Ukrainaga qarshi urush boshlanganidan beri “Levada-sentr” vaqti-vaqti bilan rossiyaliklarga: “Rossiyaning harbiy harakatlari sizda qanday hislar uyg‘otmoqda?” degan savol bilan murojaat qiladi. So‘rovlar natijalariga ko‘ra, davlati uchun uyalayotganlar ulushi biron marta ham 8 foizdan oshmagan – ushbu maksimum 2023-yil iyunda qayd etilgandi. Urush boshlarida 5 foiz rossiyalik uyat hissini tuygan bo‘lsa, 2024-yil iyunga borib bu raqam 4 foizga tushdi.
Ayni chog‘da, Nadejdin prezidentlikka nomzodini qo‘ymoqchi bo‘lganida rossiyaliklar uni qo‘llab imzo chekish uchun adoqsiz navbatlarga turishdi: o‘shanda ular “bizni bu yerga uyat hissi boshlab keldi”, deyishgandi.
Ozodlikning “Sibir.Realii” loyihasi Hyuston universiteti dotsenti, tarixchi Aleksey Golubev bilan bir qism rossiyaliklardagi uyat hissi nega urushga qarshi ommaviy harakatga asos bo‘la olmagani haqida suhbatlashdi.
– Aleksey Valeryevich, biron taxminingiz bormi, nega aksar rossiyaliklar Rossiya Ukrainaga chinakam urush ochgani uchun uyalmayapti?
Rossiya haqida imperiya kategoriyalarida o‘ylasak va Ukrainaga qarshi urushni imperialistik urush terminlarida tushunadigan bo‘lsak, tarixda shunaqa urushlar olib borgan hech bir imperiya yo‘qki, aholisi buning uchun uyalgan bo‘lsa.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Britaniya ulkan mustamlakachi imperiya o‘laroq butun dunyoda imperialistik urushlar olib borgan. Ammo britaniyaliklar bu urushlar uchun uyaladimi? Yo‘q. Hatto yuqori madaniy kapitalga ega insonlar ham uyalishmaydi. Ular javobgarlik hissini tuyishlari mumkin, lekin uyatni emas.
Masalan, Fransiya Vyetnamdan chiqib ketishi bilan 1954-yilda Jazoirda urush boshlab yubordi. Fransuz tarixchilariga ko‘ra, o‘sha urushda yarim million odam o‘lgan, Jazoir tomoni esa qurbonlar 1–1,5 mln bo‘lgan, deydi. Ya’ni Fransiya kamida 20 jazoirlikdan birining o‘limida javobgar. Lekin fransuzlar o‘z hukumatlarining Jazoirdagi qilmishlari uchun uyalishdimi? Yo‘q. Hozir uyalishyaptimi? Yana yo‘q.
– Ukrainadagi urushni sof imperialistik urush deb atab, uyat hissi yo‘qligini shu bilan izohlash mumkinmi? Axir bu urush XXI asrda, mutlaqo boshqa axborot makonida bo‘lmoqda, Rossiya yadroviy shantaj qilyapti, boz ustiga u urushdan maqsadini hanuzgacha jamiyatga jo‘yaliroq tushuntirgan emas. Nahot bu urush o‘tmishning imperialistik urushlariga o‘xshasa?
– Kontekst, albatta, doim o‘zgaradi. XIX asrdagi Jazoir istilosi bilan XX asrda Jazoirning mustaqillik uchun urushi orasida farq bor. Unisi ham, bunisi ham Ukrainada bo‘layotgan urushdan boshqacha. Ammo tamal strukturaviy omillar o‘sha-o‘sha: Rossiya qo‘shinlari milliy tarkibidan tortib harbiy bloklar o‘rtasida ta’sir doiralarini bo‘lib olish masalasiyu tashqi o‘yinchilar (AQSH, YI, Xitoy) ishtiroki hamda Yekaterina II ning Qrim va Sharqiy Ukrainaga bosqinchilik yurishini esga olishlargacha. Tarixchi sifatida men uchun bu imperialistik urush markerlaridir.
– Har holda Bucha va Mariupolda bo‘lgan voqealarni Jazoirdagi imperialistik urushlar bilan taqqoslash to‘g‘rimi? Axir Ukrainadagi urush – qardosh xalq ustiga bosqin-ku...
