Markaziy Osiyo mamlakatlari evrilayotgan geosiyosat manzarasida o‘z harbiy ehtiyojlariga tobora ko‘proq pul sarflamoqda, deb yozadi G‘arb matbuoti. OAVlar, shuningdek, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi Kaspiy dengizida ekologik inqirozni chuqurlashtirayotgani haqida xabar qilgan. Bundan tashqari, Ostonaning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini ikki baravarga oshirish rejasi va bu yo‘ldagi to‘siqlar mavzusi ham G‘arb mediasida yoritildi.
Markaziy Osiyo nega mudofaa xarajatlarini oshirmoqda?
Markaziy Osiyo mamlakatlari mintaqada va Ukrainada avj olayotgan harbiy mojarolar manzarasida o‘z mudofaa byudjetlarini oshirmoqda, biroq ekspertlar bu barqarorlikni oshirishiga shubha qilmoqdalar, deyiladi “Amerika ovozi” saytida e’lon qilingan maqolada.
Stokholm tinchlik muammolari xalqaro tadqiqot instituti ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yili Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston mudofaaga 1,8 mlrd dollar sarflagan. O‘zbekiston bilan Turkmaniston hisobotga kiritilmagan, chunki ular o‘z yalpi ichki mahsuloti (YIM)ning qancha qismini mudofaa ajratishini ochiqlamaydi.
OAV xabarlariga ko‘ra, o‘tgan yili Qozog‘iston YIMning yarim foizini mudofaaga yo‘naltirgan (mamlakat YIM umumiy hajmi 259,7 mlrd dollarni tashkil etgan). Bir yil davomida bu summa 8,8 foizga o‘sdi. YIM hajmi qariyb 13,9 mlrd dollar bo‘lgan Qirg‘iziston shundan bir yarim foizini, YIM 12 mlrd dollarga teng Tojikiston esa shuning bir foizini armiya uchun ajratgan.
Mintaqa rasmiylari xarajatlar ortganini Ukrainadagi urush, Armaniston va Ozarbayjon mojarosi, mintaqadagi chegara kelishmovchiliklari hamda Afg‘onistondagi beqarorlik kabi omillar bilan izohlashadi.
“Amerika ovozi”da chiqqan maqola muallifi – Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchi va jurnalist Piter Leonard fikricha, harbiy xarajatlar o‘sishi qisman izzatparastlik masalasidir, chunki avtoritar rahbarlar qimmatbaho qurollarni ko‘z-ko‘z qilishni yoqtiradilar.
“Biz buni Turkmaniston misolida yaqqol ko‘rib turibmiz: mamlakat rahbariyati Xitoy, Yevropa va Turkiyadan sotib olgan yangi qurol va texnikalarini har yili paradlarda namoyish qilishadi. Mazkur tendensiya butun Markaziy Osiyoga yoyilayotganiga guvoh bo‘lyapmiz”, deydi ekspert.
Muallifning yozishicha, Markaziy Osiyoda militarizatsiya kuchayishi geosiyosiy vaziyat o‘zgarganidan dalolat beradi. “Rossiya yetakchiligidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) ilgari Markaziy Osiyo xavfsizligida muhim rol o‘ynagan. Biroq so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo respublikalari harbiy sohada ko‘proq Turkiya, Eron, BAA, AQSH, Xitoy, Germaniya, Fransiya va Belarus bilan hamkorlik qila boshladi”, deb qayd etadi u.
Ayni chog‘da Leonard mintaqa mamlakatlarida harbiy xarajatlar oshirilishi siyosiy barqarorlikni mustahkamlashiga shubha bilan qaraydi.
“Agar Markaziy Osiyo mamlakatlari hukumatlari qurolli kuchlarga barqarorlik kaliti deb qarab, siyosiy islohotlarga va quyidan bo‘ladigan bosimni pasaytirishi mumkin bo‘lgan institutlarni yaratishga yetarlicha e’tibor bermasa, ularni oldinda noxushliklar kutib turibdi, – mulohaza qiladi Leonard. – Masalan, Qozog‘iston o‘z armiyasiga katta resurslarni tashlayapti. Ammo bu butun mamlakatni larzaga solgan 2022-yil yanvar umummilliy namoyishlari kabi voqealar oldini olishga yordam beradimi?”
Ukrainaga qarshi urush Kaspiy ekologiyasiga qanday ta’sir qilmoqda?
Yevropaning BNE Intellinews nashri Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi Kaspiy dengizi ekologik inqirozini chuqurlashtirgani haqida yozdi.
Iyul boshlarida Ozarbayjonda baliqlar yoppasiga qirilgani qayd etildi. Ushbu hodisa Rossiya Kaspiy flotiliyasidagi kemalaridan Ukraina hududlariga qarata raketalar uchirgan paytga to‘g‘ri keldi. Ozarbayjon bioxilma-xillik agentligi baliqlar halokatini dengiz suvi qizib ketgani va kislorod kamaygani bilan izohladi. Rossiya va Yevroosiyoni o‘rganish bo‘yicha Karnegi fondi tadqiqotchisi Zaur Shiriyevga ko‘ra, harbiy harakatlar atrof-muhitni ifloslantirib, dengiz organizmlariga zarar yetkazayotir.
Rossiya Ukrainaga bosqin boshlaganidan so‘ng, 2022-yilning mart – may oylarida Mang‘istou viloyatining Kaspiy dengizi sohilida ko‘plab tyulenlar o‘limtiklari topilgan edi. 2022-yil noyabrda Qozog‘istonda yana tyulenlar qirilishi qayd etildi. Keyinroq Dog‘istondagi sohilbo‘yida minglab, yana bir oy o‘tgach esa Turkmanistonning Qizilsuv qishlog‘i yaqinida yuzlab o‘lik tyulenlar topildi.
