Majburiy ijro byurosining Toshkent shahri Shayxontohur tuman bo‘limi mansabdor shaxslari ish yurituvidagi ijro hujjatlarini asossiz tamomlashi oqibatida fuqaro, jamiyat va davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda moddiy zarar yetkazilgani aniqlandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining ma’lum qilishicha, MIB 202,9 milliard so‘mlik 200 ta ijro ishida qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘ygan.
Jumladan, byuroning tuman bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan “S.B” MCHJdan davlat foydasiga 19 milliard so‘mlik, “P.P” MCHJdan 179,2 million so‘m soliq qarzdorligini undirish to‘g‘risidagi ijro ishlari qonunchilik talablariga zid ravishda asossiz tugatilgani oqibatida soliq qarzdorligi undirilmay qolgan.
Shuningdek, “SCG” MCHJdan 26,3 milliard so‘m, “R.F.P.” MCHJdan 19,4 milliard so‘m va “Ya.M.S.E.T” MCHJdan 1,7 milliard so‘m soliq qarzlarini undirish to‘g‘risidagi ijro ishlari mazkur korxonalar faoliyat yuritib kelayotgan manzili aniq bo‘lca-da, asossiz tamomlangan.
Aksilkorrupsiya idorasiga ko‘ra, MIB yana qator holatlarda qarzdorning nomiga rasmiylashtirilgan mol-mulk mavjud bo‘laturib, soliq to‘loviga oid ishlarni yakunlangan.
Aniqlangan holatlar yuzasidan Toshkent shahri prokuraturasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgani ma’lum qilingani holda, ko‘p milliardlik mablag‘larga doir ijro hujjatlarini o‘zboshimchalik bilan yopishga sabab bo‘lgan motivlar ochiqlanmagan.
Ushbu xabar tarqalgach, ijtimoiy tarmoqlarda ijro hujjatlarini asossiz ravishda yopib yuborish MIBning barcha tuzilmalarida keng yoyilgani haqida iddao ilgari surildi. Hisob palatasi va Aksilkorrupsiya idorasidan bu bo‘yicha tekshiruvlarni kengroq ko‘lamda o‘tkazish taklif etildi.