– “Qardosh xalq” bu termin emas, romantik natsionalizm davridan qolgan va til, umumiy din, bir davlatda yonma-yon yashaganlik kabi prinsiplar bilan bog‘langan insonlar guruhlarining qarindoshligini anglatuvchi metaforadir. Ayni nuqtayi nazardan u manipulyatsiyadan boshqa narsa emas, buni mazkur metaforani Rossiyaning rus bo‘lmagan xalqlariga nisbatan qo‘llab ko‘rish orqali oppa-oson tekshirsa bo‘ladi. Xo‘sh, ukrainlar bilan yoqutlar qardoshmi? Ruslar bilan yoqutlar-chi? Ukrainlar, ruslar va tatarlar-chi? E’tiborlisi, Ukraina bu metaforani ishlatmaydi, qachondir ishlatishi ham dargumon.
– Yaxshi, imperiya xalqlari uyalmasa uyalmasin. Ammo Rossiya jamiyatining uyatga munosabatini belgilab beruvchi o‘z spetsifikasi bordek tuyulmaydimi sizga? Rossiyaliklarda uyat hissini o‘ldirish ustida o‘nlab yillar ish olib borilmadimi? Bir asrlik qashshoq kommunal hayot, qatag‘onlar, zo‘rlik va chaqimchilik sovet va postsovet kishisining uyatini yeb bitirmadimi?
– Hokimiyat hech qachon uyat hissini o‘ldirishga urinmagan. Aksincha, ijtimoiy nazorat maqsadida uyat atay rag‘batlantirilgan. Sovet fuqarolarining, ayniqsa ayollarning jinsiy jozibadorligi qanday nazorat qilinganini eslang. Igor Kin bu haqda “Oq qayindagi qulupnay” nomli kitob yozgan. Umuman, SSSRdagi ayollar tarixini o‘rgangan barcha mualliflar sovet olimlari va doktorlar nikohdan tashqari aloqalar va homiladorlikdan uyalish hissisini o‘sdirganini qayd etganlar.
Davlat zo‘ravonligi bilan uyat madaniyati o‘rtasida bog‘liqlik bor, lekin u sabab-oqibat bog‘lanishi emas, ushbu vektor hech qachon utni o‘ldirishga qaratilmagan edi. Chet elliklar xalqqa “bodi, quruq” ko‘rsatilganini yodga olaylik. Bularning bari sovet hayotining nomatlub taraflarini ko‘rsatish milliy sharmandalikka aylanib ketishini o‘ylab, qilingan. Shuning uchun ham xorijga safarlar oldidan odamlarni chaqirib, zinhor sovet kishisining ma’naviy qiyofasini sharmanda qilma, deb qattiq tayinlaganlar. Bu jumla shu qadar sovetchaki, inglizchaga o‘girish deyarli imkonsiz. Xullas, sovet davrida uyat hissi atrofiya bo‘lgan deb aytish qiyin.
– Postsovet davrida-chi? Putin hukumati yillar davomida jamiyatni buzdi, hamma narsa sotish va sotib olish mumkin, deb odamlarning qulog‘iga quydi va buni isbotladi ham. Bu buzilish uyat hissiga ta’sir qilmadimi? Balki shuning oqibatida bugun hech kim o‘g‘li yoki erini urushga yuborish uchun davlatga sotishga uyalmayotgandir? Qo‘rqitish siyosati, propaganda ham qo‘rquvni yo‘qotishga xizmat qilmaydimi? Deylik, hozir Rossiyada televizorlar o‘chirilib, “tobut puli” to‘lash va erkaklarni urushga haydash to‘xtatilsa, ehtimol, hamma imperiya uchun urushishni esidan chiqarardi...
– Vaziyat murakkabroq deb qo‘rqaman. Savolingiz uyatni his etish tabiiy tuyg‘uligini nazarda tutadi, rostdan ham shunday, ammo faqat individual vaziyatlar uchun. Agar biz jamoaviy his haqida gapiradigan bo‘lsak, – millat uchun uyalish aynan jamoaviy his sanaladi, – u doimo tarixiy mahsulot bo‘lgan. Milliy uyat faqat XIX asrning romantik millatchiligi bilan birga paydo bo‘ladi. Na antik davrda, na o‘rta asrlarda va na hatto Yangi davrda millat uchun uyalganlar, chunki millatlarning o‘zi bo‘lmagan.
