Markaziy Osiyoning qadimiy tillaridan biri yo‘qolib ketish arafasida

Yag‘nob vodiysidagi uy. Ayniy tumani, Tojikiston.

Dushanbe shimolida joylashgan manzarali Yag‘nob vodiysida, chekka hududning yarim cho‘l qishloqlarida tarqoq holda yashovchi 500 ga yaqin odam istiqomat qiladi.

Bir paytlar 4000 ga yaqin odam yashagan Yag‘nob 1970-yilda sovet amaldorlari tomonidan paxta yetishtirish uchun Zafarobod qishloq xo‘jalik tumaniga majburan ko‘chirilgani sababli aholisining ko‘p qismidan ayrildi.

Ko‘pchilik 1990-yillarda Yag‘nobga qaytib keldi, ammo ish yo‘qligi va chekka, tog‘li hududdagi kundalik hayot qiyinchiliklari tufayli uni yana tark etishga majbur bo‘ldi.

Jamoalari qisqarib borar ekan, qishloq aholisi, agar hukumat va ona tilida so‘zlashuvchilar uni saqlab qolish uchun chora ko‘rmasalar, ularning qadimiy ona tili – sharqiy eroniy til bo‘lmish yag‘nobiy tili yo‘q bo‘lib ketishidan xavotirda.

Yag‘nobiy xalqi mahalliy bolalar uchun maktab o‘quv dasturiga o‘z tili kiritilishini istaydi.

Biroq Yag‘nob vodiysida maktab yo‘q. Bolalar taxminan 40 kilometr uzoqlikdagi Anzob shahridagi davlat maktab-internatiga olib ketiladi va u yerda tojik tilida ta’lim oladi.

Ko‘plab bolalar butun o‘quv yilini o‘z qishloqlaridan uzoqda o‘tkazadi, chunki qishda kuchli qor yog‘ishi tufayli ular uylariga qayta olmaydi va natijada ona tillarini deyarli unutadi.

"1990-yillarda boshlang‘ich maktab [yag‘nobiy bolalari uchun] bu tilni o‘qitishni boshladi va buning uchun darsliklar ham yozildi," deydi yag‘nobiy tilini o‘rganuvchi tilshunos Rustam Ramazoniy. "Ona tilida so‘zlashuvchilar soni kamayganligi sababli tilni o‘rgatish juda muhim edi."

Ammo dastur 2000-yillar boshlarida davlat tomonidan to‘xtatildi, bu esa yag‘nobiy bolalarini ona tilida olayotgan cheklangan ta’limdan ham mahrum qildi.

Ikki tilli qishloq aholisi kundalik muloqot uchun ona tilidan foydalanadi, ta’lim va ish yuzasidan esa tojik tiliga tayanadi. Mahalliy aholining Ozodlik radiosiga aytishicha, ularning farzandlari faqat maktabga borgunlaricha yag‘nobiy tilida so‘zlashadi.

Yoshlar oldidagi tanlov

Yag‘noblik keksa avlod vakillari hukumat paxta yetishtiruvchi hududlarga ko‘chirish dasturini to‘xtatganida Zafaroboddan o‘z tashlandiq qishloqlariga qaytganlarini eslaydilar.

Piskon qishlog‘ida yashovchi Safarali Boqiyev ota-bobolar yurtini hech qachon tark etmaslikka qaror qilganida 20 yoshlarda edi.

"Men 1988-yilda harbiy xizmatni tugatib, Yag‘nobga qaytdim. Shu yerda uylandim. Yetti farzandimiz bor, – deydi Boqiyev. – Tirikchilikni amallayapmiz va men ketishni xohlamayman, chunki [agar biz hammamiz ketsak] tilimiz yo‘qoladi."

Ammo ko‘plab odamlar yaxshi yo‘llar, shifoxonalar yoki dam olish joylari bo‘lmagan vodiyda qolishni xohlamaydi.

Aholi asosan dehqonchilik, kartoshka yetishtirish va chorvachilik bilan shug‘ullanadigan Yag‘nobda professional ish o‘rinlari yo‘q.

Qishda – vodiy yetti oygacha qor va muz bilan qoplanganda – odamlar shoshilinch holatlar, masalan, bemorlarni kasalxonaga olib borish uchun eshaklardan foydalanadilar.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Лақайлар: Тожикистондаги Иброҳимбек қўрбоши авлодларининг ўтмиши ва бугуни

Kyorta qishlog‘ida yashovchi Firuza Muharramova Ozodlik radiosiga aytishicha, u uchala farzandini ham uyda dunyoga keltirgan. Unga yordam beradigan shifokor ham, doya ham bo‘lmagan.

Yag‘nob elektr tarmog‘iga ulanmagan. So‘nggi yillarda aholi hududdagi tashlandiq suv resurslaridan foydalanib, kichik elektr stansiyalarini qurgan.

Vodiyni noyob sayyohlik markaziga aylantirish loyihalari mavjud – hatto bir nechta g‘arblik ko‘ngillilar rivojlanayotgan sohani yuksaltirishga hissa qo‘shmoqda. Mahalliy aholi bunday loyihalar ish o‘rinlari yaratishi va vodiyga sarmoya jalb qilishiga umid bog‘lamoqda.

Biroq bu holat odamlarning, ayniqsa, yoshlarning shaharlarga ko‘chib ketishiga to‘sqinlik qilolmadi.

"Yoshlarimiz Yag‘nobda qolsa deymiz, chunki ular ketsa tilimiz yo‘qoladi. Tilimiz yo‘q bo‘lib ketishi aniq," deydi Boqiyev. "Ammo farzandlarimiz bu yerda yashashni xohlashmayapti."

Yag‘nobdagi qishloqlar loy g‘ishtli uylar va eski, tashlandiq xarobalarning ajoyib uyg‘unligidan iborat bo‘lib, qolishga ahd qilganlar bir nechta zamonaviy uylar ham qurgan.

Vodiyni tark etganlar o‘z tillarini uydan uzoqda saqlab qolish qiyinligini tan olishadi.

Zafaroboddagi yag‘nobiylar jamoasi a’zolari ularning tili va butun madaniyati yo‘q bo‘lib borayotgani guvohi bo‘lishmoqda.

"Bu yerdagi to‘ylarimizda 95-98 foizgacha qo‘shiqlar tojikcha bo‘ladi," deydi zafarobodlik Mirzo Ramazonov.

"Zafarobodga ko‘chib kelganimizdan beri an’analarimizning ko‘pini yo‘qotdik," deydi yag‘nobiy shoiri Saidmurod Xolov. "Hatto yag‘nobiy tilida so‘zlashadiganlar ham uni tojikcha so‘z va iboralar bilan aralashtirib yuborishyapti."

Sharofat Sharifova bir necha yil avval oilasi bilan Yag‘nobdan chiqib, poytaxt Dushanbeda istiqomat qilmoqda.

Sharifovaning aytishicha, Dushanbedagi kichik yag‘nobiy jamoasi a’zolari hali ham o‘z ona tilida so‘zlashadi, biroq u keksa avlod dunyodan o‘tganida bu til yo‘q bo‘lib ketishiga ishonadi.