izistonda Stalin terrori qurboni bo‘lganlarning umumiy soni haqida ishonchli ma’lumotlar yo‘q. Ammo ayrim ekspertlar hisob-kitobiga ko‘ra, 1937-1939-yillarda hozirgi Qirg‘iziston hududida 40 mingdan ortiq odam o‘ldirilgan.
Oktabr oyida Qirg‘iziston parlamenti 1918-1953-yillarda Sovet Ittifoqi tomonidan diniy yoki siyosiy e’tiqodi tufayli sudlangan, qatag‘on qilingan yoki surgun qilingan shaxslarning fuqarolik huquqlarini kafolatlovchi qonunni qabul qilgan edi.
Ammo Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik qo‘mitasida saqlanayotgan Sovet davri arxivlari yuz minglab hujjatlarni qayta ishlash va tadqiq qilish uchun zarur bo‘lgan mablag‘ yo‘qligi sababli qonun loyihasini qabul qilish bir necha yilga kechiktirildi.
Qirg‘izistonlik tarixchi Jumagul Baydildiyev qirg‘iz qurbonlari haqida yangi faktlarni hatto Qozog‘istondagi KGB arxiv hujjatlaridan ham bilib olishga umid qilmoqda.
“Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘istondan bo‘lgan qatag‘on qilinganlar haqida ma’lumot topdi va tarixiy ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan ikkita kitob chop etildi. Afsuski, biz Moskva arxiviga kira olmayapmiz, u yerda Stalin davrida qatl etilgan qirg‘iz fuqarolari haqida [ko‘proq] ma’lumot topish mumkin”, deydi Baydildiyev.
2022-yil yanvar oyi boshida O‘zbekiston Oliy sudi 120 nafar antisovet jangchilarini, jumladan, "bosmachilar" qo‘zg‘oloni yetakchilaridan biri Ibrohimbek Chakaboyevni (Ibrohim Bek) oqladi.
1919-yildan 1931-yilgacha Chakaboyev butun O‘rta Osiyo bo‘ylab sovet tuzumiga qarshi kurashayotgan minglab jangchilarning uyushgan guruhiga rahbarlik qilgan. "Bosmachilar" Afg‘onistonga ham reydlar uyushtirgan. Sovet hukumati Chakaboyevni terrorchi deb topgan va 1931-yil iyun oyida qatl qilgan.
"Bosmachilar" harakati terrorchi tashkilot deb topilganiga qaramay, 2021-yilda O‘zbekiston sudlari ushbu harakatlar a’zolari va Stalinning 1936–1938-yillardagi “Buyuk tozalash”ining yuzlab qurbonlarini oqlashni boshladi. O‘zbekistonda jabrlanganlarning umumiy soni 100 mingga yaqin.
“Oliy sud tomonidan ko‘rilgan jinoyat ishlari bo‘yicha birorta ham sud hukmi bo‘lmagan. Aksariyat odamlar xalq komissarlari uchliklari tomonidan otuvga yoki lagerlarga surgun qilingan”, deyiladi Oliy sud bayonotida.
O‘zbekiston Oliy sudi tomonidan oqlangan Stalin davridagi qurbonlar soni hozirda 500 ga yaqinni tashkil etadi, jabrlanuvchilar qarindoshlarining talablari tufayli ular soni sekin-asta ortib bormoqda.
O‘zbekiston va Qirg‘izistonda sovet qurbonlari bosqichma-bosqich reabilitatsiya qilinayotgan bo‘lsa ham, Qozog‘istonda maxfiy hujjatlar oshkor qilinayotgan bo‘lsa ham, Kreml Rossiyaning murakkab o‘tmishini qattiq nazorat qilishda davom etmoqda.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
2021-yilda Rossiya Oliy sudi Stalin siyosiy qatag‘onlari qurbonlarini reabilitatsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi “Memorial International” tashkilotini “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi bahsli qonunga rioya qilmagani vaji bilan yopib qo‘ydi.
So‘nggi 10 yil ichida butun Rossiya bo‘ylab Stalinga o‘nlab yodgorliklar o‘rnatildi, 2014-yilda Moskvadagi Markaziy Gulag muzeyida sovet davridagi Stalin qatag‘onlari qurbonlarining tarixiy kartalari yo‘q qilindi.
Hatto ayrim Rossiya matbuoti O‘zbekiston sudining Stalin davri qurbonlarini reabilitatsiya qilish qarorini tanqid qilib, buni Sovet davrini obro‘sizlantiruvchi va “Rossiyaga qarshi harakat” deb atadi.
Markaziy Osiyoda dekolonizatsiyani targ‘ib qiluvchi va mustamlakachilik qurbonlari haqida tadqiqot olib borayotgan qirg‘izistonlik jurnalist Mirjan Baliboyevning aytishicha, Rossiya matbuotining kuchli ta’siri va Kremlning iqtisodiy va siyosiy bosimi tufayli Markaziy Osiyo davlatlari barcha vahshiyliklarni ochib ko‘rsatmayapti. Stalin terrorini bilish mintaqaning tarixiy o‘ziga xosligi va mustaqilligiga olib keladi, deydi u.
“Arxivlarni ochish mintaqa mamlakatlari tarixining noma’lum, ilgari aytilmagan va yashirin sahifalarini ochib beradi. Bu O‘rta Osiyo xalqlari qoloq, madaniyati, alifbosi va ma’rifati yo‘q degan yolg‘on afsonalarni yo‘qqa chiqaradi”, deydi Baliboyev Ozodlik bilan suhbatda.