Biron emotsiya, ayniqsa uyat kabi kompleks emotsiya ijtimoiy ko‘lamda ta’sir qila boshlashi uchun katta tayyorgarlik ishlari zarur. U stixiyli tarzda, ya’ni o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Tarixda uyat stixiyali paydo bo‘lganiga misollar yo‘q. Milliy uyat bu konstuksiyasi ko‘psonli faollar tomonidan yaratiladigan hissiyotdir. Odatda ular bu ishni publitsistik matnlar va nutqlar chiqarish orqali amalga oshiradilar, shu yo‘l bilan – oldida uyalish mumkin bo‘lgan muayyan tashqi figura yoki auditoriya shakllantiriladi. Bu xalqaro hamjamiyat, “kelajak avlodlar” yoki boshqa axloqiy avtoritet bo‘lishi mumkin.
Milliy uyat mustamlakachilik siyosatiga sezilarli affektiv reaksiya bo‘lganiga oid atigi ikkita holat bor. Birinchisi 1990-yillar oxiri – 2000-yillar boshida Avstraliyada kuzatilgan. Konservativ hukumat genotsid uchun aborigenlar oldida uzr so‘rashdan bosh tortgandi. Shunda so‘l partiyalarga mansub faollar “uzr kitoblari”ni nashr qila boshlashadi. Ijtimoiy safarbarlik uchun uyat hissidan foydalanadilar, oldida uyalish kerak bo‘lgan referent qilib xalqaro hamjamiyat tanlanadi – va ular o‘z maqsadlariga erishadilar: 2008-yilda leyboristlar hukumati Avstraliyaning tub aholisidan rasman kechirim so‘raydi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Ikkinchi holat 10 yilcha muqaddam Kanadada bo‘ldi. Ushbu holatda uyat hissi tarixiy haqiqat va yarashuv komissiyasi tuzilishida muhim omil bo‘lgan edi. Komissiya Kanada hukumati mamlakatning tub aholisi bilan qilgan ishlar genotsidning bir ko‘rinishi bo‘lganini tan oldi. Men aynan uyat hissi jamiyatni u yoki bu vaziyatga qarshi safarbar qilganiga boshqa misolim yo‘q.
– Unda nega Rossiya hukumati, masalan, Kurskdagi voqealar manzarasida uyat hissidan jamiyatni harbiy maqsadlarga safarbar qilish uchun foydalanmayapti?
– Harbiy muxbirlar “1941-yil tajribasiga qaytish kerak, xalq lashkari va o‘zini mudofaa qilish otryadlarini tuzish kerak” deb qachonlardan beri javraydi. Ya’ni milliy safarbarlik uchun yanada kuchliroq affektiv rejim yaatish istagi mavjud.
Davlat rostdan ham favqulodda holat e’lon qilib: “Mana silarga qurol, ko‘ngilli askarlikka yozilinglar”, deyishi mumkin edi. Urush boshlanganida Ukraina shunday qildi-ku. Biroq Rossiya hukumati ijtimoiy kayfiyat jilovini qo‘ldan chiqarishdan cho‘chiydi. Ko‘ngillilar qo‘lidagi qurol bir kun kelib Kremlga qaratilishidan qo‘rqadi. Nazarimda, mana shu, kuchli affektlarni nazorat qila olishiga ishonchsizligi tufayli Rossiya rahbariyati jamiyatni safarbar qilishning samarali usullarini qo‘llash tugul, urushni urush deb atay olmay kelmoqda. Ayni shu sababga ko‘ra, davlat hanuz “hammasi joyida, aytarli hech nima bo‘lgani yo‘q”, deb talmovsirab turibdi. Siyosat har qanday ijtimoiy silkinishga yo‘l qo‘ymaslikka yo‘naltirilgan. Hukumat hissiyotlarning safarbarlik salohiyatini biladi.
– Shunday bo‘lsa ham, loaqal istiqbolda uyat Rossiyada urushga qarshi harakatga asos bo‘lishi mumkinmi?
– Imperialistik urush sharoitida yuqori madaniy kapital va ijtimoiy fikrni shakllantirish qobiliyatiga ega shaxslardan boshqa hech kim jamiyatni javob qaytarishga da’vat qila olmaydi. OAVlar esa hukumatning nazoratida, ular hukumatga yoqmaydigan affektiv reaksiyalar paydo bo‘lishiga xalal beradi. Masalan, “Zimnyaya vishnya”da fojia ro‘y berganida yong‘in haqidagi lavha barcha federal kanallarda aylantirildi va xalq uni ko‘rib dahshatga tushdi. Ana shu narsa kerak. OAVlar ko‘magisiz hech qanaqa ommaviy affektiv reaksiya bo‘lishi mumkin emas.