Rossiya Dog‘istonda tyulenlar qirilganini tabiiy sabablar bilan izohladi. Qozog‘iston esa 2023-yil fevralda o‘tkazilgan tadqiqotdan so‘ng “tyulenlar atrof-muhitning badtar ifloslanishi natijasida paydo bo‘lgan virusli infeksiyalar va pnevmoniyadan halok bo‘lgan”, degan xulosaga keldi. Qozoq tadqiqotchilari dengiz ekologiyasini raketa yoqilg‘isi bulg‘aganini istisno qilishmaydi, deb yozadi BNE Intellinews.
Kaspiy dengizi ifloslanishi shu paytgacha neft-gaz sohasiga bog‘lanar edi. Biroq Rossiyaning X-55 va boshqa raketalari otilishi natijasida ajralib chiqadigan zaharli moddalar ham havza ekotizimiga salbiy ta’sir qilmay qolmaydi.
“Ko‘pincha eski raketalar qo‘llanyapti, ba’zilari nosoz bo‘lgani uchun dengizga qulamoqda. Bunaqa raketalar markaziy asab tizimini shikastlovchi toksik detsilin moddasini chiqaradi. Detsilin tirik organizmlarni zaharlashi, oziq zanjirida to‘planishi va jonivorlar hamda o‘simliklar yashaydigan eng muhim ekomakonlarda muvozanatni izdan chiqarishi mumkin”, deya Shiriyevdan iqtibos keltiradi nashr.
2018-yilda qabul qilingan Kaspiy konvensiyasida havza do‘stlik dengizi deb e’lon qilingan, lekin hujjatda demilitarizatsiyaga doir bironta band yo‘q. Shu bilan birga, agar harbiy harakatlar jiddiy ekologik talafot yetkazadigan bo‘lsa, Kaspiy dengizi muhitini muhofaza qilish to‘g‘risidagi Tehron konvensiyasini qo‘llash mumkin, deyiladi maqolada. Shiriyev masalaga diplomatik yechim topilmagan taqdirda xalqaro arbitrajga murojaat qilishni maslahat beradi.
“Ammo Kaspiy bo‘yidagi biron davlat dengiz bulg‘anayotganidan ochiq shikoyat qilishiga ko‘zim yetmaydi”, ta’kidlaydi ekspert.
Qozog‘iston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni oshirishiga nima xalal beradi?
Qozog‘iston hukumati yaqin besh yil mobaynida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni ikki baravarga oshirishni rejalamoqda, biroq Ostona joylarda ishchi kuchi yetishmasligi muammosini nazardan qochirayotir, deb yozadi Eurasianet nashri.
Qozog‘iston eng yirik g‘alla eksportchilaridan biridir. Yanvarda hukumat 2024-2028-yillarda qishloq xo‘jaligi ekinlari seleksiyasi va urug‘chiligini rivojlantirish rejasini e’lon qildi. Hujjat ko‘p suv talab qiladigan ekinlarni qisqartirib, yog‘ olinadigan ekinlar hissasini oshirishni nazarda tutadi. Reja, shuningdek, texnologik modernizatsiya, suv resurslarini boshqarish tizimiga investitsiyalar kiritish va o‘g‘itlardan ekologik xavfsiz foydalanishni ham o‘z ichiga oladi.
Hukumat rejani amalga oshirish uchun 33 mlrd dollar zarurligini aytmoqda. Mazkur summaning uchdan ikki qismi past foizli kreditlar shaklida taqdim etiladi. Investitsiyalar qayta ishlangan go‘sht, sut va sabzavot mahsulotlari eksportiga yo‘naltirilishi belgilangan.
Maqola muallifi Ayman Jusupova rejada fermerlarga kam o‘rin berilganiga e’tibor qaratgan. Hukumat rejasida Qozog‘iston qishloq xo‘jaligining ayrim noxush voqeliklari, xususan, agrar sektorda ishchilar soni kamayganligi tilga olinmaydi. Holbuki, qisman shuning hisobiga qishloq xo‘jaligining YIMdagi ulushi kamayib bormoqda: 2022-yilda u 5,2 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, 2023-yilda 4,3 foizga tushdi.
Sohada mahsuldorlik kamayishiga nafaqat yomon infratuzilma va eskirgan jihozlar, balki ish haqi kamligi va mehnat muhofazasi yomonligi ham sabab bo‘layotir. Qishloq xo‘jaligi ishchilari sohani tark etib, yaxshi haq to‘lanadigan ish topish ilinjida shaharlarga ko‘chib borishmoqda. Qishloqlar aholisining shaharga oqishi esa shahar infratuzilmasini zo‘riqtirmoqda; hayotda o‘z o‘rnini topa olmayotgan yoshlar orasida norozilik kayfiyati kuchayib bormoqda.
Muallif muhim raqamlarni keltirgan: 15 yil muqaddam mamlakatdagi jami ishchi kuchining uchdan biri aynan qishloq xo‘jaligida band edi, hozirda ushbu ko‘rsatkich 12,5 foizga teng. Agrar sohada qolgan ishchilar mehnat muhofazasi yomonligidan, mehnat shartnomalari tuzilmasligidan, ish beruvchining qonunga zid harakatlaridan himoyalanish mexanizmlari mavjud emasligidan shikoyat qiladilar.
“Qozoq cho‘llaridagi aholi maskanlari orasidagi ulkan masofa jo‘g‘rofik g‘ovlarni yaratadi; yana bir to‘siq esa ko‘p qishloq hududlarining sifatli internet bilan ta’minlanmaganidir, zero bu aholining raqamli savodxonligi va mehnat huquqlaridan xabardorligiga salbiy ta’sir qiladi”, deya xulosa qiladi Ayman Jusupova.