– Rossiya rahbari OAVlarni nazorat qilibgina qolmay, har qanaqa muqobil fikr tashuvchilariga “xoin” va “chet el agenti” tamg‘asini bosadi. Bu ham affektiv reaksiyadan qochishmi?
– Albatta. Menimcha, affektiv suverenitetga o‘xshagan bir narsani yaratishmoqchi. Ya’ni RF chegaralari doirasida keng sotsial affektlar qo‘zg‘atiladigan bo‘lsa, faqat davlat nazoratidagi arboblar va axborot manbalari qo‘zg‘atsin. Ulardan boshqa milliy yoki hududiy ko‘lamda affekt reaksiyasini keltirib chiqaradiganlar esa davlatdan ihota qilinadi.
Bu yerda yana bir muhim jihat bor: Ukrainaga bosqindan so‘ng G‘arb darhol o‘zini Rossiyadan chetga oldi. Ya’ni uzoq vaqt Rossiyada ko‘pchilik ehtirom qilgan tashqi kuzatuvchi, oldida uyalish mumkin bo‘lgan subyekt, o‘z xatti-harakatlari bilan Rossiya fuqarolariga “endi sizlarni ko‘rishni xohlamayman” dedi. Bir odam sizni ko‘rishni istama, uning oldida uyat hissini tuyasizmi? Yo‘q, albatta.
Dam olish kunlari Fransiya yoki Germaniyaga uchishga odatlangan ko‘p rossiyaliklar o‘zlarini G‘arb jamiyatining bir qismi deb bilardi. Hamma yo‘llar to‘silgach, qanaqa uyat haqida gapirish mumkin? Takror aytaman: milliy uyat hissini shakllantirish uchun oldida uyalish mumkin bo‘lgan odam kerak. Barcha ilmiy tadqiqotlar ushbu emotsiyaning vizual tabiatini yaqqol ko‘rsatib turibdi. Agarda tashqi kuzatuvchi yuz o‘girsa, uyat hissi paydo bo‘lishi uchun zarur ramziy vizual kontakt yo‘qoladi.
– Rossiya butkul yakkalab qo‘yilgan emas, odamlar chet elga chiqishda davom etishyapti. Ulardan ko‘pchiligi rossiyalikman deyishga or qilishini tan oladi. Demak, ko‘plab vatandoshlarimiz uyalishar ekan-da, harqalay?
– Mazkur holatda uyat – g‘ayriixtiyoriy reaksiya. To‘laqonli urush boshlanganidan keyin ham Rossiyada pinak buzmay yashab yurgan va davlatining ishlaridan or qilmagan kishi xorijga chiqqach, o‘z milliy yoki fuqaroviy mansubiyatini ochiqlashi kerak bo‘lgan paytda uyatni his etishi mumkin. Rossiyada esa, hatto chet elga chiqish pasporti yo‘q minglab yurtdoshlaring orasida affektdan qochish juda oson. Seni millating uchun uyalishga chaqirayotganlarni chet el agenti deb e’lon qilasan, vassalom – uyat hissi senga yo‘lamaydi.
Millatni uyalishga chaqirish uchun yuqori madaniy kapital egasi bo‘lishning o‘zi yetarli emas. Ushbu kapital jamiyat tomonidan tan olingan bo‘lishi kerak. Uni tan olishmasa, seni xoin yoki chet el agenti deb e’lon qilishsa, u holda uyatning safarbarlik funksiyasini qo‘llab bo‘lmaydi. Davlat ham buni sezadi, shu bois u nafaqat OAVlarni nazorat qilish bilan birga, jamiyatni safarbar qilishning affektiv shakllaridan foydalanishi mumkin bo‘lgan kishilarni yomonotliq qilishga intilmoqda.
– Ammo axborotni butunlay bo‘g‘ishning imkoni yo‘q-ku baribir. Rossiya armiyasi Ukrainaning onkologik xasta bolalar yotgan shifoxonasiga bomba tashlagani ma’lum bo‘lganida bu loaqal oz-moz vijdoni bor odamlarda uyat hissini uyg‘otishi kerak-ku?
– Kimdadir – ha, kimdadir – yo‘q. Bilasizmi, bu yerda uyatni individual emotsiya va jamoaviy emotsiya sifatida farqlash joiz. Individual emotsiya shaklidagi uyat muhim subyektiv ta’sir ko‘rsatadi, ammo u siyosiy harakatga aylana olmaydi.
Uyat siyosiy harakatga evrilishi uchun esa ijtimoiy tuzilma, masalan, partiya zarur. Har qanday siyosiy emotsiya zarur struktura bo‘lganidagina tashkiliy kuchga aylanadi. Nega Avstraliyada uyat sotsial safarbarlik shakli bo‘la oldi? Chunki u yerda leyboristlar partiyasi ushbu emotsiyani instrumentlashtirdi. Kanadada esa tub xalqlarga munosabat bo‘yicha tarixiy siyosatning genotsid deb tan olishida liberallar va sotsial-demokratlar muhim rol o‘ynadilar. Mamlakatda zarur siyosiy tuzilma yo‘q ekan, uyat “ishlamaydi”, chunki uyatning individual reaksiyasini “o‘raydigan” vosita bo‘lmaydi. Uyingizda xohlagancha uyalishingiz mumkin, lekin ko‘chaga chiqqaningizda avvalgi hayotga qaytasiz. Bu muxolifatni izchillik bilan quritgan Rossiya davlatining “sharofati”.
Bu yerda Rossiya muxolifatining ham aybi bor. Rus muxolifati Rossiyaga imperiya deb qaramaydi. Ukrainada urush boshlangunicha muxolifat OAVlarida, masalan, Rossiyaning Markaziy Osiyo munosabatlari problematikasi yoritilgan bironta matnni ko‘rganim yo‘q. Aksincha, “buyuk davlatchilik shovinizmi” hidi kelib turgan maqolalar chiqardi nuqul. G‘arb Rossiyadan qanchalik kuchli bo‘lsa, Rossiya ham Markaziy Osiyo mamlakatlaridan shuncha ustun, degan qarash Rossiya muxolifati siyosiy tafakkuriga chuqur singgan.
– Biz “relokant” deb ataydigan odamlarning aksari Ukrainaga qarshi urush boshlanganidan so‘ng aynan uyat hissi sababli Rossiyani tark etganlarini aytishadi...
– To‘g‘ri, ammo bu odamlar aholining necha foizini tashkil qiladi? Juda kam. Relokantlar juda kichik ijtimoiy guruh. Ketganlarning asosiy qismi yuqori madaniy kapitalga va aloqalarga ega, tillarni biladigan odamlar edi. Ularning ko‘pi Rossiyada yaxshi yashardi. Mamlakatdan ketgach, karyera, pul va qator ne’matlardan mahrum bo‘lishdi. Ular begona mamlakatda Rossiyadagidek farovon yashay olmasliklarini tushunardilar... Lekin baribir ketishdi, boshqacha bo‘lishi mumkin emasdi. Nega? Chunki bu affekt. Sen affektni emas, affekt seni nazorat qiladi. Aynan shuning uchun hamma undan siyosiy maqsadlarda foydalanishga intiladi.
Rossiya madaniyatining fransuz, britan yoki amerika madaniyatidan farqi shundaki, uzoq yillardan beri “sizlar sivilizatsiya jihatidan qoloqsiz, barkamol emasiz, shu bois G‘arbdan ulgi olishingiz kerak”, deb rossiyaliklarning qulog‘iga quyib kelishdi. Bu narsa istalgan rossiyalikning ongostida bor, hatto o‘z davlatining xatti-harakatlaridan uyalmaydiganlarda ham. Nazariy jihatdan bu siyosiy safarbar qiluvchi emotsiyaga aylanishi mumkin. Shuning uchun Rossiya davlati hissiyotni uyg‘otishga qodir odamlar va tuzilmalarni yomonotliq qilish bilan birga, G‘arb oldida uyalish hissini tubdan qirqishga zo‘r berib harakat qilmoqda.
Bugungi kunda Rossiyada Yevropa mamlakatlari ham, AQSH ham ko‘plab bosqinchilik urushlarini olib borgani haqda rosa gapirishadi. Rostdan ham shunday. G‘arbda qo‘li tirsagigacha, hatto yelkasigacha qonga botmagan davlat yo‘q hisobi. Bu kashfiyot emas, tarixiy ma’lumot. Bu gaplardan maqsad esa G‘arbning sivilizatsiya o‘laroq o‘rnak – namuna ekani haqidagi g‘oyani parchalashdir.